Press-reliz

2019-08-12T11:53:54+05:004 April, 2019|Press-relizlar|

2019 yil 5 aprel kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida jurnalistika sohasida XIV “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaning yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Jahon matbuoti erkinligi kuniga bag‘ishlab ta’sis etilgan tanlov O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, Milliy teleradiokompaniya, Elektron OAV milliy assotsiatsiyasi, “Uzreport” axborot agentligi va O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, O‘zbekiston mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi va boshqa bir qancha tashkilotlar hamkorligida milliy va xalqaro jurnalistikaning eng yuksak yutuqlarini keng ommalashtirish, OAV xodimlari fuqarolik pozitsiyalarini namoyon etishlari uchun sharoit yaratish hamda jurnalistlarda tanqidiy fikrlashni va ijodiy faoliyatga yangicha yondashuvlarni shakllantirish maqsadida o‘tkazib kelinmoqda.

Tanlov televidenie, radio, bosma OAV va internet-jurnalistika yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkaziladi. Unda 13 ta – bitta bosh milliy mukofot, har bir yo‘nalish bo‘yicha uchtadan mukofot hamda “Eng yaxshi fotoreportaj”, “Eng yaxshi matbuot xizmati” , Inson huquqlari mavzusidagi eng yaxshi material” va “Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanadi.

Yig‘ilishda “Oltin qalam” XIV Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy masalalar ko‘rib chiqiladi. Xususan, tashkiliy qo‘mita va uning ishchi guruhi tarkiblari hamda ish rejasi muhokama etilib tasdiqlanadi. Shuningdek, tanlov g‘oliblariga mukofotlarni topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosimni, jumladan, san’at ustalari, o‘zbek estradasi yulduzlari hamda ijodkor yoshlar ishtirokida bayram kontsertini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqiladi.

Tanlovni o‘tkazish jarayonida taniqli jurnalist va ekspertlardan iborat tanlov hay’ati shakllantiriladi. Tanlovga taqdim etilgan ijodiy ishlar mavzuning ijtimoiy ahamiyati,jurnalistning fuqarolik pozitsiyasi, tanqidiy – tahliliy mushohada, so‘zga mas’uliyat va ifoda mahorati mezonlari asosida baholanadi.

An’anaga ko‘ra, bir qator xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari (YuNESKO, Evropa Ittifoqi, EXHT, YuSAID, “Regionalь dialog” (Sloveniya), Germaniya Xalq universitetlari assotsiatsiyasi va boshqalar) va milliy hamkorlar ham “Oltin qalam” Milliy mukofoti tanlovida o‘z mukofotlari bilan ishtirok etadi.

“Oltin qalam” XIV Milliy mukofoti xalqaro tanlovi g‘oliblari 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni “Turkiston” saroyida tashkil etiladigan tantanali marosimda taqdirlanadilar.

Tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondi mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi.

Qo‘shimcha ma’lumotlar:

“Oltin qalam” milliy mukofoti xalqaro tanlovi 2006 yildan beri o‘tkazib kelinmoqda. Agar 2006 yili o‘tkazilgan “Oltin qalam” I Milliy mukofoti uchun tanlovda 136 nafar jurnalist 1669 ta ijodiy ishi bilan qatnashgan bo‘lsa, 2018 yili o‘tgan XIII Milliy mukofot uchun tanlovda 520 nafar ijodkor 8500 ga yaqin material bilan ishtirok etdi. Umuman olganda, shu vaqtga qadar tanlovda 6500 dan ortiq jurnalistning 10 000 ga yaqin ijodiy ishi ko‘rib chiqildi. 280 nafar hamkasblarimiz tanlov g‘olibiga aylandilar. Mazkur tanlovlarni o‘tkazish va g‘oliblarni taqdirlash uchun jami 3 165 640 000 so‘m mablag‘ sarflandi.