Orol dengizining suvsiz hududi o‘rmonzorga aylanadi

2019-08-12T12:02:28+05:0026 February, 2019|Hafta maqolasi|

O‘tgan asrning 60 yillari o‘rtalaridan boshlab Orol dengizining suvi chekina boshlaganligi ma’lum bo‘ldi. So‘ng suvdan qurib borayotgan maydonlar, tuprog‘ining ustki qatlami tuzli qumdan iborat “Orolqum” deb nomlangan yangi cho‘lga aylanib, juda og‘ir ekologik muammo yuzaga kela boshladi. Hududning iqlim sharoiti o‘zgardi, ko‘pchilik joylarda tuproq, tabiiy o‘rmonzorlar va yaylovlar degradatsiya (doimiy yoroqsizlik, o‘ziga xos jihatlarini va sifatini yo‘qotish)ga uchradi. O‘simliklar va hayvonot dunyosining xilma-xilligi kamaydi, aholining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli pasayib ketdi. Shu yillardan boshlab mazkur muammoni bartaraf qilish ishlari olib borilganida, balki ahvol bugungi darajaga etmasmidi?!
Ushbu masala bo‘yicha va Orolbo‘yi hududida hozirgi kunda yuz berayotgan jarayonlar, ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar to‘g‘risida qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, so‘nggi o‘n yillik ichida bir necha marta Orol dengizi atrofida dala tadqiqotlarini olib borgan taniqli professor Maqsud Ibragimovning bu boradagi fikri bilan o‘rtoqlashdik.
-Orolning qurishidan eng jabr ko‘rgan hududlar O‘zbekiston Respublikasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati, Turkmaniston Respublikasining Toshhavuz va Qozog‘iston Respublikasining Qizilo‘rda viloyati bo‘lib, ayniqsa, fojia eng ko‘p Mo‘ynoq tumaniga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Dengiz suvi chekina boshlagan vaqtda tumanda 32 ming aholi istiqomat qilar edi. Ular bobolaridan meros bo‘lib qolgan baliqchilik kasbidan ayrilganligi bois, baliqchilikning maxsus asbob-uskunalaridan foydalanmay qo‘ydi.
Dengiz suvining chekinib borayotganligi va bu holat hududda katta muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligi to‘g‘risidagi fikrlarni birinchilardan bo‘lib qoraqalpoq olimlari ilgari surgan edi. 70 yillarning boshlarida O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Qoraqalpog‘iston filialida Orol muammosiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferentsiya bo‘lib o‘tdi. Konferentsiyada “Orolshunoslik” laboratoriyasini tashkil etish taklif qilindi va 1976 yili filialning “Hisoblash markazi” qoshida laboratoriya tashkil etildi. Uning asosiy vazifasi-qurib borayot¬gan Orol dengizi hududida yuz berayotgan iqlimdagi va fitotsenoz o‘zgarishlar, o‘simliklarning dinamikasi, tuproq qatlami bo‘yicha tadqiqotlar olib borishdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, Nukus shahrida 1980 yil 2-3 dekabrь kunlari “Orol dengizi va Amudaryo delьtasi muammolari” mavzusida O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Prezidiumining sayyor majlisi o‘tkazilib, unda olimlar o‘z fikrlarini bildirishdi. Shoir va yozuvchilar o‘z asarlarida Orolni madh etdi. Ayniqsa, sevimli shoirimiz O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Ibrayim Yusupovning “Orolni qaytarib beringlar…” deb yozgan mungli she’ri odamlarning yuragini larzaga soldi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi, O‘zbekiston Qahramoni To‘lepbergen Qayipbergenovning avvalgi ittifoq davridagi sessiya-lar majlislaridagi ma’ruzalari, Orol to‘g‘risida kuyib-yonib gapirishi jamoatchilikning hali hamon yodida. Shu orada Ittifoq hukumati tomonidan Orolbo‘yi hududida bo‘layotgan salbiy holatlarning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha davlat qarorlari qabul qilindi, bir qancha ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazildi, ilmiy maqolalar va loyihalar joriy etildi. 1990 yil Orolbo‘yida paydo bo‘lgan ekologik fojianing oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzildi hamda ushbu muammoga tegishli loyihalar tanlovi e’lon qilindi. Tanlovga 473 nafar muallifdan 219 ta loyiha kelib tushgan. Loyihalarning ichida dengizga Sibirь daryolarining bir bo‘lagidan suv quydirish masalasi ham bor edi. Bu loyiha uzoq yillar davomida o‘rganilib chiqildi va uning hisob-kitob ishlari olib borildi. Loyiha Orol dengizi bo‘yida istiqomat qiluvchi aholida dengizga suv keladi, degan umidni uyg‘otgan edi. Lekin bu va bosh¬qa loyihalardan ham hech qanday natija chiqmadi.
— Sizning fikringizcha, yillar davomida to‘plangan tajribangizga asoslanadigan bo‘lsak, Orolning bugungi holatida muammoni hal qilishga qanday uslub yordam berishi mumkin?

