Qachon o‘ynab gapirsak ham o‘ylab gapiradigan bo‘lamiz?

2019-08-12T12:02:19+05:0026 March, 2019|Hafta maqolasi|

Bir qusurimiz bor: ko‘p hollarda o‘z manfaatimizni jamiyat manfaatidan ustun qo‘yib, o‘zimizni haq, deb bilamiz, o‘zgalarni nohaqlikda ayblaymiz.

Shu maqsadda noto‘g‘ri axborot tarqatishdan ham hazar qilmaymiz. Masalaning tub mohiyatiga etmay turib, turli mish-mishlarga yo‘l ochamiz. Bu odatimiz bilan telegramm, facebook-u, turli ijtimoiy tarmoqlarda uchi-quyrug‘i yo‘q videotasvir yoki suratlar bilan o‘zimizni jabrdiyda qilib ko‘rsatishga, global tarmoqda dunyo ahlini chalg‘itishga urinamiz.

O‘tgan dam olish kuni ijtimoiy tarmoqlarni kuzatayotib, “O‘zbek tadbirkorlari ko‘chada qolib, afg‘on fuqarolariga bozor o‘rinlari sotildi” sarlavhali xabarga ko‘zim tushib qoldi. Bundoq o‘qib ko‘rsam, gap Termiz shahar markaziy dehqon (oziq-ovqat) bozori haqida. Na ismi-sharifi, na manzili ko‘rsatilmagan xabarda “yangi bozor bitmasdan do‘kon egalari bilan qassoblarni majburan bozordan haydab chiqarayapti. Hali bitmagan bozorga qanday ko‘chamiz? Buncha go‘sht va oziq-ovqat mahsulotlari sasib ketadi”, “Bozor yarmini hali yangi bozor bitmasdan Afg‘oniston fuqarolariga sotib yuborishdi”, degan jumlalar bor. Eng qizig‘i bu xabarga qo‘shimcha qilib, bozordan uchi-quyrug‘i yo‘q videolavha va fotosuratlar ham e’lon qilingan…

Xo‘sh, tadbirkor va qassoblar nomidan yozilgan bu shikoyat aslida o‘rinlimi? Yoki hozirgi bozor va undagi do‘konlar yong‘in xavfsizligi, favqulodda holatlar, sanitariya qoidalari va boshqa talablarga javob beradimi? Termizda aholiga xizmat ko‘rsatayotgan bozor mavjud bo‘lsa, nega yana bozor qurishga ehtiyoj sezildi? Yoxud murojaatchilar yozganidek, bu holat joriy yil 5 aprelda Termiz shahrida boshlanadigan “Xalqaro baxshichilik san’ati festivali” bilan bog‘liqmi? Shu kabi savollarga javob olish uchun mahalliy hokimlik va Termiz shahar markaziy dehqon (oziq-ovqat) bozori mutasaddilariga murojaat etdik.

– Bozor talabga javob bermay qolganini o‘zingiz ham kuzatgan bo‘lsangiz kerak, – deydi Termiz shahar hokimi o‘rinbosari G‘.Elomonov. – Prezidentimizning 2017 yil 27 martdagi “2017-2019 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruktsiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq tegishli tashkilotlar ham bozorning holatini o‘rganib, o‘z xulosalarini bergan. Unga ko‘ra, bozor yong‘in xavfsizligi, favqulodda holatda texnikalarning kirib, chiqishi va sanitariya qoidalari talablariga javob bermaydi. Texnik jihatdan yaroqsiz bo‘lib, talabga javob bermay qolgan. Shunga muvofiq shahar hokimi bozor va uning hududidagi savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish hamda umumiy ovqatlanish binolarini buzish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. O‘tgan davrda shahar hokimi qarori ijrosini ta’minlash uchun uzluksiz ogohlantirishlarga qaramasdan, tadbirkorlar binolarni bo‘shatmayotir. Buning natijasida shu erda bunyod etilishi rejalashtirilgan zamonaviy turar-joy binosi qurilishi kechikmoqda.

Shahar obodligi va xalq manfaatini ko‘zlab amalga oshirilayotgan bu ish asnosida Surxondaryo viloyati markazining A.Navoiy nomli va 7-7-loyihaviy ko‘chalari kesishuvidagi hududdan yangi bozor qurilishi uchun 9,9 gektar er maydoni ajratilib, keng, ko‘rkam, ozoda va barcha me’yoriy talablarga javob beradigan “Yashil dunyo” markaziy dehqon bozori qurilib, ishga tushirildi. Ayni paytda Termiz shahar markaziy dehqon (oziq-ovqat) bozori pavilьonlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotuvchilari yangi bozorda o‘z faoliyatlarini davom ettirmoqda. Bundan sotuvchilar ham, xaridorlar ham mamnun.

