Xo‘roz hamma yoqda bir xil qichqiryapti…mi?! yoxud OAVlarning o‘xshash muammolari

2019-08-12T12:02:30+05:0021 February, 2019|Umumiy yangiliklar|

Rossiya Federatsiyasi poytaxti – Moskva shahrida yaqinda jurnalistlar uchun tashkil etilgan xalqaro konferentsiyadan keyingi ayrim mulohazalar

So‘nggi bir yilda Sankt-Peterburg, Shanxay, mana, bu gal Moskvada bo‘lib o‘tgan xalqaro konferentsiyalarda ishtirok etdim. Kuzatganlarim hosilasidan xulosam shuki, an’anaviy va internet jurnalistikasi amaliyotchilari, olim va rahbarlarining bahs-munozaralari tobora keskinlashib boryapti.

– Sharqiy Osiyo mamlakatlari (Yaponiya, Koreya Respublikasi, Xitoy)da gazetalar haligacha 2-7 million nusxada bosilayotgani, bu hududlarda internetga qiziqish kamligidan emas, balki xalqning dunyoqarashi, tarbiya mezonlari shunday shakllanganida, – dedi anjumanda hozir bo‘lgan ayni shu davlatlar OAV vakillari. – Aslida biz dunyoning kompьyuter va axborot texnologiyalari eng taraqqiy topgan mamlakatlaridan birida yashaymiz. Ammo xalqimiz gazeta o‘qiydi. Nega? Internetning tezkor, qisqa axborot etkazish ustunligi isbot talab qilmagani kabi mulohazali, tahliliy maqolalarni oradan vaqt o‘tsa-da yana qo‘lga olib o‘qish, undagi g‘oyani anglash va muhokama qilish imkoni faqat matbuotda borligi ham shunday aksiomadir. Qolaversa, kompьyuter yoki smartfondagi matnga nisbatan bosma nashrdagi sarlavha, iqtibos, fotosurat va nihoyat turli kegel (kattalik) hamda shriftlarning xilma-xil shakli inson ongi, tafakkuriga ko‘proq ta’sir qiladi. Elektron manbalarning har qanday darajadagi rivoji bosma nashrlarning o‘rnini to‘liq bosa olmaydi!

Jurnalistikaning buguni va ertasini elektron OAV, jumladan, internetda ko‘rayotganlar ham bo‘sh kelishmayapti.

– Rossiya miqyosida o‘tkazilgan sotsiologik so‘rov yakunlariga ko‘ra, unda qatnashgan respondentlarning 55,1 foizi televidenie, 42 foizi internet, 2 foizi radio va atigi 1 foizi gazetadan axborot olayotganini ko‘rsatdi. Shuning uchun ham gazetalar tiraji keskin kamayib, ular homiylar, buyurtmachi idoralar manfaatini ko‘zlovchi nashrlarga aylanib qolmoqda, – deyishdi Rossiya, Armanis­ton hamda qozog‘istonlik hamkasblarimiz. – O‘sha bir foiz ham katta yoshli kishilardir…

Har ikki tomon o‘zini haq deb hisoblamoqda va bunga hayotiy misollar ham oz emas.

Garchi Sharqiy Osiyo, Amerika, Evropaning ayrim mamlakatlarida ommaviy gazetalar hamon yashab kelayotgan bo‘lsa-da, masalan, Rossiyada bir paytlar eng ommaviy nashrlar sanalgan “Trud”, “Izvestiya”, “Rossiyskaya gazeta”lar adadi bir necha o‘n mingga etmayotgani ham inkor etib bo‘lmaydigan holatdir.

– Bu gazetalarda har qancha qiziqarli maqolalar bosilmasin, ular davlat ichki va tashqi siyosati yo‘nalishidan chiqa olmaydi, o‘quvchi esa plyuralizmni, turlicha nuqtai nazarni qidiradi. Menimcha, biz shu jihatdan o‘quvchini boy berib qo‘ydik, – deydi taniqli nashrlardan birining rahbari. Va u “sariq” matbuotni tanqid qiladi. – Ko‘cha nashrlardagi shov-shuvli, mashhurlar shaxsiga doxil axborotlar bir marta o‘qishli, xolos. Ke­yin ular “o‘ladi”. Bizning gazetadagi ma’lumot, mulohazalar esa yillar o‘tsa-da ahamiyatini yo‘qotmaydi.

Konferentsiyadagi bahsda Rossiyaning yana bir mashhur gazetasi – “Komsomolskaya pravda” bosh muharriri Vladimir Sungorkin so‘z oldi:

– Ha, bizning gazeta umumiy adadi bir milliondan ortiq. To‘g‘ri, gazetamiz sizning ibora bilan aytganda, “rangli”, “sariq”. Xo‘sh, u sizga yoqmasa, o‘qimang. “Trud”ni o‘qing. Tahririyat o‘quvchi talabini qondirishi kerak. Bugungi mushtariy shuni xohlayaptimi, axborotni shu shaklda beramiz. Unutmang, bosma nashr-gazeta ham, televidenie, radio, kitob, teatr ham inson bo‘sh vaqtini to‘ldiradigan omil. Uning ko‘proq vaqtini olish uchun kurashda “sarg‘aysak” sarg‘ayibmiz-da!

Avvaliga Vladimir Sungorkin o‘zining ish tajribasini aytmayotgan edi. Ammo fikriy mubohasalar qizib ketgach “sir”ni ochdi:

– “Komsomolьskaya pravda”dagi bitta jurnalist 4 ta vazifani ado eta olishi shart. Bular: qisqa xabar yozish, fotosuratga, videotasvirga tushirish, ularni tezkorlik bilan elektron vositalarga joylash va gazeta uchun tahliliy maqola yozish. Shunday jurnalistlar ishlaydi bizda. Gazetaning elektron saytida daqiqa sa­yin axborot yangilanadi, u tasvirli, ovozli shaklda ham bo‘ladi. Eng qiziqarli ma’lumotni gazeta sahifasidan o‘qishga havola beriladi. Xo‘sh, buning nimasi yomon? Bu yangi, universal jurnalistika modeli va uni tan olishga majburmiz.

Konferentsiyada yana ko‘plab qiziqarli takliflar aytildi, amaldagi holatlar qayd etildi. Masalan, Moskva davlat universiteti jurnalistika fakulьteti dekani, akademik Elena Vartanova tahririyatlar talabalar uchun mahorat maktabini tashkil etsin, dedi. ITAR-TASS (Rossiya informatsion telegraf agentligi) Bosh direktori o‘rinbosari Maksim Filimonov esa “Biz jurnalistga axborotni chuqur tahlil qilib yozish imkonini bermayapmiz, chunki voqeliklar shu qadar tez va ko‘p”, deya mulohaza bildirdi.

“Roskomnadzor” (Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalarni nazorat qilish federal xizmati)ning ommaviy axborot vositalari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Aleksandr Ijko ijtimoiy tarmoqlardagi yolg‘on, haqiqatdan yiroq (feyk) axborotlarni nazorat qilishga ulgurib bo‘lmayotganidan nolidi:

– Rossiya Dumasi (parlament) bunday axborot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilovchi qonunni birinchi o‘qishda qabul qildi, ammo feyklar to‘xtamayapti, – deydi u.

Konferentsiyada, shuningdek, AQSh ommaviy nashrlaridan biri “Vashington post”dagi karikatura janri namunalari mamlakat siyosatiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani, Italiya gazetalarining onlayn ilovalarini odamlar, idoralar elektron manziliga tahririyat tomonidan yuborib turish, Belorusь davlat nashrlarini 20 foiz aholi tanimasligi va o‘qimasligidan kelib chiqayotgan muammolar xususida ham axborotlar tinglandi, turfa mavzular taklif etildi.

Anjuman majlislarining birida kamina “O‘zbekiston mediamakonida bosma nashr, elektron OAV va ijtimoiy tarmoqlarning o‘rni” mavzusida ma’ruza qildim. Yurtimizdagi o‘zgarishlar, jumladan, o‘zbek jamiyatidagi ochiqlik, so‘z erkinligi, fikrlar xilma-xilligi uchun keng maydon yaratilgani haqidagi chiqishim qatnashchi-mutaxassislarda qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar faolligi haqidagi fikrlarim qizg‘in bahs-munozaraga sabab bo‘ldi. Ta’kidlandiki, ijtimoiy tarmoqlardagi erkinlik raqib, raqobatdosh kompaniya yoki o‘ziga yoqmagan biror-bir amaldorni obro‘sizlantirish, u haqda tuhmat, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan axborot, shaxsiy hayotiga daxldor ma’lumotlarni tarqatadigan virtual botqoqqa aylanib qolmasligi va buning oldini olish zarur. Chunki ayni xavf xalqaro miqyosda ham mavjudligini ishtirokchilar e’tirof etishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va shu asosdagi qarori haqida gapirganimda konferentsiya vakillari ikki xil fikr bildirishdi. Bir taraf bunday farmon va qaror O‘zbekiston OAV tizimida bugungi o‘tish davrida kafolatlangan qo‘llab-quvvatlashdir va bunga ibratli tajriba deb baho bergan bo‘lsa, ikkinchi tomon bu bilan davlat matbuot jilovini qo‘liga oladi hamda so‘z erkinligi nazoratda bo‘lib qoladi, degan mazmunda fikr aytdi. Shunda Prezidentimiz ­Shavkat Mirziyoevning ochiq jamiyat barpo etish borasida sobitqadam xatti-harakatlarini mamlakatimizdagi demokratik islohotlar misolida batafsil bayon qildim.

Aytish mumkinki, konferentsiya doirasida bir necha istiqbolli loyihalar borasida kelishuvlarga erishdik. Jumladan, Moskva davlat universiteti jurnalistika fakulьteti ilmiy kengashi o‘zbek matbuoti tarixi, nazariyasi, amaliy tajribalari tahliliga bag‘ishlab yozilgan qo‘llanmalarni ko‘rib chiqish, munosib topilganlarini chop etish uchun tavsiya qilish va nashr etilishiga ko‘maklashadigan bo‘ldi. “Komsomolьskaya pravda” gazetasi bosh muharriri V. Sungorkinni to‘rt nafar farg‘onalik jurnalistni Moskvada, shu tahririyatda qabul qilib, bir haftalik malaka oshirishlariga barcha sharoit yaratishga ko‘ndirdim. Tatariston Respublikasi Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Ilьshat Aminov bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, jurnalistlar delegatsiyalari almashish, dolzarb muammolarga bag‘ishlangan konferentsiyalarni birgalikda tashkil etish kabi bir qator masalalarda kelishib oldik.

Muhammadjon OBIDOV,
O‘zbekiston Jurnalistlari
ijodiy uyushmasi
Farg‘ona viloyat bo‘limi raisi.