«O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi yo‘llanmasi bilan» turkumidan: BUYUK SAFARBARLIK

2019-08-12T12:02:24+05:007 March, 2019|Umumiy yangiliklar|

Bugun ekologik fojia o‘choqlaridan biri bo‘lgan Mo‘ynoq va Orol dengizining suvsiz hududlarida davom etayotgan buyuk safarbarlik haqida eshitmaganlar bo‘lmasa kerak. Nukus shahri yaqinida tarmoqlarga bo‘linib, jildirab qolgan ko‘hna Jayxun osha Qo‘ng‘irot sari borayotgandayoq odamlarning “Orolgami? Yaqinda ko‘z ochgan buloqni ko‘rgani boryapsizlarmi?” degan savollariga tez-tez javob berishga to‘g‘ri kelardi. Poezddan tushib Mo‘ynoqqa yo‘l olarkanmiz, qariyb yuz chaqirimlik masofada yurtimizning turli viloyatlari va xalqaro tashkilotlar belgisi qo‘yilgan turfa rusumdagi mashinalarga ko‘zimiz tushib, shu kunlarda butun dunyoning e’tibori Orolga qaratilganini his etdik.

* * *

Mo‘ynoqda mehmonxonaga joylashib, Orolqum qo‘ynida atrof-muhitga zahar sochadigan sho‘rxok qum to‘zonlari yo‘lini to‘suvchi saksovulzorlar yaratilayotgan hududlar sari yo‘l oldik. Etmish-sakson kilometrlardan so‘ng himoya o‘rmonzorlari yaratish bo‘yicha tashkil etilgan qarorgohga etib keldik. Vagonnusxa modulь uylar, chodirlar, o‘tovlardan iborat muvaqqat manzilni bamisoli mo‘’jaz shaharcha deysiz. Shu joyda tashkil etilgan “shtab”da keng miqyosda davom etayotgan ishlarni muvofiqlashtirib borish uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Yuz chaqirim masofa bosib, hozirgina Chag‘alay (Shag‘ala) deb atalgan hududdan etib kelgan Fuqaro muhofazasi institutining kafedra boshliqlari Baxtiyor Haydarov va O‘tkir Nazarov bilan suhbatimizdan amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami yanada oydinlashdi. O‘tkirbekning aytishicha, Orol kengliklariga ekilayotgan har bir saksovul besh-olti yildan so‘ng tarvaqaylab o‘sib, o‘n ming tonnaga qadar qumni tutib qolarkan. Endi tasavvur eting: hududda ish boshlanganidan to shu kungacha (10 fevralь) traktorlar yordamida sakkiz yuz ming gektarga yaqin maydonlarda jo‘yak olinibdi. Samolyot yordamida ikki yuz ming gektarga yaqin, traktorlarda esa yuz ming gektardan ziyod, jami uch yuz ming gektardan ortiq maydonga saksovul urug‘lari sepilgan. Jo‘yak olish bo‘yicha bir kunlik o‘rtacha miqdor 29 ming, saksovul urug‘i ekish esa salkam ikki ming gektarni tashkil etayotgan ekan. Binobarin, ulug‘ ishga safarbarlik shu tarzda davom etsa, yana o‘n yillardan so‘ng bog‘u-bo‘stonlar zavoli bo‘lgan qum bo‘ronlari butkul jilovlanib, Orol kengliklaridan beg‘ubor nasimlar esa boshlashiga ishonging keladi.
Cuhbatimiz davomida Orol kengliklarida bir nechta aerodrom tashkil etilib, ming tonnaga yaqin saksovul urug‘i zaxirasi tayyorlangani, uchoqlar yordamida shimoliy yo‘nalishdagi 62- va 105-kilometrlarda bir kunning o‘zida o‘n ming gektardan ziyod maydonga urug‘ sepilganidan voqif bo‘ldik.
Hududni o‘rganish jarayonida saksovulzorlar barpo etiladigan bir qancha yangi yo‘nalishlar belgilab olinibdi. Shu munosabat bilan Farg‘ona vodiysi va Sirdaryo viloyatlari otryadlari bu erdan 83 kilometr naridagi hududga, Xorazm, Surxondaryo va Navoiy viloyatlaridan kelgan bo‘linmalar yigirma kilometr radiusdagi Axantay kengliklariga ko‘chirilibdi. Jizzax va Toshkent viloyatlari otryadlari Surg‘il, Buxoro viloyati hasharchilari g‘arbiy, qoraqalpog‘istonliklar esa 108-, 120- va 131-kilometrlardagi shimoliy kengliklarga jalb qilinibdi.
– Yangi yilni shu erda kutib oldik, – deydi Alpomish qomatli Baxtiyorbek qarorgoh o‘rtasida qad ko‘tarib turgan katta archani ko‘rsatib. – Hech kim bayramni uyimda o‘tkazaman deb ketmadi.
Axir, bu erda – dengiz sathidan oltmish sakkiz metr pastda joylashgan ekstremalь sharoitlardagi kengliklarda dunyo tarixining o‘ziga xos yangi sahifalari yaratilmoqda. Yangi yilda Orol ko‘ksida archa bezatilib, mashhur xonandalarning tashrif buyurishi, hayajonli uchrashuvlar buyuk ishga safarbar etilgan minglab Vatan farzandlari qalbida unutilmas taassurot qoldirganini ularning yuz-ko‘zida balqqan iftixor tuyg‘ularidan sezib turardik.