– Eski bozorning zamonaviy talablarga javob bermay qolganini xaridor sifatida biz ham bilardik, – deydi Termiz shahrida yashovchi mehnat faxriysi, quruvchi X.Toshpo‘latov. – “Kislovodsk” tipidagi pavilьonlar eskirib, suvoqlari ko‘chib qolgan edi. Bunday chang bo‘lib turgan joyda savdo qilishning o‘zi sanitariya talablariga javob bermasa kerak. Ikkinchidan, tadbirkorlarning duch kelgan joyga engil konstruktsiyali do‘konlar qurib, turli oziq-ovqat mahsulotlari va go‘sht sotayotgani xaridorlarning emin-erkin harakatlanishiga halaqit berar edi. Gapning rosti shu bois bu bozorga kirib, savdo qilishga ko‘p ham oshiqmas edim.

Bozor ma’muriyatining aytishicha, eski bozordagi ikkita “Kislovodsk” tipidagi pavilьonlarda 450 ga yaqin savdo rastasi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, yangi bozorda aholining erkin savdo qilishi uchun 743 o‘ringa ega yirik va 250 o‘rinli kichik savdo rastasi barpo etilgan. Bundan tashqari, pavilьonlarga marmar va kafelь yopishtirilib, zamonaviy sanitariya-gigiena sharoitlari yaratilgan. Eski bozorning kanalizatsiya quvurlari, elektr energiyasi uzatish kabellari eskirib qolgani ham sotuvchilaru, xaridorlar uchun bir qator muammolarni ko‘ndalang qo‘yayotgan edi. Yangi bozor bunyod etilishi bilan bu masala ham o‘z echimini topdi. Eski bozorda o‘rinlar etishmasligidan dehqonlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yo‘laklarda o‘tirib sotgan bo‘lsa, endilikda ular marmar va kafelь yopishtirilgan zamonaviy rastalarda savdo qilmoqda.

Mavridi kelganda shuni ham aytish lozimki, mutaxassislarning fikricha, eski bozordagi ikki qavatli yopiq bozor ham texnik jihatdan yaroqsiz holga kelib, yoriqlar paydo bo‘lgan.

– Eski bozor hududida 150 dan ortiq bir qavatli hamda engil konstruktsiyali oziq-ovqat va boshqa xalq ehtiyoji mollari do‘konlari bor, – deydi Termiz shahar markaziy dehqon (oziq-ovqat) bozori mas’uliyati cheklangan jamiyati boshqaruvi raisi Sh.To‘xtaev. – Ularning yuzdan ortig‘ini tadbirkorlar ijaraga olib, aholiga xizmat ko‘rsatib kelayotgan edi. Bu inshootlarni buzish muddati kelganiga qaramay, ularning ayrimlari bu erni bo‘shatib berishni istamayapti. Vaholanki, turli qishloq xo‘jaligi maxsulotlari savdosi bilan shug‘ullanayotgan dehqonlar mavjud rastalarga egalik qildi. Aksariyat qassoblar shu erda savdo xizmatini yo‘lga qo‘ydi. Bozor atrofining o‘rash masalasiga kelsak, shaharning bosh loyihasiga ko‘ra, bu erning bir qismida ko‘p qavatli zamonaviy uylar qurilishi rejalashtirilgan. Bu uylarni qurish uchun afg‘onistonlik tadbirkorlar bilan kelishuv imzolangan. Ular ham ko‘p qavatli uylarni belgilangan muddatda qurib topshirishlari lozim.

Shu kunlarda “Yashil dunyo” markaziy dehqon bozorining er to‘lali yopiq tipdagi ikki qavatli savdo majmuasi ham qurilmoqda. Majmuaning keng er to‘lasida oltmishga yaqin omborxona, 89 ta xo‘jalik mollari va ulgurji savdo faoliyatini amalga oshirishga mo‘ljallangan savdo do‘konlari, birinchi qavatda 50 dan ortiq oziq-ovqat va go‘sht mahsulotlari do‘koni, 729 ta qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari sotiladigan savdo rastalari barpo etilayotir. Ikkinchi qavatda 139 ta noziq-ovqat mahsulotlari savdo do‘konlari, ikkita ovqatlanish shoxobchasi qad rostlamoqda. Quruvchilar mazkur majmuani tezroq foydalanishga topshirish choralarini ko‘rmoqda.

Xullas, biz tegishli mutasaddilarga uchrashib, bozordagi tadbirkorlar ko‘chirilishining asosli sabablari borligini kuzatdik. Bu masalaning joriy yil 5-10 aprelь kunlari Termiz shahrida bo‘lib o‘tadigan “Xalqaro baxshichilik san’ati festivali”ga aloqasi yo‘qligini ham ta’kidlab o‘tmoqchimiz. Lekin, yangi bozorda bo‘lganimizda ayrim sotuvchi va xaridorlar bu erga yo‘nalishli transport vositalari qatnovini ko‘paytirish taklifini ilgari surdi. O‘ylaymizki, bu masala ham yaqin kunlarda o‘z echimini topadi. Shunday ekan, ayting, kundan-kunga chiroy ochib, xorijlik sayyohlarni ham o‘z bag‘riga chorlayotgan qadimiy shahar nomiga “dog‘” tushirish shu erlik aholiga, qolaversa mezbonu-mehmonlarga xizmat ko‘rsatadigan tadbirkorlarga ko‘proq zarar keltirmaydimi?…

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA