Qalbni bo‘lib bo‘lmaydi «Qo‘ynimda bir yoru ko‘nglimda bir yor…» ashulasi alangasida yonayotganlar dardini kim tinglaydi?

2019-08-12T12:02:29+05:0026 February, 2019|Hafta maqolasi|

Ijtimoiy tarmoqlarda qo‘shxotinlik mavzusi bot-bot muhokama qilinadi. Har kimdan har xil fikr chiqadi — birov savob ham kerak, deydi, birov ot aylanib qozig‘ini topadi, deya aql bo‘ladi. Yana birov ajdodlarimiz tutgan yo‘llarni misol keltirishadi.

Xo‘sh, aslida-chi? Buning «plyus» va «minus» tomonlarini biror bir tashkilot yoki markaz o‘rganganmi? Bundan jamiyat yutadimi yoki yutqizadi?.. Xullas, javobsiz savollar ko‘p. Aslida biz ham ularga javob izlamoqchi emasmiz. Biz Inson, Muhabbat, Qalb amri kabi inja to‘yg‘ularning ayrimlar tomonidan toptalishi va buning achchiq oqibatlari xususida ikki og‘iz so‘z yuritmoqchimiz, xolos.

Qo‘shxotinlik ortidan qanchadan-qancha oilalar parokanda bo‘ladi, farzandlar tirik etimga aylanadi yoki ko‘ngli o‘ksib katta bo‘ladi. Qo‘shxotinlik tufayli ajrashayotgan oilalar, o‘z joniga qasd qilayotgan, bir-birining hayotiga zomin bo‘layotgan kundoshlar… bularning barchasining statistikasi bor. Ammo qo‘shxotinlik masalasida inson qalbi, tuyg‘ularning toptalishi esdan chiqib qolyapti.

Oilalarning aksariyat baxtsizligiga, noto‘liqligiga aslida mana shu — biri bilan rasman, ikkinchisi bilan shar’an nikohdan o‘tib yashash asosiy sabab nazarimda. Sevgini ­oyoqosti qilish, oldingdan oqqan suvning qadriga etmaslik, seva olmaslik va ma’naviyatsizlik sabab. Oila muhabbat asosiga quriladi. Er-xotinlik faqatgina moddiy ta’minotga borib taqalmaydi. Ularning istaklari, o‘ylari, orzulari mushtarak bo‘lgani uchun ham yillar davomida bir-biriga ko‘nikadi. Bir-biriga bo‘lgan mehru muhabbati kuchayadi. To‘g‘ri, oradan yillar o‘tgach, yoshlikdagidek muhabbat kuzatilmasligi mumkin. Ammo muhabbat ham yoshga moslashib o‘zgaradi. Bu hayot qonuni.

Yillar davomida xotiniga «seni yaxshi ko‘raman», «sen ko‘z ochib ko‘rganimsan», «sensiz yasholmayman», degan gaplarni aytgan erga xotin yillar davomida ishonadi. Chunki bu gaplar ishontirib aytilgan. Xotin ustiga xotin olgandan keyin bu gaplarning qiymati qoladimi? Endi xuddi shu gaplar boshqa ayolga aytiladi. Qani subut, qani lafz? To‘g‘ri, ba’zi erkaklar «xotinimni sevmay qo‘yganman», deb bu qilig‘ini xaspo‘shlashi mumkin. Ammo bunday sevgini qadrlamaydigan, osongina sevmay qo‘yadigan erning ikkinchi xotinga sevgisi, muhabbati haqiqiymikan? Aksariyat hollarda yashirincha nikoh o‘qitib yashayotgan erkaklar ikki tomonga ham sevgi izhorini birday qilib yuraveradi. To‘g‘ri, erning bu qilig‘ini birinchi xotini bilmasligi mumkin. Ammo ikkinchi xotin-chi? Har doim birinchi xotinning yonidan qaytgan erni qabul qilishga qanday ko‘ngli bo‘ladi?

Erkaklarning qo‘shxotin olishiga ba’zida ayollarning o‘zlari sababchi. Ba’zida birinchi xotin farzandlarini o‘ylab ajrasholmaydi, erga endi er emas, faqat ta’minotchi va ota deb qarashi mumkin… Menimcha, o‘z qadr-qimmatini bilgan ayol xuddi shunday qiladi. Ammo erning o‘z oilasiga faqat moddiy tomondan ta’minotchi bo‘libgina qolishi fojia emasmi?

Men qo‘shxotinli erkaklarni er, yor deyishdan yiroqman. Ular shunchaki ta’minotchi bo‘lishi mumkin. Bu erda muhabbat, erlik sha’ni, g‘urur haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Dunyoqarashi keng, ma’naviyati yuksak odam aslida muhabbatni qadrlaydi, seva oladi.

Erkakning qurbi etsa, bir nechta bevaning boshini silashi mumkin, deyishadi. Bu noto‘g‘ri qarash nazarimda. Ikkinchi bir odamning tuyg‘ularini toptab, qalbini yaralab, g‘ururini poymol qilib qanday savobga erishish mumkin axir? Bir ko‘ngilni vayron qilish Ka’bani vayron qilish bilan barobar emasmi?

