Jurnalistlar birlashsa butun dunyo birlashar

2019-08-12T12:02:15+05:0029 March, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sadulla Hakimovning “Dunyoda barqaror tinchlik va jurnalist so‘zi” Butunjahon konferentsiyasidagi ma’ruzasi

Koreya Respublikasi O‘zbekistonning eng yaqin strategik sherigi hisoblanadi. Bu mamlakat yurtimizga eng ko‘p sarmoya (investitsiya) kiritgan davlat. O‘zbekistonda Janubiy Koreyaning 70 dan ortiq kompaniyasining vakolatxonalari bor. Koreya investitsiyasi ishtirokidagi 500 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda, ularning mahsulot hajmi 5 milliard AQSh dollaridan ziyod. So‘nggi yillarda ikki mamlakat rahbarlari 14 marotaba uchrashgani ham ikki tomon munosabatlarining yuksak dinamikasidan dalolat beradi. Shu boisdan ham biz o‘zbeklar ham ushbu mintaqada tinchlik va barqarorlik vaziyatidan manfaatdormiz.

Koreya bizning mamlakatimizdan uzoqda joylashgan diyor, lekin koreys xalqi biz uchun begona el emas. Chunki o‘n minglab koreyslar o‘tgan asrning 30 yillarida Kommunistik totalitar rejim tomonidan Uzoq Sharqdan O‘zbekistonga ko‘chirilgan. Bugungi kunda O‘zbekistonda ularning soni 200 ming nafardan ziyod. Ular o‘zbek xalqi, uning madaniyatiga katta hurmat bilan qaraydi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta’biri bilan aytganda “Koreys diasporasi ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining ajralmas qismidir”. Bugungi kunda ularning tili, madaniyati, urf-odatlarini asrab-avaylash, rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. O‘zbekiston Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi huzurida Respublika koreyslari milliy-madaniy assotsiatsiyasi faoliyat yuritmoqda. O‘z ona tilidagi “Koryo Sinmun” gazetasiga ega. Ular yagona Vatan—O‘zbekiston hayotining turli sohalarida faoliyat yuritib,uning rivoji uchun o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqdalar. Darvoqe, shu millatning vakili Vitaliy Fen janoblari bugun O‘zbekiston Respublikasining Koreyadagi Favqulodda va muxtor elchisi, Agrepina Vasilьevna Shin esa O‘zbekiston Respublikasining Maktabgacha taьlim vaziri lavozimida ishlamoqda. Bunday misollarni O‘zbekiston hayotidan ko‘p keltirish mumkin.

Yurtimizda so‘nggi ikki yil mobaynida hayotning barcha sohalarida ulug‘ islohotlar amalga oshirilmoqda, mamlakatni Rivojlantirish Harakatlar strageyasi izchillik bilan hayotga tatbiq etilmoqda, tinchlik, barqarorlikni saqlash masalasiga, xususan millatlararo munosabatlar, diniy bag‘rikenglikka alohida e’tibor berilmoqda. Iqtisodiyot tizimini liberallashtirish, qulay investitsiya muhitini yaratish yo‘lida dadil qadamlar tashlandi.

O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatida eng avvalo mintaqadagi davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlar samarali yo‘lga qo‘yildi, Afg‘oniston muammosini echish bo‘yicha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 72-sessiyasida muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Bu tashabbuslar barchasi biz o‘zbek jurnalistlari uchun eng qaynoq va eng dolzarb mavzu sifatida qabul qilingan.

Shuni alohida ta’kidlashni istar edimki, shtab kvartirasi Seulda joylashgan Osiyo jurnalistlari assotsiatsiyasi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevni “2018 yil odami” deb e’lon kildi. Bu e’tirofga O‘zbekiston Prezidenti inson huquqlarini ta’minlash, qo‘shni davlatlar bilan faol hamkorlik o‘rnatish va Markaziy Osiyoda tinchlik va totuvlikni asrashga qo‘shgan katta hissasi uchun sazovor bo‘ldi.

XV asrda yashab ijod qilgan buyuk mutaffakir shoirimiz Mir Alisher Navoiy hazratlari shunday deb yozadi: Yaxshi insonlarning bir-biri bilan yaqinlashuviga ularning yaxshi so‘zlari sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, so‘z odamni halok qilish xususiyatiga ham ega Biz jurnalistlar dunyo tinchligini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga intilar ekanmiz, nohaq so‘z jamiyatni halokatga eltuvchi kuch ekanini ham unutmasligimiz zarur.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ommaviy axborot vositalarining o‘rni sezilarli darajada ortib bormoqda. Qonunchiligimizda ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi kafolatlangan. Unda jurnalistning jamiyat oldidagi so‘z mas’uliyatini belgilovchi moddalar ham bor.

Masalan, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasida ommaviy axborot vositalaridan “urush va zo‘ravonlikni, shafqatsizlikni, milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib” uchun foydalanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi deyilgan.

Bugun o‘zbek jurnalistlari dunyoning turli joylarida faoliyat yuritmoqdalar. Biz materiallar tayyorlash jarayonida tamaddunlar (tsivilizatsiyalar) so‘zlashuvi (dialogi)ga eng muhim mantiqiy maqsad deb qaraymiz. O‘zbekiston dunyo hamjamiyati bilan integratsiyalashuv jarayonining faol ishtirokchisiga aylanar ekan, o‘z ichki va tashqi siyosatida tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Bu printsip davlatimiz siyosatining asosiy prioritetiga aylangan va albatta jurnalistlarimiz uchun ham ijodimizning bosh mavzusidir.