Talabalar terrorizmga qarshi

2019-08-12T11:53:46+05:0016 April, 2019|Umumiy yangiliklar|

Dunyo mamlakatlarida hozirgi davrda terrorizm xavfi tobora o‘sib borayotganligi sir emas. Turli oqimlar bilan bog‘liq tajovuzkorlikning ko‘payishi barobarida ularning fuqarolarga, ayniqsa yoshlarga jiddiy ta’sirining orta borishi eng jiddiy muammolardan hisoblanadi.

Eng ayanchlisi, yoshlarni o‘z saflariga aldov yo‘llari bilan chorlash, bunda terroristik guruhlar tomonidan zamonaviy axborot kommunikatsiya tarmoqlaridan, xususan ijtimoiy tarmoqlardan foydalanilishi masalasi ham borki, ularga qarshi kurashda ommaviy axborot vositalarining roli har qachongidan ham ortib bormoqda..

Shu maqsadda 2019 yil mart-aprel oylarida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakulteti talabalari hamda Qoraqalpoq davlat universiteti jurnalistika ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun “Terrorizmga qarshi kurashda ommaviy axborot vositalarining roli”deb nomlangan treninglar bo‘lib o‘tdi.

– “Men ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarining terrorizmga qarshi kurasha olishi yoki uning oldini olishiga hissa qo‘shishi mumkinligi to‘g‘risida oldin umuman eshitmagan edim. O‘tkazilgan trening chog‘ida bu borada atroflicha ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Demak, yosh jurnalistlar tengdoshlarimizni turli tarmoqlarda uchrab turadigan yot g‘oyalarga aldanib qolmaslikka undashimiz darkor. Biz barchamiz, ya’ni O‘zbekiston talabalari terrorizmning har qanday ko‘rinishiga qarshimiz. Yurtimiz har doim bugungidek tinch bo‘lishini istaymiz” – deydi O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi Nafosat Sultonova.

– “Yoshlar uchun terrorizmning asl mohiyati va muddaosini anglash, shuningdek, uning jirkanch qiyofasini tasavvur qilish, bu borada kerakli bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lish juda muhim hisoblanadi, deydi Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi Shahnoza Perdebayeva. Negaki biz universitetda o‘qish bilan birga ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda o‘zimizning ilk ijod namunalarimiz bilan qatnashishga harakat qilamiz. Shu sababdan eng muhim va dolzarb muammolar haqidagi maqolalarimiz bilan faol bo‘lish harakatida bo‘lamiz. Terrorizm muammosi esa hozirgi davrda butun dunyoda, shuningdek Markaziy Osiyoda eng jiddiy masalalar qatorida turganligini o‘tkazilgan treninglardan bilib oldik. Unga qarshi tegishli tashkilotlardan tashqari keng jamoatchilik vakillari, yoshlar va ommaviy axborot vositalari birgalikda kurash olib borishlari kerak, deb o‘ylayman”.

Ma’lumotlarga qaraganda, dunyo bo‘yicha 2017 yil 65 nafar jurnalist favqulotda vaziyatlar qurboni bo‘lgan. Shundan 60 foizi voqea joyida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir tayyorlash jarayonida halokatga uchragan.

Treningda terrorizmga oid voqea-hodisalarni yoritishda jurnalist amal qilishi kerak bo‘lgan majburiyatlar haqida zarur ma’lumotlar berildi. Qonli sahnalarni, iloji boricha, ko‘rsatmaslik va xulosa bermaslik, voqeani haqqoniy yoritish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Jurnalist hissiyotga berilmasligi kerak ekanligi ta’kidlab o‘tildi.

QQDU Jurnalistika kafedrasi mudiri Zlixa Orazыmbetovaning qayd etishicha, universitetda bir necha yildan buyon yosh jurnalistlar ijodiy klubi faoliyat olib bormoqda. Unda universitetda boshqa yo‘nalishlarda, hatto tabiiy fanlar mutaxassisliklarida o‘qiyotgan, biroq jurnalistika sohasiga qiziqadigan iqtidorli talabalar ham bor.

– “Bu kabi seminar-treninglar yoshlarimizni terrorizmga qarshi kurashda ommaviy axborot vositalarining tutgan o‘rin va ularning ahamiyatini tushunib olishlarida juda katta ahamiyat kasb etadi. Bu yo‘nalishda ijod qilishning o‘ziga xos jihatlarini o‘rganib olishlariga yordam beradi”.

Bo‘lib o‘tgan treninglardan ko‘zlangan maqsad bo‘lg‘usi jurnalistlarning ekstremizm va terrorizm mavzuini yoritishdagi bilim va salohiyatini oshirish, yoshlar auditoriyasini ko‘proq qamrab olish uchun ilg‘or multimedia texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirish, ommaviy axborot vositalari yordamida ma’lum tahdidlar, radikallashish va ekstremizmni har qanday ko‘rinishiga nisbatan fuqarolarning jamoatchilik nazoratini kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.

O‘zbekistonda xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik masalalari Mamlakatni rivojlantirish harakatlar strategiyasida belgilangan bo‘lib, bu o‘z navbatida butun jamiyatning birgalikdagi sa’y-harakatlarini jadallashtirishni talab etadi. Shu o‘rinda radikal ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Media bugun jamiyat bilan muloqot muhitini yaratishi va bu orqali har bir yoshlarni hushyorlikka chorlashi hamda atrofimizda sodir bo‘layotgan voqealarga befarq bo‘lmaslikka, xavfsizlik masalalarida huquqni muhofaza qilish organlari uchun imkon doirasidagi yordamini berishga undashi lozim. – deydi, Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi treneri Beruniy Alimov. – Ommaviy axborot vositalari materiallari jamoatchilik fikrini shakllantiradi. Shunday ekan, jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirish, jumladan, davlatning radikalizmning oldini olishga qaratilgan tadbirlarda aholini, ayniqsa yoshlarning ongli ishtirokini faollashtirishga ko‘mak berish bizning muhim vazifalarimizdan hisoblanadi.Mazkur ixtisoslik bo‘yicha yosh jurnalistlar tomonidan tayyorlanayotgan maqolalarning sifatini oshirish va ularni xalqaro standartlarga munosib kelishini ta’minlash uchun ko‘tarilayotgan mavzuni yoritilishiga oid o‘ziga xos jihatlari o‘zlashtirishi kerak. Jumladan, zamonaviy multimediya texnologiyalari, axloq normalari va xalqaro tajribani o‘rganish foydadan xoli bo‘lmaydi.

Treninglar O‘zbekiston Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari kordinatori idorasi ko‘magida amalga oshirildi.

Markaz trenerlari soha mutaxassislari bilan hamkorlikda “Ommaviy axborot vositalarida zo‘ravon ekstremizm, radikalizm va terrorizm masalalarining yoritilishi: nazariya va amaliyot” nomli o‘quv qo‘llanmani nashrga tayyorladilar. Ushbu o‘quv-amaliy qo‘llanma jurnalistlar, soha tadqiqotchilari, oliy ta’lim muassasalarining jurnalistika fakultetlari talabalariga mo‘ljallangan bo‘lib, unda terrorizmga olib keluvchi tajovuzkor ekstremizm va radikalizmga (TOKTER) qarshi kurash jarayonida ommaviy axborot vositalarining ishtiroki xususida ma’lumotlar hamda ushbu mavzuda jurnalistik materiallar tayyorlash yuzasidan amaliy tavsiyalar beriladi.

O‘zA