Ko‘klamdan bir mujda keldi

2019-08-12T12:02:21+05:0020 March, 2019|Umumiy yangiliklar|

Har yili ko‘klam kirishi bilan Navro‘z ayyomini ulug‘lab so‘z ochamiz, yangi kunning mazmun-mohiyatini chuqurroq tushunib, aks ettirishga urinamiz. Tarixiy asarlarga qayta murojaat qilamiz, ko‘pni ko‘rgan keksalar, folьklorshunos olimlar so‘ziga quloq tutamiz.

Navro‘z haqida ko‘plab qadimiy sarchashmalarda, Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, Umar Hayyomning “Navro‘znoma”, Firdavsiyning “Shohnoma”, Navoiyning “Tarixi muluki Ajam” va boshqa olimlarning qator asarlarida, zardushtiylik diniga oid manbalarda qimmatli ma’lumotlar berilgan. Ularning ko‘pchiligi mifologik, afsonaviy mohiyatda bo‘lsa-da, ma’lum darajada haqiqatni aks ettiruvchi, ma’naviy merosimiz xazinasiga mansub durdonalardir.

“Bu kun — farishtalar qadrlaydigan kundir, chunki shu kuni farishtalar yaratilgan. Bu kunni payg‘ambarlar ham qadrlaydi, chunki shu kuni quyosh yaratilgan. Bu kunni shohlar ham qadrlaydilar, chunki bu kun yilning birinchi kunidir”, deb yozadi buyuk ajdodlarimizdan biri Abu Rayhon Beruniy. Uning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida shunday deyiladi: “Eron olimlarining ba’zisi u kunni navro‘z deb atashining sababi shuki, Jamshid (qadimgi Eron podshohlaridan) o‘z saltanatida anchagina yangi tartiblar joriy etdi, jumladan, majusiylar dinini yangiladi va bu kun “Navro‘z” – “yangi kun” deb ataldi”. Asarda Jamshid saltanati bilan bog‘liq yana bir rivoyatda quyidagicha ma’lumot bor: “Jamshid o‘ziga arava yasattirib oldi. O‘sha kuni aravaga chiqqach, jinlar va shaytonlar uni havoga ko‘tarib, bir kunda Dunbovanddan (Damovand tog‘i) Bobilga olib bordilar. Odamlar bu ajoyib voqeani ko‘rgach, o‘sha kunni hayit qildilar va Jamshidning (aravada uchishiga) taqlid qilib arg‘imchoqlarda uchdilar”.

Bu rivoyat Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma” dostonida ham nazm etilgan:

Jamshidga sochishar oltinu gavhar,

Shu kunni yangi yil – bayram deyishar.

Yil boshi Hurmuzu edi Farvardin

Dilda na g‘am qoldi, na adovat, kin.

Beruniyning yozishicha, Navro‘z kunida bir soat bor, shu soatda firuz falaki ruhlarini maxluqotni yaratishga haydaydi. U kunning eng saodatli soatlari Quyosh soatlaridir. Uning tongida yorug‘lik imkon boricha erga yaqinlashadi, odamlar unga qarash bilan o‘zlarini baxtli sanaydilar. Alloma bu fikrlari orqali Quyoshning yillik harakati, ekvatordan shimoliy yarimsharga siljishi, kunlarning uzayib borishi, quyosh nurining erga tobora tik tusha boshlashi, natijada kunlar isishi, birin-ketin bahor va yoz fasllarining kirib kelishini ta’kidlaydi.

Ulug‘ alloma Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonida Navro‘zning bayram qilinishi quyidagicha ta’riflanadi:

Ki bu sur erur olam afro‘z ham,

Xususan erur fasli Navro‘z ham.

Folьklorshunoslarning fikricha, rivoyatlardan ikki xil xulosa kelib chiqadi. Birinchisi – Navro‘z bilan bog‘liq rivoyatlarning ko‘pi podshoh Jamshidga mansub voqealardan iborat, ikkinchisi – Navro‘zni belgilashda astronomik tamoyillarga amal qilingan va ushbu bayram er haqida dastlabki tasavvurlar paydo bo‘lgan zamonlardan boshlab shakllangan.

Inson uchun vaqtni bilish, avvalo, Quyosh chiqishi va botishiga e’tibor berishdan boshlangan. Keyinchalik ular Oy harakatini ham kuzata boshlaganlar. Bu ma’lumotlar odamlarning tirikchilik tashvishlari, ov qilish, chorvachilik, ayniqsa, dehqonchilik ishlari uchun zarur edi. Umar Hayyom “Navro‘znoma” asarida bu kunni nishonlash Quyoshning yillik harakatiga asoslanganini ta’kidlab o‘tadi.

Yigirma birinchi martda Quyosh nurlari Er ekvatoriga tik tushadi va bu vaqtda kecha bilan kunduz uzunligi har ikkala yarim sharda ham bir xil bo‘ladi. Bu holat shimoliy yarim sharda bahorgi tengkunlik deb ataladi.

Tarixda Navro‘zga munosabat turlicha bo‘lib kelganini ko‘rish mumkin. Sosoniylar davrida bu kunni yozgi tengkunlikda nishonlashni rasm qilishga urinishgan, lekin xalq bayrami sifatida u baribir bahorda kutib olinavergan. Sobiq ittifoq davrida bayramni nishonlash taqiqlab qo‘yilgan.

Birinchi Prezidentimizning 1990 yil 3 maydagi Farmoni bilan 21 mart yurtimizda Navro‘z umumxalq bayrami va dam olish kuni, deb e’lon qilindi. Mazkur Farmon ham madaniy-ma’naviy, ham tarixiy-siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan hodisa bo‘ldi. 1990 yildan buyon Navro‘z mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida tantana qilib kelinadi. Navro‘z bayrami tiklanishi bilan qadimiy urf-odatlarimiz, marosimlarimiz qayta ko‘z ochdi.

Navro‘z bayramining asosiy qismi tomosha hisoblanadi. Bizda qadimdan “Maydon tomoshasi” degan tushuncha bor. Ya’ni, maxsus tayyorlangan sahnalarda emas, dalalarda qiziqchilar, xalq teatri vakillari, dorbozlar, askiyachilar, xalq ansambllari chiqishlari bo‘lganki, buni “Maydon tomoshasi” deb aytilgan. Ana shunday keng maydon tomoshalaridagi qadimiy urf-odatlar, harakatlar Navro‘z bayramini nishonlash munosabati bilan tiklandi. Masalan, xalqimizda qadimdan kovush raqsi bo‘lgan. Shu raqs qaysidir bir qishloqlarimizda saqlanib qolgan ekan va bugungi kunda Navro‘z bayrami dasturiga kiritildi. Bu kabi qayta tiklangan qo‘shiqlar, raqslar, laparlar allaqancha. Va shu munosabat bilan mamlakatimizda folьklor-etnografik ansambllar keng quloch yoydi. Hozirda nafaqat har bir viloyatda, balki har bir tumanda, qishloqlarimizda ham folьklor-etnografik ansambllar mavjud. Ularning repertuarlarida asosan Navro‘z bilan bog‘liq urf-odatlar, qo‘shiq va laparlar o‘zining sahnaviy talqinini topmoqda. Birgina misol — kelin salom. Sahnada siz ko‘rganingiz kelin salom real hayotda, turmushdagi kelin salomdan farqlanadi. Demak, turmushda bo‘ladigan kelin salomning sahnaviy talqini yaratilgan. Bu sahnaviy ko‘rinishlarda o‘sha an’analardagi asosiy holatlar saqlanib qolindi. Bular sirasiga qo‘sh haydashda, xirmon sovurishda, hunarmandchilikda aytiladigan o‘nlab qo‘shiqlarni kiritish mumkin. Ular barchasi Navro‘z bayramida talqin etilmoqda. Bu madaniy hayotimizdagi ulkan voqealardan hisoblanadi.

Ma’lumki, mustaqillik yillarida Navro‘z umumjahon bayrami sifatida tan olindi. 2009 yilda YuNESKO tomonidan Navro‘z insoniyatning nomoddiy madaniyat merosi ro‘yxatiga kiritildi.

Navro‘z bayrami elimizda obodlik, tinchlik-totuvlik, millatlaro ahillik, bag‘rikenglik ramzi, qalblarimizda ezgulik uyg‘otadigan haqiqiy sharqona bayram bo‘lib qolaveradi.

Xolida FAYZIEVA