Yaqinda bir kinofilьm ko‘rdim. Bir yigitning yaxshi ko‘rgan qizi saraton kasalligidan vafot etadi. Va undan meros qolgan kuchukni otib ketishadi. Yigit yaxshi ko‘rgan qizining xotirasi uchun kuchugini o‘ldirgan odamlardan o‘ch oladi. Uni o‘ynagan aktyor hayotda eng mungli aktyor ekan. Uning na do‘stlari, na oilasi bor. Sababi — yaxshi ko‘rgan qizi vafot etgani tufayli uylanmagan. Ana, haqiqiy muhabbat!

Ba’zan tuppa-tuzuk, har tomonlama havas qilarli xotini bor erkaklar o‘z xotinidan ayb qidirishga tushadi. Bu ishning oxiri boshqa birovga uylanish bilan tugaydi. Bundaylar o‘z tutumining to‘g‘riligiga dalil keltirish uchun ko‘pincha ota-bobolarimizning tutgan yo‘llaridan misollar keltirishadi. «Bobomning to‘rtta xotini bo‘lgan ekan», «Buvim ikkinchi xotin bo‘lgan, ammo hamma kundoshlarga havas qilgan», degan gaplarni eshitib qolamiz. U zamondagi shart-sharoit, odamlar ongi bilan bugunning o‘rtasida katta farq bor. Yana bilmaymiz-ku, ularning dilidan nima o‘tganini, qanday qalb og‘riqlarini his qilganini. Masalan, bizning qishloqda haligacha bir hovlida yashagan ikki kundosh haqida og‘zilarining tanobi qochib gapirishadi. Katta kundoshning onamga qarindoshlik tomoni bor edi. Befarzandligi uchun eri ikkinchi marta uylangandi. Sirtdan qaraganda, ularga hamma havas qilardi. O‘sha paytlari bola ongim bilan ­e’tibor bermaganman. Ammo endi har zamonda o‘sha xolaning gapi esimga tushib ketadi. Ularning tog‘da bog‘i bor edi. Kunlar isishi bilan xola eshak minib o‘sha toqqa chiqib ketardi. Toki sovuq tushguncha. Onamga aytgan bir gapi qulog‘imga singib ketgan: «Men uchun tog‘da — kapada yashash jannat, zulmatdan qutulganday bo‘laman», degandi. Ko‘rdingizmi, kundoshining bolalari buvisiga aylangan, chetdan qaraganda hamma havas qiladigan, bir hovlida opa-singilday bo‘lib yashagan ayolning ko‘nglidagi gaplarni tingladingizmi?

Majburligidan, boradigan boshqa joyi bo‘lmaganidan, ota uyiga qaytib borishni or bilganidan taqdirga ko‘nib, ammo bir umr qalban majruh va o‘zini tahqirlangan sezib yashayotgan ayol nidosi bu. Baxtni his qilmay «baxtli» yashayotgan ayollar ular.

Yoki bo‘lmasa, ko‘pchilik «kundoshlar opa-singilday bo‘lib yashashi mumkin», «biz ­opa-singilday bo‘lib ketganmiz», degan gaplarni eshitib qolamiz. Endi opa-singilning bir er bilan yashashini tasavvur qilib ko‘ring-a. Tasavvur qilishingiz bilan havo etishmay bo‘g‘ilib ketasiz. Bugun bir oilada har birining boshida o‘z eri bo‘lgan ovsinlar kelisholmay turgan bir paytda kundoshning ko‘ngildosh bo‘lishi aqlga sig‘adimi? Adolatli bo‘lish kerak deymiz. Er adolatli bo‘lar, yana bir xotin adolatli bo‘lar, uchinchi kishining ham adolatli bo‘lishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Chunki qarashlar har xil, tushunchalar ayro.

Er bermoq — jon bermoq, degan maqolni juda ko‘p ishlatamiz. Buni ba’zida kinoya tarzida qo‘llashadi. Ammo bo‘lingan baxt azobini tortayotgan ayol faqat erinigina qizg‘anadimi? Avvalo, u uchun oilasining sha’ni muhim. El-ulus oldida boshi xam bo‘lishini xohlamaydi, axir aytishadi-ku, ering suydi — eling suydi, deb. Eri tufayli elning nazaridan qolishni hech kim xohlamaydi. Bolalarining ko‘ngli o‘ksib yashashini istamaydi. U buyum talashmaydi, u inson talashadi, u tuyg‘ulari uchun kurashadi, ming iztiroblar, azoblar og‘ushida qoladi. Yana u o‘zini kamsitilgandek, haqoratlangandek his qiladi.

Yaqinda bir gazetada shu mavzuga oid ayanchli voqeani ko‘pchilik o‘qigan bo‘lsa kerak. Unda yozilishicha, kundoshinikiga eri tomonidan sovchilikka borishga majburlangan ayol o‘z joniga qasd qilgan. Ikki bolaning onasi kaltaklarga ham chidagan. Ammo uning kundoshinikiga sovchilikka borishga majburlanishi sha’nini erga urgan. O‘z hayotiga nuqta qo‘yishiga erga urilgan qadr-qimmati, singan ko‘ngli sabab edi. Mana shu voqeaning o‘zi biz so‘z yuritayotgan dard naqadar ayanchli va og‘ir ekanini aytib turibdi-ku!

Ikkinchisini topdi ham deylik. Bu orada ayoli necha tunlarni ko‘z yoshlari bilan tongga aylantiradi. Farzandlari ko‘ngli yarim bo‘lib odamlarga ishonchi yo‘qolgan bo‘ladi. Ikkinchi xotini bilan yaxshi yashayotgan bo‘lsa, xo‘p-xo‘p, ammo undan ro‘shnolik ko‘rmay, ko‘z ochib ko‘rgani tashlab ketayotganda ko‘zini yumgani yana o‘sha birinchi xotinining oldiga qaysi yuz bilan borishi mumkin?

Ba’zida beva, turmushga chiqmagan yoki ajrashgan ayollar ham baxtli bo‘lishga haqqi bor deyishadi. Beva ayolni tushunaman. Izlasa, unga beva erkak chiqishi aniq. Agar bolalarini o‘zimning bolamday ko‘raman, xotinidan ajragan erkakning ishi ham yurishmas ekan, unga tirgak bo‘laman, desa, beva erkaklar ham baxtli bo‘lib ketaveradi.

Ammo kelgan sovchilarni vaqtida mensimagan, eng achinarlisi, yigitning topish-tutishi yaxshi emas, ko‘rimsiz ekan va hokazolar bilan er tanlab vaqtini o‘tkazgan yoki arzimagan qiyinchiliklar bilan oilasini buzgan qizlar va ayollarning ikkinchi xotin bo‘lishini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.

Chunki ular qiyinchilikdan qochgan, baxtli bo‘lish uchun badal to‘lashni istamagan ayollar.

Bir ayolni bilaman. Juda chiroyli edi. Talabaligida uch yil ortidan yurgan yigitga rozi bo‘lmadi. Mening didimdagi yigit emas, ko‘rimsiz, deb dilini og‘ritdi. Yillar o‘tib yigit boshqaga uylandi, qiz boshqaga turmushga chiqdi. Ayol ikki nafar farzandli bo‘lganida eri bilan ajrashib, Toshkentga keldi. Ijarada qiynalib yashadi. Va kursdoshining yaxshi lavozimda ishlayotganini eshitib, ish so‘rab bordi. Avvaliga kursdoshi oilasini o‘ylab u ayolni yaqiniga yo‘latmadi. Ammo kursdoshining hiyla-nayranglari baribir ustunlik qildi. O‘zi ishlayotgan tashkilotga ishga oldi. Ayol tezda uyli, mashinali bo‘ldi. Erining qing‘ir qadamini payqagan ayoli janjal qilib hech qanday natijaga erisholmagach, ajrashdi. Uch nafar farzand otasiz qoldi. Endi jabrdiyda ayol ham kundoshining ishini qiladigan bo‘lsa, yana bir oila parokanda.

G. ismli imkoniyati cheklangan dugonam bor. Sinfdoshi unga sog‘lom paytida ko‘ngil qo‘ygan va turmush qurishgan. Oradan yillar o‘tib dugonam kasallik tufayli aravachaga mixlandi. Ammo juda faol. Qo‘li gul. Tadbirlarda tinmay ishtirok etadi. Bilasizmi, turmush o‘rtog‘i tungi smenada ishlaydi. Kunduzi xotinini aravachada tadbirlarga olib borish, uyida mehmon kutish, ovqat qilish uchun tungi smenada ishlaydi. Ularning bir-biriga muomalasini ko‘rib havasingiz keladi. Axir, uning xiyonat qilishiga bahonalari ko‘p emasmi?

Yoki yigirma yildan beri farzandsiz yashayotgan bir oilani bilaman. Yaqinda farzand asrab olishdi. Xotini necha marta eriga boshqaga uylaning, degan gapni ham aytdi. Ammo har gal eri urishib tashlaydi. Xo‘sh, yon-atrofimizdagi shu odamlarni ko‘rib-bilib turib farzandlari, havas qiladigan ayoli bo‘la turib xiyonat qilayotganlarni, qo‘shxotinlikni ayb sanamayotganlarni, orzu qilayotganlarni kim deb atash mumkin? Men savob qilyapman, deya gunohini xaspo‘shlayotgan bunday erkaklar aslida shunchaki nafs bandalari emasmi?..

Dunyoda hamma narsani bo‘lish, taqsimlash mumkin: mol-davlat — uy, mashinani, ammo birgina narsani bo‘lib bo‘lmaydi — ko‘ngilni, faqatgina qalbni taqsimlab bo‘lmaydi.

Barno SULTONOVA

(«Oila davrasida» gazetasi, 2019 yil 21 fevral, 7-son)