Xalqaro festival matbuot markazi tashkil etildi

2019-08-12T11:53:58+05:002 April, 2019|Umumiy yangiliklar|

Adib Sobir Termiziy nomidagi Surxondaryo viloyati axborot-kutubxona markazida 5-10 aprel kunlari Termiz shahrida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro baxshichilik san’ati festivali matbuot markazi ish boshladi.

Prezidentimizning 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli tadbirni keng yoritish uchun dunyoning 20 davlatidan 30 ga yaqin xorijlik jurnalist va yurtimizdagi ko‘plab ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

– Ildizi qadim o‘tmishga borib taqaladigan o‘lmas qadriyatlarimiz namoyish etiladigan mazkur tadbirga, ayniqsa, xorijliklar katta qiziqish bildirayotgani bejiz emas, – deydi matbuot markazi rahbari, “Kino san’ati” jurnali bosh muharriri Laziz Tangriev. – Chunki, dunyo tamadduni beshiklardan biri bo‘lmish qadimiy Surxon vohasining boy tarixi, ilm-fan, madaniyat va san’atining rivojlanish bosqichlari barchada katta qiziqish uyg‘otib keladi. Viloyat hududida amalga oshirilayotgan arxeologik tadqiqot ishlari chog‘ida topilgan turli haykallar, musiqa asboblari parchalari va boshqa topilmalar bu erda musiqa va san’at paydo bo‘lishi eramizdan avvalgi IV-II asrlarga borib taqalishini ko‘rsatmoqda, jahon tarixchi olimlarini, qadimshunoslarini maftun etmoqda.

Dunyo baxshilari, folklorshunos olimlar va boy nomoddiy madaniy merosimiz ixlosmandlarini qadimiy go‘shaga jamlayotgan Xalqaro festival doirasida yangi chop etilgan noyob dostonlar hamda ilmiy kitoblar taqdimotlari o‘tkazilishi belgilangan. Baxshichilik san’ati rivojiga bag‘ishlangan qiziqarli ko‘rgazmalar, xalq hunarmandchiligi, milliy soz va liboslar, tasviriy va amaliy san’at asarlari, haykaltaroshlik buyumlari ko‘rgazmalari ham tashkil etiladi. Baxshilarning qiziqarli ko‘rik-tanlovi, ilmiy konferentsiyalar o‘tkaziladi. Tarixiy obidalar va diqqatga sazovor joylarga sayohatlar uyushtiriladi. Matbuot markazida festivalь bilan bog‘liq tadbirlar va ishtirokchilarning taassurotidan dunyo ahlini tezkor va xolis xabardor qilish uchun barcha qulaylik yaratildi. Muhtasham zal zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlanib, global tarmoqqa ulandi. Wi-Fi zonasi tashkil etildi. Xalq og‘zaki ijodi namunalari va boshqa noyob kitoblar bilan bezatildi. Kofe-breyklar tashkil etish uchun maxsus joylar hozirlandi. Bu borada amalga oshirilayotgan barcha ishlar Xalqaro festivalni yuksak saviyada o‘tkazishga xizmat qiladi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,

O‘zA.