Uyushma jurnalist ayollarni rag‘batlantirdi

2019-08-12T12:02:25+05:007 March, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hamkorligida “Ayolning oiladagi mavqeini oshirishda ommaviy axborot vositalarining ma’suliyati” mavzuida davra suhbati tashkil etildi.

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan ushbu muloqotga mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida mehnat qilayotgan faol va fidoyi jurnalist xotin-qizlar taklif etildi.

Davra suhbatida O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi S.Hakimov, «Oila» ilmiy-amaliy markazi direktori, Senator Dilorom Toshmuhamedova, Uyushma qoshidagi Jurnalist ayollar kengashi raisi Feruza Odilova va boshqalar yurtimizda ayollar faolligini oshirish, oila institutini shakllantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani, jamiyatimizda xotin-qizlarimiizning tutgan o‘rni, onalar va bolalar salomatligini yanada mustahkamlash bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilayotgani, qator yutuqlarga erishilayotgani, bu jarayonlarni yoritishda ommaviy axborot vositalari alohida o‘rin tutishini ta’kidladilar.

Shuningdek, so‘zga chiqqanlar jurnalistlarning ayolning oiladagi o‘rni, bola ta’lim-tarbiyasidagi hissasi haqidagi maqola, teleko‘rsatuv va radioeshittirishlari sifatini yanada oshirish borasida markaz mutaxassislari bilan yaqindan hamkorligi muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etdilar. Ushbu yo‘nalishda ixtisoslashgan ijodkorlar bilimini oshirish, axborot manbalaridan to‘g‘ri foydalanish, ayollar va oila mavzusini OAVda yoritishda etika me’yorlariga rioya etish yuzasidan taklif-tavsiyalar bildirildi.

Tadbir doirasida nafosat va go‘zallik bayrami munosabati bilan faol jurnalist xotin-qizlarga uyushmaning esdalik sovg‘alari topshirildi.