Adolat – davlatning asosi va hukmdorlar shioridir

2019-08-12T11:53:51+05:009 April, 2019|Umumiy yangiliklar|

Poytaxtimizdagi Amir Temur xiyobonida Sohibqiron tavalludining 683 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Bugun ham Sohibqironning mardlik, jasorat, adolat, tadbirkorlik, vatanparvarlikka yo‘g‘rilgan ezgu fazilatlari Prezidentimiz yuritayotgan siyosatda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan katta islohotlarda namoyon bo‘lmoqda. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Buyuk sohibqiron Amir Temur bobomiz Oqsaroy peshtoqiga “Adolat – davlatning asosi va hukmdorlar shioridir”, degan hikmatli so‘zlarni yozdirgani bejiz emas, albatta. Ushbu ulug‘vor g‘oya inson qadr-qimmatini oliy darajaga ko‘tarish borasidagi amaliy harakatlarimiz poydevoriga aylandi.

Tadbirda Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari Temur avlodi ekanini isbotlab, o‘z mahartlarini namoyish etdi.

– Bugun mamlakatimizda katta bayram. Sohibqiron tavalludi kuni. Davlatchilik sohasida u kishiga teng keladigan inson bo‘lmagan. Adolatli, ma’rifatli jamiyat qurgan. “Kuch – adolatda!” deb bejiz aytmagan, – deydi tarix fanlari doktori O‘ktam Mavlonov. – Manbalarga qarasak, u juda talabchan, qattiqqo‘l bo‘lgan deyiladi. Ammo zulm qilmagan.

Bugun Prezidentimiz yurtimizda katta islohotlar qilmoqda. Biz bobokalonimiz yo‘lidan borayapmiz. U dunyoda rahmdillikdan, mehribonlikdan boshqa sifat yo‘q degan.

Yurtimizda Temur avlodlariga ehtiyoj bor. Shu sababli yoshlarga katta e’tibor berilmoqda.

Tadbirda Amir Temur haykali poyiga gullar qo‘yildi.

X.Qodirov, T.Mamadaminov (surat), O‘zA