O‘zA minbari: Holvani kim eganu…

2019-08-12T12:02:17+05:0027 March, 2019|Umumiy yangiliklar|

yoki “Shamaxmudova inklyziv taʼlim” inklyuziv resurs markazi o‘tkazmoqchi bo‘lgan “seminar-trening” haqida

Shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamon jurnalistdan doimiy o‘qib o‘rganish, kasbiy malakasini oshirib borishni talab etadi. Bu borada Farg‘onada muayyan ishlar qilinmoqda. Birgina 2018 yilda 5 marta jurnalistika muammolariga bag‘ishlangan konferentsiya va seminar-treninglar o‘tkazildi. Bundan tashqari mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xalqaro tashkilotlar, NNT va turli jamg‘armalar ham o‘z loyihalari doirasida jurnalistlar uchun seminar-treninglar tashkil etmoqda. Ularni o‘tkazish vaqti, joyi, mavzuidan kelib chiqib ixtisoslashgan ishtirokchi jurnalistlarni ta’minlash masalalari avvaldan kelishib olinadi. Bu ishga viloyat hokimligi ham, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi ham hamisha yaqindan yordam berib kelgan.

Masalan, mart oyining 14-16 kunlari jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi Farg‘onada “Ziddiyatli vaziyatlarda jurnalistika asoslari va printsplari” mavzuida juda qiziqarli seminar-trening tashkil etdi. Biz unga shu mavzuda qalam tebratayotgan hamkasblarimizdan 15 nafari ishtirokini ta’minladik. Qolaversa tashkilotchilar roziligi bilan axborot xizmati vakillaridan yana 15 nafarini ham jalb etdik. Seminarda qatnashib, mavzu yuzasidan fikrlarimizni bildirdik.

Afsuski, jurnalistlarga o‘quv uyushtirish uchun grant mablag‘larini olgan ayrim tashkilotlar zimmalaridagi vazifalarni boshqalarga yuklashga harakat qiladilar. Mana bir misol.

Toshkentdagi “Shamaxmudova inklyziv taʼlim” inklyuziv resurs markazi AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi kichik grantiga ega bo‘lgan va unga asosan Farg‘ona viloyatidagi OAVlari ijodiy xodimlari uchun “Alohida ehtiyojga ega bolalarni masalasini OAVlarda yoritish” (aloqa xati va dasturdan aynan ko‘chirma) mavzuida seminar – trening o‘tkazishi lozim edi. Bu haqda negadir Farg‘ona viloyat hokimligiga xat yozib, seminarda “matbuot xizmatchilarini(?) xabardorligini va media savodxonligini (?) oshirish maqsadida amaliy yordam ko‘rsatish va maslaxatlar berish ko‘zda tutilgan”ini iddao qiladilar. Lekin “Shamaxmudova inklyziv taʼlim” inklyuziv resurs markazi yozgan xat ularning o‘zi qanchalar “savodli” ekanini ko‘rsatib turardi. “Matbuot xizmatchilari”ning kuni kimga qolibdi, deya taajjublandik. Ammo bu holva ekan. Xatning davomida viloyat hokimiyatiga talablar qo‘yilgan: “Sizdan seminar-trening o‘tkazish uchun joy, texnik vositalar (proektor, ekran) bilan ta’minlash… qatnashuvchilar ro‘yxatini joriy yilning 5 mart kuniga qadar taqdim etishingizni”… Uni o‘qib hayron qolasan kishi. AQSh elchixonasining grant mablag‘ini kim olgan, Farg‘ona viloyat hokimligimi yoki “Shamaxmudova inklyziv taʼlim” inklyuziv resurs markazimi?!

Bu ham mayli, Farg‘ona viloyatida 11-12 mart kunlari keng ko‘lam va yo‘nalishlarda uch mamlakat yoshlarining do‘stlik festivali o‘tayotgan edi. Viloyat OAVlari muxbirlari festival dasturi manzillarida, tashkilotchilar esa matbuot markazida bo‘lgan. “Shamaxmudova inklyziv taʼlim” inklyuziv resurs markazi direktori Dildora To‘laganova osmondan tarasha tushgandek 12 mart kuni soat chamasi 15 larda O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi raisi xonasiga kirib kelib “Matbuot uyi” yig‘ilishlar zalida seminar o‘tkazmoqchi ekaningizni aytib proektor va ekran talab qildi. Biz bu gaplardan xabarsiz edik. Tabiiyki, Siz kimsiz, qaysi mavzuda, nima maqsadda kelganini so‘radik. D.To‘laganova esa har so‘zida hokimiyatni ro‘kach qilardi.

