O‘zbek bahori

2019-08-12T12:02:27+05:0028 February, 2019|Umumiy yangiliklar|

“Havoda umidbaxsh kayfiyatlar his etilmoqda, O‘zbekiston barcha aholisining og‘zida o‘zgarishlar” («The Guardian”, Buyuk Britaniya); “Respublikaning tashqi dunyoga quchoq ochishi mamlakatning yangi yo‘nalishda shaxdam odim otishiga imkon beradi” (“The Washington Post”, AQSh); “Bu o‘z yo‘lini aniq biladigan, o‘zgarishlar yo‘nalishlarini aniq belgilab olgan mamlakat” (“Newsweek”, AQSh); “O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyotning yangi asriga qadam qo‘ymoqda” (“Germany Trade & Invest”, Germaniya); “O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning jadalligi hayratga solmoqda” (“El Mundo Financiero.com”, Ispaniya) va hakozo…

 

Nufuzli xorijiy ommaviy axborot vositalarida mamlakatimizda keng ko‘lam olgan chuqur islohotlarning bunday yakdil va yuqori baholanishiga avvallari guvoh bo‘lmaganmiz.

 

Chet el jurnalistlari tomonidan O‘zbekistonga hatto “Osiyoning yangi yo‘lbarsi” ta’rifi berilmoqda, Osiyo jurnalistlari assotsiatsiyasi esa yurtimizdagi ana shu ilhombaxsh o‘zgarishlarning tashabbuskori –Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevni “2018 yil odami” deya e’tirof etdi.

 

Faylasuflarning tarixda shaxsning roli to‘g‘risidagi necha asrlardan beri davom etayotgan bahslarida yakdil uzil-kesil xulosa shakllanganicha yo‘q. Shaxs tarixning tabiiy kechishini o‘zgartira oladimi? Shaxsning irodasi bilan keskin tub yangilanishlar boshlab yuborilishi muqarrarmi? Ana shu shaxs bo‘lmaganida millionlab odamlar hayoti qanday kechardi? Bu kabi savollar yuzasidan munozaralar hozircha mantiqiy yakuniga yetmagan.

 

Shunga qaramasdan tarix alohida bir shaxslarning o‘z Vatani, xalqi qismatida hal qiluvchi rol o‘ynaganligidan guvohlik beradi. Ularning buyuk xizmatlari tarix sahifalariga zarhal harflar bilan muhrlanganligi yaxshi ma’lum.

 

Birinchi jahon urushida mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng parokanda saltanat xarobalari o‘rnida zamonaviy Turkiya Respublikasini tiklagan va taraqqiyot yo‘liga boshlagan Mustafo Kamolga minnatdor millatdoshlari “turklar otasi” – “Otaturk” sharafli nomini bergan. Mustafo Kamol Otaturk tiklagan poydevorda qad rostlagan Turkiya davlati bugungi kunda iqtisodiy qudrati bo‘yicha jahon mamlakatlari o‘rtasida 15-o‘rinni egallab turibdi.

 

XX asrning 30-yillari boshidagi halokatli “buyuk turg‘unlik” oqibatida milliy daromadi ikki baravarga kamaygan, 17 million amerikalik ishsiz ko‘chada qolgan bir mushkul vaziyatda AQSh Prezidenti etib saylangan Franklin Ruzveltning “yangi kursi” mamlakatni yana oyoqqa turg‘izdi va taraqqiyot sari yetakladi. Shu bois u AQSh tarixida xalq tomonidan to‘rt marta davlat rahbari etib saylangan yakkayu yagona Prezident sifatida qoldi.

 

Ikkinchi jahon urushidan keyin, gazetalardan birida yozilishicha, “axlat uyumidan iborat va uni och-nahor 40 million nemis titkilab yurgan” Germaniya hududining to‘rtdan bir qismidan mahrum bo‘lgan, buning ustiga ikkiga parchalangan edi. Ammo G‘arbiy Germaniyaning kansleri Konrad Adenauerning islohotlari sharofati bilan atigi besh yil ichida u iqtisodiyotini ikki baravar, yana besh yildan keyin uch baravar yuksaltirishga muvaffaq bo‘ldi. Hozir esa Germaniya Yevropaning eng taraqqiy etgan davlatlaridan biriga aylangan.

