Qalbdagi javohir

2019-08-12T11:54:00+05:0029 March, 2019|Hafta maqolasi|

Xalqimizda begona yurtning qandayligini bilmoqchi bo‘lsang, uning mozorini-yu bozorini borib ko‘r, degan hikmat bor. Bu gal bizni borgan manzilimizning faqat mozorigina qiziqtirdi, xolos. Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanidagi “Yurtim jamoli” mahallasida joylashgan “Bibi Robiya” qabristoniga bordik.

Marhumlar mangu qo‘nim topgan bu manzil qachon paydo bo‘lgani va nega bunday atalishiga qiziqdim. Tarixchi va shoir Yusuf Valizoda Darbandiy yana bir hamrohimiz, onasining qabri boshida mahzun turgan To‘fa Boymurodovaga ishora qilib, men bilmoqchi bo‘lgan voqealar haqida so‘zlab berdi.

Qabristonning paydo bo‘lishi va ayni nom bilan atalishi tarixi qiziq, ham g‘ussaliroq ekan. Tarix deganda olis tarixni tushunmang, ayni shu o‘n yillikning boshidan marhumlarga qo‘nimgoh bo‘lgan ekan bu er.

…Taqdir taqozosi bilan 1950 yillarda Boysun tumanidagi tog‘li Darband qishlog‘i aholisining bir qismi Muzrabot (ilgarigi Sherobod) tumaniga ko‘chirib kelinadi. Paxta, don etishtirish, qo‘riq erlarni o‘zlashtirish kabi qishloq xo‘jaligining eng og‘ir tarmoqlarida qishloq ahli elkama-elka turib mehnat qilgan. Darbandliklar ko‘chmanchilar emas, balki shu manzil fuqarolari, shu tuman fidoyilari kabi shu go‘sha bag‘riga singib ketgan. Bayramlar, to‘y-marosimlar, xalq sayillarini hamjihatlikda, shodiyonalikda o‘tkazib kelishadi. Faqat bir masalada ularning keksa avlodi qat’iy turib olgan. O‘z qavmidan kim hayotdan o‘tmasin, keksami, yoshmi, hatto chaqaloqlarni ham Boysundagi darbandliklar xilxonasiga olib borib dafn etishgan. Xoh ishoning, xoh ishonmang bordi-keldisi bilan uch yuz kilometr keladigan yo‘l bosishning o‘zi bo‘ladimi!

O‘lim haq. O‘lim ob-havo, vaqt tanlamaydi. Qishning qahratoni, yozning jazirama chillasi deysizmi, eshak aravada, ot-ulovda, yillar o‘tib ixchamroq yuk mashinalarda mayyit bir amallab manziliga etkazib borilgan. Yo‘lda mashinalar buzilib qolgan, halokatga uchragan paytlari ham bo‘lgan. Bu ko‘rgiliklar naq 61 yil davom etgan.

Hayotda an’analar bilan yangiliklar orasida hamisha kurash bo‘lgan. Umrbod rioya qilib kelingan odatiy narsalardan voz kechishning o‘zi bo‘lmaydi, albatta. Lekin har bir narsa eskirganda yangilanish zarurati tug‘iladi. Urf-odatlarni, turli aqidayu marosimlarni yaratuvchilar ham, uni yangilovchi, o‘zgartiruvchi ham odamlarning o‘zlari. Yashash tarzini qiyinlashtirayotgan, odamlarni ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan mushkul ahvolga solayotgan aqidalardan voz kechishni davr talab etib tursa, nega bu yangilikka amal qilmaslik kerak? Bundoq qaraganda, Muzrabot ham, Boysun ham bir voha – ona Surxon tuprog‘i-ku!

— O‘ylab o‘yimga etolmadim, — deydi Yusuf Valizoda Darbandiy, — nihoyat o‘sha paytdagi Muzrabot tumani hokimi Shamsiddin Oripov qabuliga maslahatga kirdim. Darbandliklar uchun Muzrabotda alohida qabris­ton uchun joy ajratib berilsa, balki bu muammo o‘z echimini topar, degan fikrni o‘rtaga tashladim. Hokim mardlik qildi. 2010 yilning 10 fevralida qabriston uchun tumandagi zahira erlardan o‘n yarim gektarni ajratish haqida qaror chiqardi. Shunda ham vaziyat o‘zgarmadi. Bu orada talay darbandliklar olamdan o‘tib ketdi. Ahvol esa o‘sha-o‘shaligicha qolaverdi… Qabriston bor, qabr yo‘q!

Og‘a-inidek yaqin bo‘lib ketgan ikki darbandlik do‘st bir piyola choy ustida obdon hasratlashishibdi. O‘zlarini o‘zlari koyishibdi. Yurtdoshlaridan yozg‘irishibdi… Do‘ppilarini boshlaridan olib qo‘yib, mushkulotdan qutilish yo‘llari haqida o‘ylashibdi… Karim ismlisi bir taklifni o‘rtaga tashlabdi:

— Onalarimizning umrlari uzoq bo‘lsin, ilohim! Lekin ular pishib turibdi… Bilasanmi, inim, agar onam hayotdan ko‘z yumsalar, u kishini darbandliklar uchun ajratilgan qabristonga qo‘yganim bo‘lsin… Shu bilan qabriston eshigini ochsak, qavmimizni yo‘l azobidan qutqargan bo‘lamiz.

