«OLTIN QALAM»: ijod, ilhom va yuksalish omili

2019-08-12T11:53:51+05:0010 April, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘n yil muqaddam, «Xalq so‘zi» gazetasida bo‘lim mudiri sifatida ishlab yurgan kezlarimda, mazkur tanlovning matbuot yo‘nalishida birinchi o‘ringa loyiq topildim. Mukofotni topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosimda boshlovchi: «Vatan tuyg‘usi, milliy meros va milliy qadriyatlar mavzularidagi maqolalari uchun» deb ism-familiyamni e’lon qilganida, hayajondan titrab ketganim yodimda. Vatan ham, milliy qadriyatlarimizu beboho merosimiz ham bizning kimligimizni, zimmamizdagi farzandlik mas’uliyati va burchini mudom anglatib, ko‘rsatib turguvchi beboha inoyatdir.

O‘tgan yillar davomida ulkan e’tirofu rag‘batdan ilhomlanib istiqlolimiz, azaliy udumlarimiz, mehr-oqibat, san’atimizning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatiga bag‘ishlangan o‘nlab maqolalar yozdim. Suhbatlar uyushtirdim. Materiallarim xususida ustozlar, hamkasblar, tanishu notanishlar, gazetxonlardan iliq so‘zlar eshitdim. Taklif va e’tirozlarni ham e’tiborimdan chetda qoldirganim yo‘q.

Shukr deyman. Doim o‘qib, o‘rganish harakatidaman.

Biz, jurnalistlar davlatimiz rahbarining: «Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash—odamiylikning eng oliy mezonidir» degan fikrlarini qalbimizga joylab, el-yurt manfaati yo‘lida astoydil mehnat qilsak, aslo kam bo‘lmaymiz. Vatanimiz ravnaqiga nimalar to‘siq bo‘lyapti: bu haqda yozish, yozganda ham ulkan mehr, shijoat, dadillik, xolislik va samimiyat bilan qog‘ozga tushirish vazifamizdir.

Maqsud JONIXONOV,

«Jamiyat» gazetasi bosh muharriri.