 

Yaqin yillar ichida yalpi ichki mahsuloti hajmi bo‘yicha AQShni ham ortda qoldirib, jahonda eng qudratli davlatga aylanishi kutilayotgan Xitoy Xalq Respublikasining “madaniy inqilob”ni boshidan o‘tkazgan 1970 yillar oxiridagi holati bilan uning bugungi taraqqiyot sur’atlarini taqqoslab ko‘ring. O‘sha paytda mamlakatning birinchi rahbari bo‘lmasa ham tub bozor islohotlarining tashabbuskoriga aylangan Den Syaopinning xizmatlarini unutib bo‘ladimi?!

 

Ekspertlar hozirgi paytda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev g‘oyalari asosida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni Den Syaopinning “ochiqlik” siyosati bilan qiyoslashadi. Xitoyda “islohotlar me’mori” deb ataladigan bu shaxs jasorat ko‘rsatib, biqiq holatdagi mamlakati iqtisodiyotining eshiklarini chet el investitsiyalariga lang ochib qo‘ydi. Yangilanishlar g‘oyasining muallifi xorijdagi boy vatandoshlarini sarmoyalarini o‘z ona yurtlariga kiritishga da’vat qildi va ular bu chaqiriqqa “labbay” deb javob berishdi.

 

Mavjud siyosiy tuzum saqlanib qolgani holda, eng avvalo, aholisining deyarli uchdan ikki qismi yashaydigan qishloq mehnatkashlariga erk berildi. Yetishtirgan mahsulotlarining bir qismi o‘z ixtiyorida qolgan dehqonlarning bir necha yil ichida vatandoshlarini to‘ydiribgina qolmasdan, chet ellarga eksport qilishga o‘tganligi, Den Syaopinning ta’biri bilan aytganda, “daryodan toshlarni ushlab ohista o‘tish”ga asoslangan islohotlariga qanot baxsh etdi. Mamlakatning deyarli barcha hududlarida erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilib, rejali xalq xo‘jaligini bozor iqtisodiyotiga moslashtirish sinovdan o‘tkazildi. Muvaffaqiyatli chiqqan tajribalar butun mamlakatda joriy etila boshlandi.

 

Den Syaopinning “ta’lim mamlakatni modernizatsiya qilishga, kelajakka yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak” shiori jadal rivojlanish yo‘liga tushib olgan milliy iqtisodiyot uchun yetarli darajada yuqori malakali kadrlar tayyorlanishiga asos qilib olindi. Azaliy mehnatsevarlik va ishbilarmonlik zamonaviy bilim va texnologiyalarga payvandlanishi natijasida chorak asr davomida Xitoy o‘z yalpi ichki mahsuloti hajmini olti baravarga, aholi jon boshiga daromadlarni esa yetti baravardan ko‘proqqa oshirishga muvaffaq bo‘ldi.

 

Globallashuv nomini olgan davrimizda xalqaro hamjamiyat, manfaatdor davlatlar bilan qalin, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘ymagan mamlakat – “yolg‘iz ot”ning dong‘i chiqishi amri mahol. Sarmoyaga ehtiyoj sezmaydigan davlatning o‘zi yo‘q. Shunday ekan, Prezidentimiz ta’riflaganidek, “iqtisodiyotning yuragi” bo‘lgan investitsiyalarni boshqa mamlakatlarning emas, bevosita bizning iqtisodiyotimizga keng jalb qilishga erishish uchun nima qilish kerak? Tabiiyki, buning uchun dastavval investitsiya oqimi yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlash talab qilinardi.