— Yashang og‘a, men ham siz tutgan yo‘lni tutganim bo‘lsin… Ikkovlari ahdu paymon qilishib, qo‘l tashlashibdi.

Ko‘p o‘tmay Karimjonning onasi Robiya momo 78 yoshida olamdan o‘tadi. Darbandga shum xabar ketadi. O‘g‘il so‘zidan qaytmaydi. Qarindosh-urug‘lar orasida kelishmovchilik boshlanadi. Tog‘alar va xolalar bir taraf — mayyitni Boysunga olib ketamiz, degan qat’iy qarorda, Karimjonlar bir taraf…

Oraga mahalla oqsoqollari, hokimiyat, ichki ishlar vakillari tushadilar. Ular mayyitni darbandliklar uchun ajratilgan qabristonga qo‘yishni aytib, sarsongarchiliklardan qaytaradilar. Mahalla oqsoqollaridan biri — Egam Shukurov o‘rtaga chiqadi. Mayyitni kuttirib qo‘yish yaxshi emasligini, uning Muzrabotda dafn etilishini aytib, qabriston nomini unga qo‘yilgan birinchi mar­hum nomi bilan “Bibi Robiya” deb ataymiz, deydi.

Marosim ishtirokchilarining nigohi marhum farzandlari, qarindosh-urug‘lariga qaratilgan, qishloq ahli nihoyatda behalovat edi…

Robiya momoning qizi To‘fa goh akasi, goh opasiga yoshli ko‘zlari bilan jovdirar, bu imo-ishoralarda xalq­qa, ulug‘larga endi nima deb javob qilamiz, degan ma’no bor edi… Mard­lik qilib, og‘ziga so‘z olgan va hamon o‘z so‘zida turgan akasi Karimjon judolik qayg‘usidanmi, tili kalimaga kelmasdi… Nima qilsin? Muammo yo bugun yoki hech qachon hal bo‘lmaydi. O‘al etilmasa, 61 yil davom etib kelayotgan azob yana 61 yil, balki undan ham ko‘p, balki abadul-abad shu alfozda davom etishi hech gap emas. Akasi boshlab bergan mard­lik, jasorat unga kuch beradi. To‘fa shahd bilan odamlar oldiga qanday chiqib kelganini o‘zi ham sezmay qoladi. U oila nomidan onaizorini Muzrabot qabristoniga qo‘yilishiga rozi ekanligini, shu bilan bu qishloqdagi darbandliklarning ovoragarchiligi barham topsa, yaxshi ish bo‘lishini aytadi.

Hammani qiynagan masala hal bo‘ladi. Dafn chog‘ida imom:

— Momomizning joylari jannatdan bo‘lsin! Ilohim islom dini tarixida yorug‘ nur misol chaqnab turgan mashhur so‘fiy ayol, otdoshlari bo‘lmish bibi Robiya darajasida aziz qilsin. “Bibi Robiya” nomi bilan atalgan bu maskan o‘tganlarga par to‘shak, jannatdan darak makoni bo‘lsin! — deya duo qiladi.

Bir zumda odamlar uy-uylariga tar­qab, qabriston huvillagandan huvillaydi… Onaizori qabriga bag‘rini berib, dod solib yotgan To‘fa boshini ko‘targanda oqshom cho‘kayotgandi. Chor-atrof manzarasi yuragiga vahima soladi… Qabristonning to‘rt tomoni ochiq — na devor darmiyoni va na darvozasi bor, biy dala… Naq qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyadigan dashtu biyobon, qarg‘ayu quzg‘unlar emish talashib cho‘qishar, yovvoyi itu mushuklar pana-panada ularni pisib poylashardi…

To‘fa dovdirab qoladi. Qabristonni bu qadar xaroba ahvolda, deb o‘ylamaganidanmi, jahannamdek ko‘ringan bu erga onasini topshirib qo‘yganidan iztirobga tushadi. Agar yonida akasi, opasi, ukalari yondosh turmaganida ahvoli bundan besh battar bo‘lardi! Bundoq qaraganda, ularning oldida ham yuzi shuvit, axir ular nomidan elga rizolik berib yubordi…

Aytilgan so‘z — otilgan o‘q! U o‘rnidan turadi. Qabr uzra boshini egdi va shunday dedi:

— Meni kechiring, farishtam onam, siz yotgan bu cho‘lu biyobonni gulistonga aylantirishga so‘z beraman…

Farzandlar o‘sha kuni onalari boshida tunni o‘tkazishadi. Ertasi ham, indiniga ham… Qoro tunlari qabris­ton mashina farasi yoki behisob shamlar yog‘dusida charag‘on bo‘lib ketadi. Kechasi o‘g‘illar, kunduzi qizlar onalari boshida posbon bo‘ladilar. Bunday malomat hech kimning boshiga tushmasin. Qish oyining so‘nggi kunlari, ba’zida sovuq achitar, qor bo‘ralar, ba’zida qor-yomg‘ir aralash yog‘ib, ust-boshlari jiqqa xo‘l bo‘lar… Uylari bilan qabriston oralig‘i yo‘lga aylanadi… Qizlar aka-ukalarining yomg‘irga jiqqa botgan kiyim-kechaklarini almashtirish, osh-non tashish uchun qabriston bilan uy oralig‘ida bo‘zchining mokisiday qatnagani qatnagan edi.

Bibi Robiya bilan Juma Boymurodov farzandlari dovrug‘i og‘izga tushadi. Kiroyi farzanding bo‘lsa shunday bo‘lsin, degan duoi kalomlar allaqachon Muzrabot osha qo‘shni tumanlarga ham yoyiladi…

Shunday qilib, Robiya momo qabrga qo‘yilganiga 76 kun deganda, bibining hamqishlog‘i Shodimurod ota ham qaytish qiladilar… O‘sha kuniyoq yonma-yon qabrlar uzra temir qo‘rg‘on o‘rnatadilar. Ikki qadrdon hamqishloq bir-biriga aka-singilday esh, qo‘riqchi misol yotganlaridan ko‘ngillari biroz taskin topadimi, farzandlar ikki yarim oy deganda birinchi bor o‘z uylarida tunaydilar…

To‘rt tomoni hayhotday ochiq dashtu biyobonga onalari xoki qo‘yilganidan iztirobga tushgan o‘g‘illar qabristonga devor olish tashvishiga tushadilar. Ish boshlanib ketadi. “Darband” mahalla ahli baholi qudrat o‘rtaga pul tashlab, mahalla oqsoqollaridan Juma Yovqochdiev va Jumanazar Ismatov haybarakallasi bilan ularga yordamga oshiqadilar. Hashar yo‘li bilan o‘n yarim gektarlik qabriston tosh devor bilan o‘raladi. Tadbirkor Feruz Sultonov unga temir darvoza o‘rnatadi. Qabristonga ikkinchi darvozani aka-ukalari bilan Sobir Jumaev o‘rnatadi. Toharatxona deysizmi, soyabonlar deysizmi, mahalla faollaridan Umid Boboev, Behzod Yo‘ldoshev saxovati tufayli qurib bitkaziladi. Hashar yo‘li bilan qabriston xas-xashaklar, chaqir tikanaklar, chiqit uyumlaridan tozalanadi… Qur’on oyatlaridan tilovat qilinadi. Duoi kalomlar to‘xtamaydi… Qo‘llar har fotihaga ko‘tarilganida qabristonni obod qilayotganlar qatorida Robiya momo farzandlarining nomi ham tilga olinib, ular sha’niga eng ezgu istaklar aytiladi…

Ammo qabristonga “Bibi Robiya” nomini berish oson bo‘lmaydi. Ayrim mutasaddilar momo hech qaerda xizmat ko‘rsatmagan, u kishining nomini qo‘yish qonunan to‘Qri emas, deb oyoq tirab turib oladi. To‘fa Boymurodova esa toki qabristonga onasi nomi berilmagunga qadar tinchimaydi. 2018 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasiga murojaat qiladi va ezgu niyati ro‘yobga chiqadi.

Ko‘zga tashlanmaydigan, ko‘zingga oddiygina, juda ham odmigina ko‘ringan odamlar qalbidagi bitmas-tuganmas ma’naviyat javohirlari yashiringaniga misol shu emasmi. Surxonning oddiy qizi umr bo‘yi halol mehnati orqasida bir boshpanaga ega bo‘lish uchun yig‘ib yurgan, tishining kavagida asragan mablag‘ini qabriston obodonchiligi uchun sarflab yubordi. Hozirda u ijara uyda yashaydi. U ham to‘kin-sochin, farog‘atda yashashni, sayru sayohatlarni, Makkayu Madinani ziyorat qilib qaytishni, el qatori kichkina bo‘lsa ham mashina sotib olib yurtdoshlari, qarindosh-urug‘lari huzuriga Muzrabotga haydab kirib borishni orzu qilgandi… Buni qarang-ki, onaizori yotgan qabristonni obod qilish, yashnatish ishtiyoqi hamma orzularidan ustun keldi. Vaholanki, yiqqan mablag‘lari hamma orzu havaslariga etib-ortardi.

To‘g‘ri, u qabristonga gulu ko‘chatlar ekib, bu maskanni qanchalik obod etmasin, mar­humlarga jon ato etolmasligini yaxshi biladi. Lekin u mar­humlarni bag‘riga olgan ona tuproqqa jon ato etmoqchi. Bu bog‘u eramlardan o‘tganlar ham, ularni yo‘qlab kelayotganlar ham bahramand bo‘lishiga ishonadi.

Dilbar MAHMUDOVA,

O‘zbekistonda xizmat

ko‘rsatgan jurnalist.

«Hurriyat» gazetasidan olindi.