Har lahzada mazmun bor

2019-08-12T11:53:49+05:0012 April, 2019|Umumiy yangiliklar|

Bu gaplarga hash-pash deguncha 43 yil bo‘libdi. Biz endi jurnalistika olamiga qadam qo‘ygan paytlarimiz “Qishloq haqiqati” (hozirgi “Qishloq hayoti”) gazetasi tahririyatida haftalik letuchka bo‘lyapti. Kamina sharhlovchi sifatida gazetada bosilib chiqqan Andijon viloyati muxbiri Abdumutalib Abdullayevning ocherki haqida so‘z yurityapman: “Ushbu ocherk shu qadar puxta yozilganki, uni tayyorlash jarayonida bitta ham nuqta-verguliga qo‘l tekkizmadik”.

Yig‘ilish tugagandan so‘ng tahririyatning tajribali jurnalistlaridan biri Ziyovuddin aka Oripov menga tanbeh berdi:

— Siz bu gapni bir aytdingiz, boshqa gapirmang.

— Nega, ko‘nglimdagi gapni aytuvdim…

— Agar bitta ham nuqta-verguliga qo‘l tekkizmasangiz, bu yerda nima qilib o‘tiribsiz?

O‘ylab qoldim. Bizdan ko‘ra hayotni ko‘p ko‘rgan, suyagi shu sohada qotgan insonning e’tirozini qabul qildim. Lekin baribir Abdumutalib Abdullayevning keyingi maqolalaridan ham olam-olam zavq olardim. Shu orada jurnalistning “Shapka”ning egasi kim?” degan maqolasi chiqdi. O‘sha davr­ga xos bo‘lgan illat­ — noyob tovarlarga “shapka” qo‘yib sotish haqida aniq manzilli chiqish ancha shov-shuvga sabab bo‘ldi. Abdumutalib Abdullayev mashhur bo‘lib ketdi. Yana bir-ikki yil o‘tgach, muxbirimiz Andijon viloyat obkomiga ishga o‘tdi.

— Tabriklaymiz, ko‘tarilibsiz, — dedim ko‘rishganimizda.

— Aslo ko‘tarilganim yo‘q. Men uchun gazetada ishlash zav­qi bo‘lakcha. Ustozim Sobir Shokarimovning taklifiga yo‘q deyolmadim. Jurnalistning obro‘yi viloyatimizda yuqori sanaladi. Yaqinda viloyat miqyosida katta tantanali tadbir bo‘lganda viloyat muxbirlariga alohida taklifnoma berildi. Biz chekkada qoldik. Baribir ijodiy ish ijodiy-da.

Shunday qilib, Abdumutalib Abdullayev o‘z aqidasiga sodiq qoldi. Boshqa nashrlarning muxbirligidan tashqari, turli yillarda ikki marta viloyat gazetasida bosh muharrirlik lavozimida ishladi. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist unvoniga sazovor bo‘ldi. 2006 yilda “Oltin qalam” xalqaro tanlovining “Milliy matbuotga qo‘shgan samarali hissasi uchun” nominatsiyasining ilk sovrindori bo‘ldi.

— Abdumutalib aka viloyat gazetasida bosh muharrirlik qilgan paytlari xizmat safari bilan Andijonga borganda, albatta, u kishining huzuriga kirardim, — deydi jurnalist Dilmurod Qirg‘izboyev. — U kishi rejamiz haqida qiziqib, to‘g‘ri maslahat berardi. Viloyatdagi vaziyatni kaftdagidek aniq ko‘rib turardi.
Hamkasblarga ko‘mak berish orqali maqsad sari harakatga sur’at baxsh etardi.

Publitsistik maqolalar, ocherklar ketma-ket to‘plam shaklida kitob bo‘lib chiqa boshladi. Dastlab “Ko‘ngil tinchirmidi?”, “Muhabbatdan so‘z ochma menga” sarlavhali kitoblar ma’naviy-ma’rifiy mavzularda yozilgan bo‘lsa, keyinroq “Siyratga sayr”, “Dunyoning kaliti”, “Alushtaning ertagi”, “Ishqqa davo yo‘q” kitoblari ijodkor so‘zining yillar mobaynida takomilga yetishini ko‘rsatdi. Jurnalist hayotning turfa xil manzaralarini qalamga olar ekan, yirik janrlarga ham murojaat etdi. Chunonchi, “Umrki, bir sinoat” hujjatli qissasi tibbiyot sohasidagi fidoiy zamondoshimiz intilishlarini yoritsa, “Movarounnahr” nashriyotida chop etilgan “Qaqnus” sarlavhali kitobi inson e’tiqodining ezgu mevalari haqida hikoya qiladi. Shuningdek, “Yigit yig‘lamasin”, “Muhabbat maktublari”, “Andijonnoma” muto­yibalari” kabi kitoblar ham kitobxonlarga manzur bo‘ldi.

Mehnat faoliyati davomida ko‘plab yoshlarga ustozlik qildi. Uning ustoz-shogirdlik masalasida o‘z qarashlari bor.

— Agar naqqosh o‘z shogirdiga mahorat sirlarini o‘rgatmoqchi bo‘lsa, shaxsan muloqotda bo‘lishi, ilk daqiqadan noyob buyumlar yasashgacha ko‘rsatishi kerak. Bizning sohada qanday? Qog‘ozga qalamni qanday yuritish kerakligini ko‘rsatmaymiz-ku. Men o‘zim ixlos qo‘ygan ustozlarimni hayotda ko‘rmagan bo‘lishim mumkin, shogird sifatida ularning asarlarini sinchiklab kuzatish orqali yozishni o‘rganib kelganman. Ijodning ilohiyligi shundan.

Agar shunday mezon bilan yondashadigan bo‘lsak, Abdumutalib Abdullayev yarim asrlik ijodiy faoliyati davomida qanchalar yosh qalamkashlarga namuna bo‘ladigan asarlar yaratdi.

Qahramonimiz qaysidir yili viloyatning chekka xududlaridan birida kichik bir janjalning ustidan chiqadi. Nima gap, deb qiziqsa, oddiy bir odam xo‘jalik rahbari adolatsizligidan norozi bo‘lib turgan ekan.

— Ustingizdan shikoyat yozaman-da, Andijonga, to‘g‘ri Abdumutalib Abdullayevga arz qilaman.

— Siz u odamni taniysizmi? — so‘rashdi arzchidan.

— Yo‘q, ko‘rishmaganmiz, lekin yozgan maqolalaridan nihoyatda haqiqatparvar odamligi ko‘rinib turadi.

— Axir, manovi odam siz ayt­gan Abdullayevning o‘zi-ku…..

Ul odam bu yerga kelgan mehmonga qarab:

— Yo‘g‘-e, bu kishining gavdasi ushoqqina-ku, men bilgan Abdullayev basavlat, baland bo‘yli bo‘lishi kerak.

Abdumutalib Abdullayev masalani joyida o‘rganib, adolatni tiklashga yordam berdi. Bu haqda tahririyatga shikoyat yozishga hojat qolmadi.

— Ijodda mahoratni har kim o‘zicha kashf qiladi, — deydi suhbatdoshimiz. — Xalqning qalbiga yoqadigan qilib yozish kerakligi haqida ko‘p aytishadi. Buning uchun xalq bilan hamnafas bo‘lish kerak. Yaqinda Xo‘jaoboddan Andijonga qatnaydigan avtobusga o‘tirdim. Odamlar suhbatiga quloq tutsam, naqd hayotning o‘zi namoyon bo‘ladi. Bir kishi sherigiga aytyapti: “Besh qo‘lini, hatto o‘n qo‘lini og‘ziga tiqqan odamda insof nima qiladi. Bittasi o‘n qo‘liga qanoat qilmay, oyog‘ini ham tiqqanida muvozanatini yo‘qotib, ag‘anab tushdi”. Shunday ma’noli so‘zlar faqat xalq­dan chiqadi.

— Xalqimizning matbuotga e’tiqodi yuksak, — deydi u. — Ana shu ishonchni oqlash uchun elning dilidagi gaplarni yozishimiz kerak. Qo‘lga qalam olib, qog‘ozni qoralar ekanman, bu so‘zlarga oddiy odamlar ishonadimi, yo‘qmi, deb o‘ylayman.

— Bu yilgi nashrlarga obuna qilishda murakkabliklar uchradi. Bu haqda qanday fikr­dasiz? — deb so‘raymiz hamkasbimizdan.

— Bilmadim, majburiy obuna kerak emas, deganlar ixtiyoriy obunani ham yo‘qotdilar. Qarang, majburiy ta’lim bor. Nega obunani targ‘ib qilish mumkin emas. Aslida, matbuot degani targ‘ibot degani-ku?

Har bir ijodkorning tanlagan mavzui, doimiy e’tiboridan kelib chiqib, ijodiy tamo­yili bo‘ladi. Abdumutalib Abdullayev qalamidan yaralgan satrlarni kuzatsangiz, Vatan mavzusi alohida diqqatingizni jalb etadi. Publitsistik chiqishlarida Vatanga muhabbat tuyg‘usi yorqin aks etadi. Nafaqat Vatan nomini ulug‘lab el ichra mashh­ur bo‘lgan shaxslar, balki Vatandan ayro tushib, tug‘ilgan tuprog‘iga zor-intizor yashayotgan odamlar kechmishini yoritishda ham o‘sha aqida ajib ma’no beradi. Ijodkorning “To‘ymi yoki tomosha” va “Andijonda nega ajralishlar ko‘p?” sarlavhali maqolalari ayrim mutasaddilarni bezovta qilsa-da, gazetxonlar tomonidan qizg‘in kutib olindi.

Yetmish yosh inson hayotida bosib o‘tgan yo‘lga nazar tashlash pallasi. Agar Abdumutalib Abdullayev o‘z ijodiy yo‘lini ko‘z oldiga keltirsa, zarracha xijolatda qolmaydi. Bunga ijodkorning mehr bilan yaratgan obrazlari, kitob­larda bitilgan siymolarning prototiplari guvoh bo‘ladi. Hayotning har lahzasidan ma’no-mazmun izlayotgan hamkasbimizga kuch-g‘ayrat, ijodiy parvozlar tilaymiz.

Shuhrat JABBOROV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.

Suratda: Abdumutalib Abdullayev (o‘ngda) hamkasblari davrasida.