* * *

Navoiy viloyatining o‘rmonchi va hasharga jalb etilgan jamoalari ishlayotgan joyga yo‘l olamiz. Bu erlarning o‘ziga xos jug‘rofiyasini yaxshi o‘rgangan Baxtiyor Haydarovdan bizga hamroh bo‘lishni iltimos qildik. Endi saksovul ekilgan maydonlar ortda qolib, yo‘lning bir zumda ko‘chma qumlar ko‘mib yuborishi mumkin bo‘lgan og‘ir qismlari boshlanadi. Ko‘p o‘tmay qamish bog‘lamlaridan qumto‘siq yaratayotgan o‘rmonchilar yonida to‘xtaymiz. Mo‘ynoq o‘rmonlarni qo‘riqlash va saqlash boshqarmasi muhandisi Sobit Najmatdinovdan yuzga yaqin o‘rmonchilar Arslonquyruq va Surg‘ildagi ishlarga jalb etilganini bilib olamiz. Ular davlat va xalqaro fond mablag‘lari hisobidan har yili besh ming gektar maydonda saksovul o‘rmonzorlari barpo etishayotgan ekan. Yusuf To‘laganov, Jo‘lmirza Davletov, Orzumurod Xo‘jamurodov kabi o‘rmonchilar o‘z ishining mohir ustasiga aylanishgan…
Hali manzilimiz uzoq. Goho yo‘limizdan tovushqon yugurgilab o‘tib qoladi, goho chig‘anoqlar gilamday to‘shalgan taqirliklarga duch kelamiz. Jo‘yaklar olingan bo‘lajak o‘rmonzor manzarasi esa amalga oshirilgan ishlar ko‘lamini yaqqol namoyon etadi. Bu erlarning shart-sharoiti haqida so‘zlayotgan Baxtiyorbekning gurunglari hammani hushyor torttiradi:
– Dengiz osti hududlari hozir ko‘rayotganingizday tekis emas, – deydi u. – Qum bilan tuz aralash ochiq maydonlar, hatto “jip”laru yo‘l tanlamas “vezdexod”lar ham o‘tolmaydigan tuzli botqoqliklar ko‘p. Barcha viloyatlardan har jihatdan soz va qudratli traktorlar safarbar etilgani ishimizga qanot bo‘lmoqda. Aks holda 25 darajadan oshadigan achchiq sovuqlarda to‘xtovsiz ishlab bo‘lmasdi.
Qarshimizdan kelayotgan texnikalar karvonini ko‘rib to‘xtadik. Mashhur “John Deer” kompaniyasi “tulporlari” peshonasidagi “Navoiy viloyati” degan yozuvni o‘qigach, traktorlar yangi maydonlarga jalb etilganini angladik. Qiziltepalik traktorchi Oxunjon Muzaffarovga yo‘l ustida bo‘lsa ham savollar bera boshlaymiz. “Bu erga ikkinchi navbatda kelganlardanman, – deydi u. – Ikki haftadan buyon saksovul urug‘lari ekayapmiz. Kabina issiq, barcha sharoitlari bor, hamma narsa etarli…”. Shu joyda FVV Surxondaryo viloyat boshqarmasi vakili Xurshid Sobirov ham suhbatimizga qo‘shiladi. Boshqarmaning ellikka yaqin xizmatchisi ikki oydan buyon 25 ta texnika bilan saksovul urug‘i ekish va jo‘yak olishda qatnashayotgan ekan. “Jami 65 ming gektarda jo‘yak ochdik”, deydi u. Viloyat o‘rmon xo‘jaligi mutaxasislari esa o‘ttizdan ortiq texnika bilan boshqa hududlarga safarbar etilibdi.
