Oliy sud ochiqliq va oshkoralikni ta’minlashda jurnalistlarga tayanadi

2019-08-12T12:02:16+05:0029 March, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudning Plenum zalida Oliy sud, O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi qoshidagi huquqiy jurnalistika Kengashi hamkorligida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun videokonferentsaloqa rejimida ochiq muloqot o‘tkazildi.

“Sudlar faoliyatida ochiqlik va oshkoralik printsipini ta’minlashda OAVning o‘rni va roli” mavzusida o‘tkazilgan mazkur tadbirda nafaqat markazdagi, balki barcha hududiy tele va radiokanallar, bosma va elektron nashrlarning jurnalistlari ishtirok etdi.

Ochiq muloqotni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud raisi Kozimjon Kamilov boshqardi.

Oliy sud raisi o‘z so‘zida Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan farmon va qarorlar sudlarning mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash, shuningdek odil sudlovga erishish darajasini oshirishda dasturilamal bo‘layotganiini ta’kidladi.

Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktyabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash, odil sudlovga erishish darajasini oshirish sohasida davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, sud organlarining muhim vazifalaridan biri sifatida faoliyatning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikning samarali mexanizmlarini keng qo‘llash belgilab berildi.

Qolaversa, Prezidentimizning shu yil 2 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida ishlab chiqilgan 2019-2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasi axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirish dasturining 6-bandida “Sud organlari bilan respublika jurnalistlari o‘rtasida izchil hamkorlikni o‘rnatish, ularning sud majlislaridagi ishtirokini ta’minlash, ochiq sud materiallarini yoritishda mamlakat OAVdan foydalanishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar” belgilandi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Oliy sud sudlov hay’ati raislari o‘rinbosarlari, boshqarma boshliqlari bu haqda alohida to‘xtalib o‘tishdi.

Tadbirda sud hokimiyati va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi o‘zaro amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash, mavjud maummolar va uni bartaraf etish yo‘llari hamda istiqboldagi rejalar belgilab olindi.