 

Ayrim chet el publitsistlari mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xodimlariga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni osmonga ko‘tarib maqtashdan tiyilibroq turish, boshlangan islohotlarning pirovard natijalarini kutishni maslahat berishadi. Aslida “to‘rtinchi hokimiyat” – rasmiy uch hokimiyatning muxolifati, o‘sha g‘arblik jurnalistlarning ta’rifi bilan aytganda, “demokratiyaning qopag‘on itlari”dir. Ammo qo‘shiqdan bitta so‘zni ham olib tashlab bo‘lmaganidek, hamma guvoh bo‘lib turgan yangiliklarni tan olmaslik, ular kim sababli amalga oshayotganligini e’tirof etmaslik ham adolatdan emas. Buning uchun atigi ikki yildan ilgarigi va bugungi voqelikni taqqoslab ko‘rishning o‘zi kifoya qiladi.

 

O‘sha – kechagi kunda ahvol qanday bo‘lgandi? Markaziy bankimiz avvallari ham har hafta valyutalar kursini e’lon qilib borardi. Ushbu ro‘yxat pastiga esa valyutalarni o‘zi e’lon qilgan kursda “sotish va sotib olish majburiyatiga ega emasligini” ilova qilardi. Bundan xabardor bo‘lgan sarmoyador shu qadar saxovatpesha emaski, iqtisodiyotimizning biror sohasiga kiritgan investitsiyasidan foydani olmaslikka yoki ololmasdan sarson bo‘lib yurishga, hatto valyutani qora bozordan ikki baravar qimmatga sotib olishga ko‘nsa. Shu sababli, xorijiy investorlar ko‘proq davlat kafolati bilangina sarmoya kiritishga jur’at etardi.

 

Eng achinarlisi, bizda valyutani erkin ayirboshlashni yo‘lga qo‘yish yildan-yilga orqaga surib kelinaverar, buning aslo iloji yo‘qdek tuyulardi. Valyutaning davlat kursi bilan qora bozordagisi o‘rtasidagi farq ikki baravar bo‘lgani holatda bunga azm etish moliya tizimiga bolta urish bilan barobar ko‘rilardi. Oqibatda katta tabiiy resurslarga, o‘qimishli va mehnatsevar ish kuchiga ega mamlakatda investitsiya kamomadi tufayli korxonalardagi texnika eskirib boraverdi, shu sabab mehnat unumdorligi pastligicha qolib ketaverdi. Almisoqdan qolgan dastgohlar yordamida ishlab chiqarilgan mahsulotlar tannarxi qimmatligi sababli, nafaqat tashqi, balki ichki bozorda ham raqobatbardosh bo‘lmay qoldi. Ochig‘ini aytganda, biz asosan xom ashyo eksport qiladigan mamlakat darajasiga tushib qolgandik.

 

O‘z Vatani, xalqi taqdiri uchun butun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor rahbardan yuzaga kelgan vaziyatni to‘g‘ri anglash va to‘g‘ri baholay olish, siyosiy iroda va siyosiy jasorat talab qilinardi. Davlatimiz rahbari ushbu fazilatlarga ega ekanligini kundalik faoliyatida isbotlab kelayotganligini xalqimiz ham, butun jahon ham ko‘rib va bilib turibdi. Yuqorida chet el matbuotidan keltirilgan iqtiboslar huddi shundan guvohlik beradi.

 

O‘sha, deyarli chorak asr davomida jur’at eta olinmagan valyutani erkin ayirboshlash muammosini olaylik. Bu mamlakatda naqadar murakkab muammolarni paydo qilishi mumkinligi xususida qancha vahima gap-so‘zlar bo‘lgandi. Prezidentimizning qat’iy irodasi hal qilib bo‘lmaydigan narsaning o‘zi yo‘qligini isbotladi. Qarangki, osmon uzilib yerga tushmadi. Valyutaning erkin ayirboshlashga o‘tilishi natijasida muqarrar bo‘lgan so‘mning qadrsizlanishi o‘z vaqtida ko‘rilgan choralar natijasida aholiga ortiqcha moddiy qiyinchiliklar keltirib chiqarmadi. Eng asosiysi, O‘zbekistonga sarmoya kiritish istagida bo‘lganlar investorlar safi kun sayin kengaymoqda.