Traktorlar karvoni o‘tib ketgach, Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xodimlari Azamat Suyunov va Avazbek Abdurahmonov bilan yo‘limizda davom etar ekanmiz, Baxtiyorjon uzoqda ko‘ringan “jip” mashinasiga ishora qilib, ana, siz izlagan Novitskiy kelyapti, dedi. Mashinadan oppoq yuzli barvasta kishi tushib kelib, Baxtiyorjon bilan eski qadrdonlardek quchoqlashib ko‘risha ketdi. Ular Orolqum kengliklarida elkama-elka ishlab, og‘a-inilardek bo‘lib ketishgani-ku, rost, biroq yana bir sabab ham bor ekan – bu bizga keyinroq ma’lum bo‘ldi. Havo haddan ziyod sovuq edi. Shu sababli yoshi ulug‘ akademik bilan mashinaga kirib suhbatlashdik. O‘rmon xo‘jaligi ilmiy tadqiqot instituti himoya o‘rmonlari yaratish va o‘rmon melioratsiyasi laboratoriya mudiri Zinovey Novitskiy ko‘p yillardan buyon Orolqumda faoliyat olib borayotganini eshitgan edik. Shu bois gurungimiz umrini o‘rmon yaratishga bag‘ishlagan fidoyi olimning tajribalari haqida bordi.
– O‘tgan yil 24 avgust kuni Prezidentimiz Turkmanboshi shahrida bo‘lib o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlar rahbarlari kengashi majlisidagi nutqida cho‘l sharoitiga chidamli va oziqbop o‘simliklar ko‘chatlarini etishtirish bo‘yicha Mintaqaviy markaz tashkil qilishni taklif etib, olimlar ma’lumotiga ko‘ra, 10 – 12 yil davomida dengizning qurigan qismini daraxtzor va butazorlarga aylantirish mumkinligiga e’tibor qaratgan edi, – deydi Zinovey Bogdanovich. – Shu yo‘l bilan nafaqat sho‘rxok qumlar ko‘chishining oldini olish, ayni paytda, oziqli ekinlar etishtiriladigan hududlar va mahsuldor yaylovlar tashkil etish, chorvachilikni rivojlantirish, odamlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadi ham ko‘zda tutilgan edi. Davlatimiz rahbari 2018 yil 15 noyabrda Mo‘ynoqqa tashrif buyurganda esa, menga bu borada tadqiqot olib borayotgan olim sifatida ma’ruza qilish, ilmiy kuzatishlar natijasini taqdim etishga imkon berildi. To‘g‘risi, juda hayajonlandim. Davlatimiz rahbari so‘zimni e’tibor bilan tinglayotgani meni ancha dadillantirdi. Ilmiy kuzatishlarimiz asosidagi xulosalarni batafsil bayon qildim. Qum ko‘chishining oldini oluvchi saksovulzor o‘rmonlar yaratish bilan birga chog‘on, boyalish, teresken kabi ekinlar ekilgan bir gektar yaylovdan oradan besh yil o‘tib yiliga besh yuz oziq birligiga teng em-xashak olish mumkinligini ham aytdim. Bu haqda aniq dalillar keltirdim. Davlatimiz rahbari menga yuzlanib, bu borada davlat dasturi ishlab chiqilsa, ilmiy rahbarlikni zimmangizga olasizmi, deb so‘radi. Bu men uchun katta sharaf edi, bir oz o‘ylanib, “Albatta” deb javob berdim. Haqiqatda ham ikki-uch hafta o‘tar-o‘tmas hukumat dasturi ishlab chiqilib, men unga ilmiy rahbar etib tayinlandim.
Zinovey Bogdanovich bu erda 1981 yildan buyon ish olib borayotir. U tadqiqotlarga kirishgan ilk yillarda bunday tajriba yo‘q edi. Negaki, jahon ko‘lamida ham dengiz qurib, uning ochilib qolgan tubida nimanidir o‘stirish mumkinligi hali hech kimning xayoliga kelmagandi. O‘tgan yillar mobaynida olim shu yo‘nalishdagi yigirmaga yaqin ilmiy loyihaga rahbarlik qildi. Shulardan ikkitasi xalqaro loyiha. Orolning qurigan tubida himoya o‘rmonzorlari yaratishning ilmiy asoslari mavzusida doktorlik dissertatsiyasi yoqlagan Z.Novitskiyning obro‘-e’tibori oshib, Rossiya Tabiiy fanlar akademiyasi, BMT huzuridagi Informatizatsiya va yangi texnologiyalar xalqaro akademiyasi a’zoligiga saylandi.
