Jurnalistlar Qozog‘iston OAV texnologiyalari bilan tanishdi

2019-08-12T11:53:57+05:003 April, 2019|Umumiy yangiliklar|

27-29 mart kunlari Qozog‘iston Respublikasi poytaxti—Nur-Sulton shahriga O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Afg‘onistondan tashrif buyurgan jurnalistlar uchun press-tur tashkil etildi.

Ushbu tadbir munosabati bilan tashkil etilgan uchrashuvda Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Beybut Atamkulov va boshqalar so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlar sezilarli darajada faollashganini alohida qayd etdi. Masalan, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tovar aylanmasi 3 milliard AQSh dollaridan oshdi, o‘zaro investitsiyalar hajmi ko‘paydi, ko‘plab qo‘shma loyihalar ishlab chiqilmoqda, davlat chegaralari ochildi. Hali ishga solinmagan salohiyatdan foydalangan holda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada oshirish va shu orqali mintaqaning jahon hamjamiyatidagi o‘rnini mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.

Press-turning boshlanishida jurnalistlar qozoq xalqining qadim tarixiy o‘tmishi, bugungi kuni va ezgu intilishlarini aks ettiruvchi “Astana-Bayterek” monumentiga tashrif buyurdilar. 97 metrli mahobatli inshootdan Prezident qarorgohi, Tinchlik va hamjihatlik saroyi, Mustaqillik saroyi, Nur-Ostona masjidi, turar joy komplekslari va boshqa ob’ektlar yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Jurnalistlar Nur-Sultonga tashrif davomida bir qator kompaniya vakillari bilan uchrashdi. “KazakhExport” eksport sug‘urta kompaniyasi” AJ, “Ostona” xalqaro moliya markazi, “Astana Hub” IT-startaplari xalqaro texnoparki shular jumlasidandir. Shu munosabat bilan tashkil etilgan uchrashuvlarda rahbariyat tomonidan kompaniyalar faoliyatiga doir ma’lumotlar taqdim etildi, yangi imkoniyatlar namoyish qilindi. Masalan, «Astana Hub» texnoparkida jurnalistlar zamonaviy qulay kovorking-markazlar, ma’ruza zallari, prototiplash laboratoriyasi, 50 o‘ringa mo‘ljallangan Event Hall, mediastudiya, biznes-galereya bilan tanishdi, IT-loyihalari ishlab chiquvchilari bilan muloqot qildi. «Astana Hub» bosh direktori Adilet Nurgojin O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida axborot texnologiyalari sohasida hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. O‘tgan yili Toshkentdagi Inha universitetida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Qozog‘iston IT-forumi hamda ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillarining biznes-forumlari davomida imzolangan hamkorlik memorandumlari buning yaqqol dalilidir.

Shuningdek, “NK “Kazaxstan Garish Sapari” aktsiyadorlik jamiyatida “Kosmik apparatlarni yig‘ish-sinovdan o‘tkazish kompleksini tashkil etish” loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda kompaniyaning Milliy kosmik markazini qurish va ekspluatatsiya qilish masalalari bo‘yicha boshqaruv raisi o‘rinbosari Rashid Abdurazzakov kosmik yo‘ldosh yaratish haqida batafsil so‘zlab berdi, qo‘llanilayotgan zamonaviy uskunalar namoyish etildi. Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida kosmik sohada o‘zaro hamkorlik qilish to‘g‘risida memorandum imzolangani qayd etildi, O‘zbekiston hududlarini kosmik monitoring qilish, xususan, Surxondaryo viloyatining kosmik suratlarini tayyorlash hamda mamlakatimizning kosmik yo‘ldoshini yaratish loyihalari haqida so‘zlab berildi. Bularning barchasiga davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 12 apreldagi O‘zbekiston Respublikasida kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga asosan bu yo‘nalishdagi amaliy chora-tadbirlar samarasida erishildi.

Jurnalistlarni mahalliy telekanallar faoliyati bilan tanishtirish maqsadida Qozog‘iston media markazi – Qozog‘iston Markaziy kommunikatsiyalar xizmatiga ekskursiya tashkil etildi. Bu erda ular kino-kontsert zali, virtual studiya, “Xabar” va “Xabar 24” telekanallarining yangiliklar studiyasi, montaj va rejissyorlik xonalarini tomosha qildilar.

– «Xabar 24» axborot telekanali studiyasi butunlay robotlashtirilgan, – deydi Qozog‘iston media markazining Strategik rivojlanish departamenti loyihalari menejeri Asil Turgaev. – Bu erda joylashgan to‘rtta kamera relьslar bo‘ylab harakatlanadi, ularning har biri o‘z traektoriyasi va ularga topshirilgan dastur bo‘yicha harakatlanadi. Yoritish tizimi ham robotlashtirilgan: u avtomatik tarzda boshqariladi. Ushbu studiyada yangiliklar, intervьyu suratga olinadi, ish chog‘ida bu erda faqat boshlovchi va surdotarjimon bo‘ladi, xolos.

Qozog‘istonning ishlab chiqarish va ilmiy-texnik salohiyati bilan tanishish maqsadida jurnalistlar “TsESNA-ASTЫK” kontsernining makaron ishlab chiqarish tsexi, “EKSPO-2017” hududidagi “Nur Alem” Qozog‘iston pavilьoni va boshqa ob’ektlarga tashrif buyurdilar.

Markaziy Osiyo OAV vakillari mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi va o‘z faoliyatlarida zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha tajriba almashdi.

Manba:O‘zA