 

Yoki mamlakatda plastik kartochkalarning joriy etilishi tufayli qanday holat kuzatilganligini eslaylik. Aslida bu ijobiy holat, hozir jahonda plastik kartochkalar muomalada bo‘lmagan mamlakatning o‘zi bo‘lmasa kerak. Biroq bizda moliya sohasidagi mutasaddilarimizning “kashfiyoti” bilan odamning o‘z mehnati, peshona teri bilan ishlab topgan pulini erkin tasarruf etish huquqi chegaralab qo‘yildi. Plastik kartochkalarga o‘tkazilgan pullarni naqdlashtirish uchun boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi tegishli bankomatlar o‘rnatishga e’tibor berilmadi, to‘g‘rirog‘i inflyatsiyani jilovlab turish bahonasida bunga yo‘l qo‘yilmadi.

 

O‘sha vaqtlardagi kulishni ham, yig‘lashni ham bilmaydigan g‘ayri tabiiy holatlar hammaning yodida. Talabalarning stipendiyalari, ko‘pgina davlat idoralari xodimlari maoshlari, viloyatlarda pensiyalarning to‘laligicha plastik kartochkalarga o‘tkazilishi naqd pulning huddi valyutadek qora bozor qiymatini hosil qildi. Kartochkadagi pulni naqdiga foiz hisobiga almashtirib beradigan sudxo‘rlar toifasi paydo bo‘ldi. Naqd pulning taqchilligidan olg‘ir savdo xodimlari ham foydalanib qolishdi. Ular kartochka orqali savdo qilishda o‘zlari o‘rnatgan 10-15 foiz ustamani cho‘ntakka urishdi. Yirik savdo markazlarida esa naqd pulga muhtojlarning kechirasizu huddi tilamchilardek xaridorlardan “agar naqd pul to‘laydigan bo‘lsangiz, mening kartochkamdan foydalaning” degan iltijolariga kim guvoh bo‘lmagan deysiz. Endi esa odamlarning o‘zlari oladigan pullarini kartochkaga o‘tkazishni iltimos qiladigan bo‘lib qoldilar.

 

Vatandoshlarimiz bilan turmush qurgan qo‘shni mamlakat fuqarolarining, turli sabablarga ko‘ra o‘zga yurtlardan kelganlarning O‘zbekiston fuqarosi pasportini o‘nlab yillar davomida olish uchun taqillatmagan eshiklari qolmasdi.

 

Mamlakat fuqarosi bo‘lsa-da, qishlog‘ida ish topolmay, o‘z Vatanining poytaxtida biror yumush bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lganlarning qatag‘on qilinishi-chi? Hozir esa har bir o‘zbekistonlikning o‘z mamlakati xohlagan joyida qonuniy mehnat faoliyatini bemalol amalga oshirish huquqlari tiklandi

 

Yuqoridagi kabi yana qanchadan-qancha hayotiy muammolar fuqarolarning o‘z davlatiga ishonchini kuchaytirishga xizmat qilmasligi tushunarli edi, albatta.

 

Bu o‘rinda o‘z davlatiga haqiqiy mehr-muhabbat, yuksak ishonch namunasini Janubiy Koreya fuqarolari ko‘rsatganliklarini yodga solish foydadan xoli emas. Ushbu davlat moliyaviy inqirozga uchraganida fuqarolar hukumatning biror da’vatisiz ham o‘z sarmoyalarini, ayollar hatto qimmatbaho taqinchoqlarini davlat g‘aznasiga olib kelib, ikki qo‘llab topshirdi. Janubiy Koreya hukumati ham o‘z navbatida burchini ziyodasi bilan bajardi: mamlakat yana oyoqqa turib olishi bilan asl vatanparvar fuqarolaridan qarzini foizlari bilan to‘lab, rozi qildi.