Ma’lumki, har yili Orolning qurigan tubidan havoga 150 million tonnagacha qum va tuz zarralari ko‘tariladi. Ekologik inqiroz oqibatlarini bartaraf etishda, dengizning suv qochgan hududlarini muolaja qilish birinchi darajali vazifaga aylandi. Prezidentimiz da’vati bilan boshlangan buyuk safarbarlik har qancha e’tirofga munosibdir. “Orol dengizi tubidagi suvi qurigan hududlarda “yashil qoplamalar” – himoya o‘rmonzorlari barpo etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori asosida shu maqsadlar uchun yuz milliard so‘m mablag‘ ajratilgani ham bejiz emas. Yillar o‘tadi, Orolning yashil qalqoni vujudga keladi. Ekstremalь turizm, avtorallilar tashkil etiladi. Hozir ikki joyda chuchuk suv manbai topilgan. Bunday artezian quduqlar elliktaga etkaziladi. Ularning atrofida sug‘orma yaylovlar, yam-yashil kichik vohalar vujudga keladi. Tuyachilikni rivojlantirish orqali shifobaxsh sut bilan davolovchi maskanlar ochiladi.
– Xizmat yuzasidan chet ellarda ko‘p bo‘laman, – deb so‘zida davom etadi suhbatdoshimiz. – Hamma Orol haqida so‘raydi. Bu joylarni kelib ko‘rishga ishtiyoqmand odamlar ko‘p. Sayyohlarga xizmat ko‘rsatish mamlakat xazinasini boyitadi. Hozir siz ko‘rib kelayotgan qarorgoh o‘rnida shahar bunyod bo‘ladi, desam ishonavering. Axir, kim o‘ylabdi Zarafshon va Uchquduq kabi zamonaviy shaharlar sahroning qoq o‘rtasida qad ko‘taradi deb. Ularda odamlar bugun megapolislardagi kabi yayrab yashayati-ku. Demak, Orol kengliklari ham o‘sha shaharlar kabi obod bo‘lishiga shubha qilmaymiz… Men yaqinda katta bir yig‘ilishda olim sifatida o‘zimni g‘oyat to‘lqinlantirgan, hatto badiiy asarlarga epizod bo‘lgulik bir voqeani aytib berdim. Yangi yil arafasi edi. Orolning yaqinda suvi qochgan hududlaridan horib-tolib, ezilgan bir holda qaytib kelgandim. Havo juda sovuq, hammayog‘im ho‘l, botinkam, paypoqlarim jiqqa suvga botgan, arang gavdamni tutib turardim. Shunda bilasizmi qanday voqea yuz berdi? Shtabga kelib, poyafzalimni echganda ahvolimni ko‘rgan ofitserlar, ular etti-sakkiz kishi edi, birdaniga barchasi jomadonlarini ochishdi. Men harbiy emas – olim odamman, lekin ularning himmatidan shoshib qoldim. Hammasi: “Mening poyafzalimni oling”, “Menikini kiyib ko‘ring”, deya iltifot qilishardi. Biroq ular kichiklik qildi. Shunda mana shu Baxtiyorjon: “To‘xtang. Bir oz kutib turing”, deya qo‘shni xonadan o‘zining jomadonini olib chiqdi va undan – o‘ziniki emas, do‘stlaridan biri zarur bo‘lganda foydalanasan, deb berib yuborgan yap-yangi etikni oldi. “Mana shu sizga to‘g‘ri keladi, darrov kiyib oling”, dedi. Etikni kiyib jonim huzur qildi. Baxtiyor menga eng og‘ir damda yordam qo‘lini cho‘zdi. Bu mardlikni butun umr unutmayman.

* * *

Darhaqiqat, himoya o‘rmonlari yaratib qum to‘zonlarini jilovlashga bel bog‘lagan barcha yurtdoshlarimizni el dardiga ko‘ksi qalqon fidoyi pahlavonlarga mengzaging keladi. Bu yil qishning nisbatan yumshoq kelishi ham amalga oshirilayotgan ishlarga katta unum va baraka bag‘ishlabdi. Olinayotgan jo‘yaklarga bahor va kuzda ko‘chat qadaladi. Ish Orolning so‘nggi qarich qurigan tubi qolguncha davom etadi. Jahon tajribasida ko‘rilmagan ulug‘ ishlarga o‘z olimlarimiz va hukumatimiz tomonidan asos solinayotgani faxr-iftixorga munosib. Ha, biz bugun yaqin o‘tmishning ma’shum xatolari bois kelib chiqqan ekologik fojia oqibatlarini bartaraf etishga bel bog‘ladik. Davlatimiz rahbari tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan xalqaro tashkilotlar ezgu ishlarimizga xayrixoh bo‘lishmoqda. Xaritaga nazar solsak, buyuk tarixiy ishlar amalga oshayotgan mazkur hudud Orol dengizining qoq o‘rtasi bo‘lib chiqadi. Shu joydan Ustyurt ortidagi Hazar dengizi besh-olti yuz chaqirimdan oshmaydi. Ulug‘vor sukunat og‘ushidagi Osiyo kengliklari shimol o‘rmonlariyu bepoyon ummonlarga tutashib ketgan. Beixtiyor atoqli shoirimizning “Ona sayyora” she’ri xayolga keladi:
… Sharqda cho‘pon yoqqan gulxanning nuri
Shimol sayyohiga ko‘rinib turar.
… Ellar to‘zg‘ib yotar gul yaprog‘idek
Bir yon shohu gado, bir yon do‘st g‘anim.
Bir yonda xayoliy Eram bog‘idek
Buyuk va betimsol mening vatanim.
U mening ko‘zimga hilolday mahvash,
Oftob kelar faqat uning qoshiga.
O, ona sayyora, bag‘ringni poklash
Mening vatanimning tushgan boshiga.
… Toleing to abad bo‘lmasin qora,
Manglaying oq bo‘lsin, yarqiroq bo‘lsin.

Murod ABDULLAEV,
O‘zbekiston Respublikasida
xizmat ko‘rsatgan jurnalist