Men bu seminarda ishtirok eta olmasligimni va uni faqat nomigagina “o‘tkazildi” degan belgi qo‘yish uchun bo‘lishiga qarshiligimni aytdim.

Keyin bilsam, “Shamaxmudova inklyziv taʼlim” inklyuziv resurs markazi talabi bilan viloyat Matbuot boshqarmasi xodimasi “Matbuot uyi”dagi bor odamni zalga chaqirib beribdi.

-Men xonamda ishlab o‘tirgandim, tez yig‘ilish xonasiga tushing, deyishdi. Tushsam ikkita ayol gap nimada ekanini ham aytmay familiyalarimizni bir ro‘yxat varag‘iga yozdirishdi. 10-15 minut kutdim. Keyin ishim ko‘p edi, chiqib ketdim, -deydi “Farg‘ona nihol” gazetasi dizaynchisi G.Abdurahmonova.

-Meni ham chaqirishdi. Ular kim, nima maqsadda kelishgan, nima bo‘ladi o‘zi, bilolmadim. Tezda ro‘yxatga familiyamni yozdirishdi. Bir oz kut

ib o‘tirdim. Keyin chiqib ketdim,-deydi “Ma’naviyat” gazetasi muxbiri M.Boyboboeva.

-Meni ham odam ko‘paysinga zalga chaqirishdi,-deydi Matbuot boshqarmasi kotibasi D.Iminboeva.

-Men ish izlayapman. “Kimyogar” gazetasiga olishmoqchi. Shu kuni “Farg‘ona haqiqati” tahririyatiga kelgandim. Seminar bo‘ladi, deyishdi, kirdim. Ammo bir oz kutib, boshqalar qatori chiqib ketdim, -deydi F.O‘ktamova.

-Men “Farg‘ona haqiqati” gazetasida kompьyuterchi bo‘lib ishlayman. Meni ham zalga chaqirishgandi,-deydi A.Husanov.

Xullas, shu kuni 15 chog‘li odamni zalga yig‘ib berishgan ekan. Ularni men ko‘rmadim, gaplashmadim ham. Negadir “seminar” amalga oshmabdi D.To‘laganova esa… o‘z xatolari alamini O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limidan olmoqchi bo‘libdi. O‘zbekiston Prezidenti xalq qabulxonasi va Farg‘ona viloyati hokimiyatiga yozgan shikoyatida go‘yo meni “…. bu zalda seminar o‘tkazishga ruxsat bermayman, degan so‘zlar bilan hammani zaldan chiqarib yubordi. Matbuot xodimlari bunday vaziyatdan hayron bo‘lib biz bu seminarda qatnashishni istagan edik, dolzarb mavzu bo‘yicha ekan, deb xafa bo‘lib chiqib ketishdi.” deb yozibdi va yana shunday talab qo‘yibdi “Natijada “Merkuriy” nomli tadbirlarni tashkil etish xizmati firmasiga oldindan to‘langan tushlik ovqat pullari bekor sarflandi. Natijada qonunchilikda ko‘zda tutilgan tartibda xatlarni ijrosi ta’minlanmaganligi, M.Obidovdek insonlarning “izzattalabligi” kasriga, seminar-trening o‘tkazilmadi. Xatga javob berishingizni va chora ko‘rishingizni so‘raymiz. Direktor D.To‘laganova”. (xatlar ilova qilinmoqda)

Bo‘lib o‘tgan voqea tabiiy savollar keltirib chiqaradi. Xo‘sh, grant mablag‘lari ajratilishidan maqsad nima edi?

Hech narsadan xabarsiz bir necha muxbir, dizaynchi, kompьyuterchi, idora kotibasini bir xonaga yig‘ib, ularni ro‘yxatga olib, suratga tushirib bir kunlik dasturni soat 15 dan boshlab nomigagina o‘tkazib grant beruvchi oldida berilgan pullarni go‘yo “yuvish” uchunmi?

Yana bir savol.

Ertalab 900 dan 1445 gacha, ya’ni salkam olti soatli dasturni soat 1500 da kelib qachongacha amalga oshirar edingiz? “Merkuriy”ga buyurtma berilgan “tushlik” mi yoki kechki ovqatmi?

Aslida matbuotdan mutlaqo yiroq bo‘lgan “Shamaxmudova inklyziv taʼlim” inklyuziv resurs markazi va uning rahbari D.To‘laganova “Matbuot xizmatchilarining savodxonligini oshirish”i mumkinmikan?

Umuman holvani egan sizu, …

Muhammadjon Obidov,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist,

O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi

Farg‘ona viloyati bo‘limi raisi

O‘zA