 

Shavkat Mirziyoyev avval tuman, keyin Jizzax va Samarqand viloyatlari hokimi, ayniqsa, o‘n uch yil davomida Bosh vazir bo‘lib ishlab orttirgan hayotiy tajribasi tufayli bu kabi mavjud hayotiy muammolardan besh qo‘ldek xabardor bo‘lgani aniq. O‘sha yillarda hukumatimiz rahbarining oyog‘i yetmagan nafaqat shahar va tuman, balki birorta qishloq topilmasa kerak. Bosh vazir yurtimizdagi barcha bunyodkorlik ishlariga bosh-qosh bo‘ldi, eng og‘ir va muammoli soha – qishloq xo‘jaligi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi.

 

Xalqimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘sha yillar davomida qanchadan-qancha g‘oyalar, rejalar ko‘ngilga tugib qo‘yilganligiga bugun o‘zi amin bo‘lmoqda. Hukumat rahbari nafaqat jadal rivojlanish yo‘liga tushib olgan davlatlar, balki qo‘shni mamlakatlarda ham davr talab etayotgan islohotlar boshlab yuborilganligi, O‘zbekiston ham otni qamchilashi zarurligini his etib yurganligi, shubhasiz.

 

Saylovlarda haqli ravishda xalqimizning to‘la ishonchiga sazovor bo‘lgan Prezidentimiz bu ulkan rejalarini amalga oshirishni, eng avvalo, xalq huzuriga borish, odamlarning quvonch va tashvishlarini o‘z og‘zilaridan eshitish boshlanganligi ham tasodifan emasdi. Davlatimiz rahbarining o‘z ta’biri bilan aytganda, islohotlar yo‘lida ishonch va ilhom, g‘ayrat va shijoat beqiyos kuch-qudrat beradigan – hayot sinovlarida toblangan, so‘zida qat’iy turadigan, ishning ko‘zini biladigan, mehnatkash, mard va matonatli xalqimizdir.

 

Prezidentimizning, ayniqsa, “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan qat’iy talabi jamiyatimizdagi muhitni tubdan o‘zgartirishga xizmat qildi, deya olamiz. Barcha hududlar, shahar va tumanlarda tashkil etilgan Xalq qabulxonalari aholining chinakam suyanchig‘iga aylanmoqda. Endilikda bu idoralar mas’ullari faqat fuqarolarning murojaatlarini tinglash va hal qilish bilan shug‘ullanibgina qolmasdan, hayotga joriy etilgan –katta va kichik mansabdorlar kabi o‘zlari uyma-uy yurib, aholining holidan xabar oladigan bo‘lmoqda.

 

O‘zbekistonning ochiqlik siyosati, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalar faqat mustahkamlanibgina qolmasdan, chinakamiga do‘st-birodarlik, qon-qardoshlik darajasiga ko‘tarilganligi jahon hamjamiyati uchun ham ibratga aylandi. Qozoq va qirg‘iz, tojik va turkman o‘zbek bilan yonma-yon, jonga jon qo‘shniga aylandi.

 

Xorijlik sarmoyadorlarning O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga ishonchi kuchayganligini birgina 2018 yilnig o‘zida 52 milliard dollarlik 1080 ta loyiha bo‘yicha kelishuvlarga erishilganligi dalolat berib turibdi. Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Islom va Osiyo taraqqiyot banklari, boshqa xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikdagi investitsiyalar hajmi esa 8,5 milliard dollarni tashkil etdi.

 

Yangi-yangi zamonaviy korxonalar ishga tushmoqda, qo‘shimcha ish joylari yaratilmoqda. Qad ko‘tara boshlagan “Toshkent siti”ning “Mirzo Ulug‘bek siti”, “Yunusobod siti” va boshqa eng zamonaviy shaharchalari yuzaga kelmoqda, har bir viloyatda “Obod qishloq” va “Obod mahalla”lar barpo etilmoqda. Biz atom, shuningdek, quyosh elektr stansiyalari qurilishini boshlash arafasida turibmiz, kosmos sohasida loyihalarga kirishilgan, “raqamli iqtisodiyot”ni shakllantirish vazifalari qo‘yilgan.