Yaqinda kun.uz saytida ikkita loyiha e’lon qilindi. “Biz 60- yillardagi suv miqdorini qaytaramiz, — dedi birinchi loyihaning muallifi Olimjon Yusupov.
— Dunyoda bunday texnolo¬giyalar ko‘p emas. Bizning texnologiyamiz zamonaviy, sayyor va hammasi o‘zimizda tayyorlanadi. Tizim atmosferaga to‘liq ta’sir etadi. Eng ahamiyatlisi, Orolbo‘yida teng muvozanatni saqlaydi”.
Xitoylik olim Chen Si “Ilmiy guruhimiz bilan Tarim ¬daryosida olib borgan tajribalarimizni yanada kengaytirib hamda innovatsion g‘oyalar bilan boyitib, Orolda sinovdan o‘tkazmoqchimiz. Tarimni tikladik. Orolni ham qaytaramiz” deydi. Men ularning fikri noto‘g‘ri deb aytishdan yiroqman. Ularga ushbu ezgu ishlarida muvaffaqiyat tilayman. Mening fikrimcha, endi Orolni suv bilan to‘ldirib bo‘lmaydi. Uning eng to‘g‘ri yo‘li Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev aytganidek, suvsiz qolgan dengiz hududiga cho‘lga chidamli o‘simliklarni ekib, yashil yaylovlarni barpo etishdir.
Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoevning tashabbusi bilan Mo‘ynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy tomondan qayta tiklash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar mo‘ynoqliklarning hayotga, yorqin kelajakka bo‘lgan ishonchini yanada oshirmoqda.
Prezidentimizning tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavf¬sizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida Trast fondi tuzildi. BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish fondning ish boshlashiga bag‘ishlangan tadbirda “Jabrlangan hududlar tarixida yangi sahifa ochilmoqda”, deya ta’kidlab o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi ¬Prezidenti Sh.Mirziyoev Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham ushbu masalaga alohida e’tibor qaratib, Orolbo‘yi mintaqasida ekologik muammolarni bartaraf etish hamda dengizning suvsiz hududida yashil o‘rmonzorlar barpo etish kerakligini ta’kidladi. Prezidentimizning bu erlar kelajakda katta o‘rmonzorlarga aylanishi to‘g‘risidagi fikrini S.Kabulov, V.Duxovniy, N.Zavyalov, Z.Novitskiy, S.Sherimbetov kabi olimlar ham o‘zlarining ilmiy ishlarida tasdiqlashgan. Dengizning suvsiz hududidagi tuproqning agrofizikaviy, agroximik va mexanik tarkibini, o‘simliklar florasini, hududdagi cho‘lga chidamli o‘simliklarni ekib ko‘paytirish texnologiyasini ko‘p yillar davomida sputnik orqali va hududni o‘rgangan olimlar bu hududda, albatta, o‘simlik o‘sadi va shu erlardan chorva mollari uchun yaylov sifatida foydalanish mumkin, deb ¬aytgan. Ushbu tadqiqotlar dengizning suvsiz hududida o‘simliklarni qo‘lda ekib, tabiiy uslubda ko‘paytirish mumkinligini isbotlagan.
Orolning suvsiz hududi cho‘lga chidamli o‘simliklar bilan qoplansa, zaharli tuzli chang¬larning atmosferaga ko‘tarilishi hamda qumlarning ko‘chishi kamayadi. O‘simliklar o‘z tanasida suvni bug‘lantirib, havo va tuproq namligini orttiradi. O‘simlik va hayvonlarning yanada ko‘payishi uchun qulay sharoitlar yaratilib, hududning ekotizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu maydonlarda yasama yoki tabiiy uslubda o‘simliklarni ko‘paytirish yangi katta ko‘lamdagi yaylovlarning paydo bo‘lishiga xizmat qiladi. Mening taklifim, dengizning suvsiz hududi fizikogeografik tomondan turli xil landshaft tuzilishidan iborat bo‘lib, ularning geomorfologik qurilishi, o‘simliklar bilan qoplanish darajasi birdek emas. Shu bois, yangidan o‘rmonzorlarni barpo etish va yaylovlarning maydoni bilan ularning o‘t-emga yaroqlilik darajasini aniqlash uchun hozirdan-oq, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi va Buxorodagi O‘zbekiston qorako‘l¬chilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda uzviy ravishda ilmiy izlanishlar olib borishi kerak.
Avvallari cho‘lga chidamli o‘simliklar ekilgan va tabiiy yo‘l bilan o‘simliklar o‘sib chiqqan maydonlarda 1-2 ming bosh qo‘y, echki boqishga mo‘ljallangan qorako‘lchilik va echkichilik, 100-200 bosh tuya saqlashga mo‘ljallangan bitta tuyachilik tajriba fermer xo‘jaliklarini tashkil etishni taklif etar edim. Har bir fermer xo‘jaliklari joylashgan joylarda 2-3 artezian quduqlari bor bo‘lsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu xo‘jaliklarning 2-3 yillik tajribalariga asoslanib, hududni chorvachilik zonasiga aylantirish mumkin.
Ma’lumotlarga qaraganda, XX asr so‘nggidan boshlab ko‘p miqdorda chorva mollarini yoyish, cho‘l o‘simliklarini ildizigacha chopib olish natijasida ularning hosildorligi yo‘qolib bormoqda.

— Cho‘lni yashil o‘rmonzorlarga aylantirish maqsadida shuncha chora-tadbirlar olib borilayotgan ayni damda u erdagi o‘simliklarga mollarni yoyish to‘g‘rimi? Bu haqida fikringiz qanday?
Birinchidan, bugungi kunda O‘zbekistonda yaylov uchun foydalanib kelayotgan maydonlarning 17,4 million gektari cho‘l hududlariga to‘g‘ri keladi. Ma’lumotlarga qaraganda, bundan 20-30 yil avval dengizning suvsiz hududlarida ekilgan maydonlarda allaqachon yasama va tabiiy yaylovlar mavjud bo‘lgan. Demak, oradan yillar o‘tib, Orol dengizining suvsiz maydoni keng ko‘lamdagi o‘t-em ozuqaga boy yangi yaylovga aylanishi mumkin.
Ikkinchidan, so‘nggi 15-20 yil ichida yaylovlardan me’yordan ortiq foydalanish va antropogen ta’sirlar natijasida, haqiqatan ham, Qizilqum va Ustyurt tekisligidagi tabiiy yaylovlar degradatsiyaga uchrab, o‘simliklarning hosildorligi kamayib ketgan. Hozirgi vaqtda cho‘l yaylovlarning hosildorligi yiliga o‘rtacha 1,5 foizga kamayib bormoqda. Ushbu yaylovlarning ¬yiliga 16,5 ming gektari, shuningdek, 20 yil ichida 465 ming gektar maydoni degradatsiyaga uchraganidan dalolatdir.
Shuni hisobga olgan holda, yaqin kelajakda Orol dengizining suvsiz hududida yangidan barpo etilgayotgan yaylov maydonlari chorvachilikni rivojlantirishning asosiy zonasi bo‘lishiga shubham yo‘q. Endigi vazifa-ushbu yangidan paydo bo‘lgan yaylovlardan samarali foydalanish va bu erlarni chorvachilik zonasiga aylantirishdir. Hududda chorvachilikni rivojlantirish orqali jun, qorako‘l terisini etishtirish, ularni qayta ishlaydigan korxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish natijasida chorvachilik klasterini amalga oshirish va bir qancha yoshlarni ish bilan ta’minlash mumkin.
Prezidentimiz Sh.Mirziyoevning Qoraqalpog‘istonga alohida g‘amxo‘rligi natijasida yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy tomondan jadal rivojlanmoqda. Ayniqsa, Mo‘ynoq tumani aholisi hududda amalga oshirilayotgan yangilanishlardan nihoyatda mamnun. Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan, yurtimizni yanada rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarining ijrosiga har birimiz o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim.

M.Pirnazarova,
Qoraqalpog‘iston axborot agentligi muxbiri suhbatlashdi