Orzuga ayb yo‘q

2019-08-12T11:53:47+05:0015 April, 2019|Umumiy yangiliklar|

Diplomli jurnalist bo‘lishni niyat qilgandim. Muayyan sharoit sabab universitetda o‘qish nasib etmadi. Lekin tinmay o‘qib, o‘rgandim. Yozdim. Orzuyim sari birinchi qadam qo‘yishimga “Ma’naviyat gulshani” gazetasi tayanch bo‘ldi. Meni muxbir sifatida tahririyatga ishga taklif etishdi va hayotim butunlay o‘zgarib ketdi. G‘ayrat bilan ishlashga kirishdim.

Oradan besh yil o‘tdi. Bu orada o‘quv mashg‘ulotlari, seminarlar, mahorat saboqlari… Qo‘yingki, muxbirning qalami charxlanishi uchun neki zarur bo‘lsa, hammasini o‘rganishga tirishdim. Intilishlarim zoe ketmadi. Tahririyatimiz jamoasi gazetada chop etilgan bir turkum bitiklarimni «Inson huquqlari – jurnalist nigohida» respublika tanloviga taqdim etishni lozim topdi. Buni qarangki, men poytaxtimizdan ona shahrim Termizga mazkur ijodiy musobaqaning diplomu estalik sovg‘alari bilan terimga sig‘may qaytdim. Ijodkorni, umuman, insonni mehnat qilish, o‘qish, o‘rganish, izlanish sari rag‘batlantirishdan ulug‘roq savob ish bormi! Mamlakatimizda ushbu masalaga davlat siyosati darajasida doimiy e’tibor qaratilayotgani, bunday g‘amxo‘rlikning muhim yo‘nalishida minglab ijodkorlarni o‘z safiga birlashtirgan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi sobit turganligi naqadar quvonchli.

Yashirib nima qildim, kuni kelib chekka hududda yashovchi mendek oddiy gazetachiga ham «Oltin qalam» Milliy mukofotini olish va bunday ulkan rag‘batdan boshi osmonlarga etib yurish, umrini o‘zi sevgan kasbi-koriga, ijodiga bag‘ishlash nasib etar. Aytadilar-ku, general bo‘lishni orzu qilmaydigan askarning loyi xom, deb.

Mastura HAMROEVA,

jurnalist.