Xitoy ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston haqida nimalar yozmoqda?

2019-08-12T12:02:15+05:0029 March, 2019|Umumiy yangiliklar|

2019 yil boshidan Xitoyning qator ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonda turizm rivoji va xalqimiz madaniy merosi haqida ko‘plab materiallar e’lon qilindi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ana shunday maqolalardan biri yaqinda mashhur weixin.qq.com saytida “Marg‘ilon – O‘zbekistonning Ipak poytaxti” sarlavhasida taqdim etildi.

Unda Farg‘onadagi marg‘iloncha yuqori sifatli ipak mahsulotlari tayyorlanadigan eng yirik va zamonaviy zavod haqida batafsil ma’lumot berilgan. Mualliflar “Yodgorlik” deb atalmish yurtimizdagi ushbu eng yirik ipakchilik fabrikasida yuqori sifatli mahsulotlar an’anaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarilishini ta’kidlashgan. Jurnalistlar Gucci va Versace kabi dunyo tan olgan brendlar dizaynerlari vodiydagi mazkur korxonaga tashrif buyurishganini ham aytib o‘tganlar.

Aynan shu manbada Shahrisabzdagi madaniyat yodgorliklariga bag‘ishlangan yana bir material berilgan.

“Majmuaning ikkita qarama-qarshi devori hamon moviy naqshlarga bezalgancha qo‘r sochib turibdi va O‘zbekistonning eng qadimiy hamda go‘zal madaniy yodgorliklaridan biridir. “Oqsaroy” devorlari balandligi 38 metrga teng, majmua bundan 600 yil oldin qurilgani inobatga olinsa, u o‘z vaqtining osmono‘par binosi bo‘lgan deyish mumkin. Shuningdek, oxirgi yillarda O‘zbekistondagi ko‘plab tarixiy obidalar restavratsiya qilindi, biroq “Oqsaroy” o‘zining ko‘hna qiyofasini hamon yo‘qotmagan”, – deya mualliflar o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashishgan.