Konstitutsiyaviy tamoyillar kafolatlari o‘z tasdig‘ini topishiga umid qilamiz

2019-08-12T11:53:55+05:004 April, 2019|Umumiy yangiliklar|

Mamlakatimizda axborot va so‘z erkinligini ta’minlash, davlat organlari faoliyatining ochiqligiga erishish, jurnalistlarning kasbiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyatini ta’minlash borasida tub islohotlar amalga oshirilayotganini ko‘rib turibmiz. Bu borada bugungi kun talablaridan kelib chiqib qonunchilik ham takomillashib borayotganini alohida ta’kidlash joiz.

Bilamizki, rivojlangan, demokratik tamoyillar asosida taraqqiyot yo‘lidan borayotgan mamlakatlar hayotida fuqarolarning axborot va so‘z erkinligi va shaxs sha’nining daxlsizligi bilan bog‘liq masalalarda turli tortishuv va nizolar bo‘lib turadi va bu jarayonlar sudlar orqali hal etiladi. Fikrimizcha, bu demokratik tamoyillarning ajralmas bo‘lagi.

Shu ma’noda, ayni kunlarda keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘layotgan Xalq ta’limi vazirining fuqaro sifatida va “XXI-asr”gazetasi tahririyati o‘rtasida boshlangan sud jarayonlari mamlakatimizda demokratik tamoyillar asosida madaniy yo‘l bilan nizoni hal etish yo‘lidagi amaliy harakatlarning biri, deyish mumkin. Biz, nima bo‘lishidan qat’iy nazar, ushbu jarayonlarning ochiq, oshkora va tenglik asosida o‘tishiga, Bosh qomusimizda belgilab qo‘yilgan kafolatlar amalda yana bir bor o‘z tasdig‘ini topishiga ishonamiz.

Shu bilan birga, bu vaziyat mamlakatimizda jurnalistlarning mustaqilligi, ochiqlikni ta’minlash, jamoatchilikni xolis, ishonchli, muhim axborotlar bilan ta’minlash, tanqidiy-tahliliy chiqishlar orqali odamlarda islohotlarga nisbatan faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish yo‘lidagi harakatlarga mone’lik qilmasligiga umid bildiramiz. Bu yo‘lda jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlashga doimo tayyormiz.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi