O‘zbekiston Milliy matbuot markazi raisining vazirlar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlariga murojaati

2019-08-12T12:02:24+05:0011 March, 2019|Umumiy yangiliklar|

“Xalq davlat idoralariga emas,

balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”.

Shavkat Mirziyoev

Barcha demokratik davlatlarda vazirlar va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari jamiyatda ro‘y berayotgan yoki berishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar yuzasidan jamoatchilikka tezkor axborot berib borishadi.

Evropa davlatlarida vazirlar har kunlik ishini “Milliy matbuot markaz”ida (Markazlar turli davlatlarda turlicha nomlansa-da, barcha davlatlarda yagona hisoblanadi va uning boshqa shakldagi muqobili yo‘q) jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otgan voqea-hodisalar, tanqidiy munosabat bildirilgan yoki keng muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan o‘zining munosabatini bildirib, boradilar.

Lekin negadir hurmatli rahbarlar, Siz bu tajribadan samarali foydalanmaysizlar.

To‘g‘ri, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Mudofaa vazirligi, Mehnat va bandlik munosabatlari vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi hamda Samarqand va Surxondaryo viloyatlari hokimligi bu borada ancha tajriba to‘plagan.

Biroq xalq ta’limi, madaniyat, tibbiyot, farmatsevtika, yoshlar, ma’naviyat, matbuot va so‘z erkinligi, ijtimoiy himoya masalalari, uy-joy, qurilish, qishloq va suv xo‘jaligi, fermerlik harakati, havo va temir yo‘llari, kommunikatsiya, tashqi savdo, import, tadbirkorlik, investitsiya, tashqi mehnat migratsiyasi siyosati va boshqa sohalardagi olamshumul yangiliklar, jamiyatimizda ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarishlar to‘g‘risida, hayotimizda amalga oshirilayotgan tub burishlar haqida to‘laqonli ma’lumotlar deyarli berilmayapti.

Natijada keyingi ikki yil davomida mamlakatimizning barcha jabhasini birdek qamrab olgan islohotlarning mazmun-mohiyati haqida, Davlat dasturlarining bajarilish jarayonlari va belgilangan chora-tadbirlar, ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan muhim axborotlar sirligicha qolib ketmoqda!

Biroq odamlar, jurnalistlar, shu jumladan, blogerlar Siz aytmagan axborotlarni yot, shubhali manbalardan izlabgina qolmay, topib ham olayotirlar.

Shahar darvozasini yopish mumkin, lekin informatsiyani yopib bo‘lmaydi. Kundan-kunga shiddat bilan o‘zgarayotgan zamon uzuq-yuluq javoblar bilan qanoatlanmay qolganligi ham hech kimga sir emas.

Shunday ekan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan ko‘ndalang qo‘yilgan bir-biridan muhim, dolzarb vazifalarni sifatli va samarali amalga oshirish jarayonlari haqidagi shaffof, to‘g‘ri hamda xolis axborotlar bugun jamiyatga suv bilan havodek zarur.

Demak, birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida boshlangan mamlakatni modernizatsiyalash jarayonlari, qabul qilinayotgan qonun va normativ huquqiy hujjatlarning maqsad-muddaosi, tarmoq, soha va hududlarni rivojlantirish, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari ijrosining bugungi holati to‘g‘risida xalqimiz bugun bilishi lozim.

Ikkinchidan, xalqimizning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida g‘ov bo‘lib qolayotgan byurokratizm, tamagirlik, loqaydlik va korruptsiya singari illatlarga qarshi olib borilayotgan izchil kurashlar haqida bugun aytilishi kerak.

Uchinchidan, xalqimizning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, o‘z kuchiga, ertangi kuniga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash va yangi marralar sari safarbar etish borasida olib borilayotgan ustuvor vazifalar haqida, mamlakatimizda ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, millatlararo hamjihatlik muhitini mustahkamlash borasida belgilangan chora-tadbirlar to‘g‘risida odamlar bilib borishi nur ustiga a’lo nur bo‘ladi.

To‘rtinchidan, jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otayotgan voqea-hodisalar, OAVda, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan kechiktirmasdan qat’iy yondashuvingizni ma’lum qilishingiz, muayyan mavzu bo‘yicha xalqimizda, jurnalistlarda, shu jumladan, blogerlarda tug‘ilayotgan savollarga aniq va asosli javobingizni qaytarishingiz, lozim topilsa, har kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazi minbarida munosabatingizni bildirib borishingiz kerak.

O‘zbekiston Milliy matbuot markazi bu masalalar yuzasidan Sizga ishonchli minbardir.

O‘z navbatida Markazda vazirlar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari OAV vakillariga to‘g‘ri, xolis va shaffof axborotlarni berib borishi uchun davr talab qilgan darajadagi imkoniyatlar hozirlangan. OAV vakillari uchun axborotlarni olish va ularni tezkor uzatishiga qulay sharoitlar yaratilmoqda. Markaz faoliyatini yana-da takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini modernizatsiyalash borasida chora-tadbirlar belgilangan.

Shu bilan bir vaqtda, Markaz anjumanlarida ishtirok etadigan mahalliy va xorijiy muxbirlar, mustaqil jurnalistlar, blogerlar, fotomuxbirlar ro‘yxati shakllantirilib, doimiy hamkorlikda ishlovchi “Jurnalist va blogerlar klubi”ni tashkil etish borasida ishlar olib borilmoqda.

Hurmatli vazirlar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari!

Mamlakatimizda fuqarolarning to‘g‘ri va xolis axborot olish sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarishni davrning o‘zi talab qilmoqda. Bu boradagi o‘rningiz va rolingiz birinchi qatorda turganini xalqimiz juda yaxshi biladi.

Shuning uchun O‘zbekiston Milliy matbuot markazi Siz bilan o‘zaro hamkorlikni yana-da mustahkamlashga, takomillashtirishga va matbuot hamda so‘z erkinligini amalda ta’minlashga tayyor!

Shavqiddin G‘aniev,

O‘zbekiston Milliy matbuot markazi raisi