O‘zbekistonlik bir guruh jurnalistlar Ozarbayjonda

2019-08-12T12:02:19+05:0025 March, 2019|Umumiy yangiliklar|

Turizm – jahonda tez taraqqiy etib borayotgan sohalardan biri bo‘lib qoldi. Har yili millionlab kishilarning dam olish va sayohatga chiqish niyatida yo‘lga otlanishi natijasida bu tarmoq kun sayin kengayib bormoqda. Ayni yo‘nalishda Ozarbayjonda ham bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi huzuridagi H.Aliev nomli Ozarbayjon madaniyat markazi o‘zbekistonlik bir guruh jurnalistlar uchun media-tur tashkil qildi.

Toshkentning Islom Karimov nomli xalqaro aeroportidan havoga ko‘tarilgan samolyot roppa-rosa ikki yarim soatdan keyin Bakudagi H.Aliev nomli xalqaro aeroportga kelib qo‘ndi. O‘zbekistonlik jurnalistlar aeroport VIP zalida kutib olindi va shahardagi nufuzli “Pulimon” mehmonxonasiga joylashtirildi.

O‘zbekistonlik jurnalistlar avvaliga Icherisheher qal’asini aylandilar. Mahalliy mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda, bu kabi tarixiy obida Sharq mamlakatlarining birortasida ham uchramas ekan. Hozircha yodgorlikning qachon va kim tomonidan nima maqsadda qurilgani borasidagi bahs-munozaralar davom etmoqda.

Ko‘plab tarixchilarning fikricha, ayni damda Bakuning ramzi bo‘lmish bu obida eramizning boshlarida bunyod etilgan. Biroq binoning eramizdan avvalgi asrlarda qurilganini aytuvchi tarixchilar ham bor.

O‘zbekistonlik jurnalistlar borgan navbatdagi manzil Ozarbayjonning taniqli namoyondalari dafn qilingan qabriston bo‘ldi. Bu qabristonda taniqli davlat va jamoat arbobi Haydar Aliriza o‘g‘li Aliev dafn qilingan. O‘zbekistonlik jurnalistlar ularning xotirasini yodga oldilar.

Shundan so‘ng Gisor tumani otlanishdi. Bakuda bahor nashidalari hukmronlik qilayotgan bir vaqtda mazkur tumandagi Shoxdag turistik majmuasida yog‘ayotgan qalin qor sayyohlarni o‘ziga jalb etib keladi.