 

O‘zbekistonning xalqaro maydondagi mavqei ham tobora ortib borayotganligini Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yilning sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyaning 72-sessiyasida ilgari surilgan tashabbusni ushbu xalqaro hamjamiyatga a’zo 193 ta davlatning hammasi keng qo‘llab-quvvatlab, 2018 yil 12 dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” maxsus rezolyutsiyasi qabul qilinishi isbotlab turibdi.

 

Davlatimiz rahbari muqaddas islom dinimizning insonparvarlik, ma’rifatparvarlik mohiyatini, buyuk aziz-avliyolarimiz, mutafakkir allomalarimizning noyob va bebaho merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish zarurligini uqtirib kelmoqda. Shu maqsadda Toshkentda O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi, Samarqandda Imom Buxoriy, shuningdek, Surxondaryoda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari barpo etilmoqda. Toshkent islom universiteti va Islom akademiyasi negizida Xalqaro islom akademiyasi, Mir Arab oliy madrasasi, to‘qqizta madrasa, shu jumladan, ikkita ixtisoslashgan xotin-qizlar muassasasi, beshta ixtisoslashgan maktablar tashkil etildi. Qashqadaryoda Abu Muin Nasafiy, Buxoroda Bahouddin Naqshband qadamjolari, boshqa ziyoratgohlar tartibga keltirilib, obodonlashtirilmoqda.

 

Samarqanddagi Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis maktabining yangi muhtasham binolari qurib bitkazildi. Poytaxtda Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi jadal davom etmoqda. Bu savobli ishlarga vatanparvar yurtdoshimiz Alisher Usmonovning katta hissa qo‘shayotganligi, ayniqsa, tahsinga sazovor.

 

Bog‘chalardan boshlab oliy o‘quv yurtlarigacha barcha ta’lim tizimida tub islohotlarga kirishilgan. Mamlakatda yangi universitetlar va institutlar, ularning filiallari ochilmoqda, eng nufuzli oliy ta’lim muasssasalari bilan hamkorlikda fakultetlar va kafedralar tashkil etilmoqda. 2018-2019yillarning o‘zida yurtimizdagi oliy o‘quv yurtlariga talabalar qabul qilish ikki baravarga ko‘paytiriladi. Hayotimizdagi bu kabi yangiliklar ro‘yxatini hali ancha davom ettirish mumkin.

 

Umuman, 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning Harakatlar strategiyasida mamlakatimizni yanada ravnaq toptirish, xalqimiz turmush darajasi va sifatini oshirish yuzasidan juda katta rejalar belgilangan. Ko‘zlangan maqsadlarga erishish har bir vatandoshimizning fidoyiligi va tashabbuskorligiga bevosita bog‘liqligini ham alohida ta’kidlash kerak. 2018 yil boshida Kasaba uyushmalari “Yurt taraqqiyoti yo‘lida birlashaylik!” da’vati bilan chiqqan edi. Bugungi kunda ana shu chaqiriqqa qo‘shilib, Prezidentimiz tashabbusi bilan tobora keng avj olayotgan islohotlar ijodkorlari va bunyodkorlari safida bo‘lish har birimizning burchimizga aylanishi nihoyatda muhimdir.

 

Xalqimiz ko‘klamni yosharish va yasharish fasli deb ta’riflaydi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan, hech bir mubolag‘asiz mislsiz islohotlarni ham “o‘zbek bahori”ga qiyoslasa bo‘ladi. Bizning nafaqat shahar va qishloqlarimiz, qalbimiz ham ajib tarzda yosharmoqda va yasharmoqda. Bunday ilohiy ruh yangi marralarni zabt etishga chorlayversin.

Erkin ERNAZAROV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist