G‘oliblik chegarasi u kuch bilan emas, iste’dod bilan zabt etiladi

2019-08-12T12:03:08+05:0014 February, 2019|Hafta maqolasi|

— Voy eshitdingizmi, birinchi o‘rin sotilibdi!

  • Falonchi boyning qizi hakamlardan biriga qarindosh ekan.
  • Bilaman, hakamlar baribir “soqqa”sini berganga o‘rin berishadi, haqiqat yo‘q.

Bugun turli yo‘nalishlarda o‘tkazilayotgan tanlovlarga tashrif buyursangiz, beixtiyor qulog‘ingizga mana shu kabi mish-mishlar chalinishi aniq. Chunki aksariyat tanlov ishtirokchilarining ota-onalari, va o‘qituvchilarining tashkilotchilardan ham, ayrim hakamlardan ham hafsalasi pir bo‘lgan. Sababi esa ko‘pchilikka ayon. Tanlovlarni o‘tkazish, baholash jarayonida shaffoflikni ta’minlaydigan ochiqlik, oshkoralik yo‘q. Ammo besh barmoq barobar emas. Hakamlik qilayotganlar orasida vijdoniga hali qurt tushib ulgurmaganlari ham yo‘q emas.

Yaqinda 7-14 yoshli bolalar o‘rtasida “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivalining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tanlovning aynan nazm va nasr yo‘nalishi bo‘yicha hakamlar orasida ham a’zo, ham kuzatuvchi sifatida ommaviy axborot vositalari vakillari ham ishtirok etishdi. Ajablanarlisi, qo‘lida o‘nlab tashakkurnomayu diplomlarni ko‘tarib kelgan 24 nomzodning birortasi ham pichoqqa ilinmaydi. Aksariyati hikoya bilan ertakni farqlay olmaydi. She’rdagi turoq, vaznni tushunmaydi. Hatto, ayrimlari to‘satdan tanlovni eshitib qolgandek hech qanday tayyorgarliksiz kelgan. Bundan tuman bosqichi chindan o‘tkazilganligiga ham shubhalanib qolasan, kishi.

Bir amallab nomzodlar orasidan eng yaxshisi ham tanlandi. Shunga qaramay, taqdirlash marosimida odatdagi janjal ko‘tarildi. Ne ko‘z bilan ko‘raylikki, sahnaning o‘zida qiziriqlik ishtirokchining onasi hakamning yuziga qo‘lidagi qog‘oz bilan tushirib qoldi. Tasviriy san’at yo‘nalishi bo‘yicha yana bir faol ishtirokchi nominatsiyasi bilan taqdirlangan nomzodning onasi esa hakamning yoqasiga chang solib, “Nega birinchi o‘rinni bermading…” deya haqoratli so‘zlarni aytib baqira ketdi. Onasining bu harakatidan uyalgan qizaloq esa sahnada yum-yum yig‘lagancha turib qoldi.

Butun boshli zaldagi tomoshabinlarning asosiy qismi bolalar, maktab o‘quvchilari kattalarning ana shunday xurmacha qiliqlariga guvoh bo‘lishdi.

Haqli savol tug‘iladi: kattalarning bunday farosatsizlarcha qilgan harakatini tomosha qilgan murg‘ak bolalar bundan nimani o‘rganishadi? Vaholanki, ular iqtidor bo‘lmasa ham “shantajlik” qilib bo‘lsada, janjal ko‘tarish, Qoliblik uchun kurashish kerak yoki jamoat joyida hakamning yoqasidan olish mumkin ekan-da, deb o‘ylashmaydimi?

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘ridagi kodeksi 41-moddasida haqorat qilish, shaxsning sha’ni va qadr qimmatini qasddan kamsitish eng kam ish haqining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarimaga tortilishi belgilangan. Haqini talab qilishni do‘ndirgan “qahramonlar” bunday xatti-harakati uchun jazolanish mumkinligini unutishgan ko‘rinadi.

Qolaversa, hali 10-15 mashqi daftarda qo‘lyozma bo‘lib turgan farzandini “daho”lar qatoriga qo‘shish, bir-ikkita suratini san’at asari deya “ko‘tar-ko‘tar” qilish farosatli, mulohazali odamning ishi emas. Yo‘q, men ular tanlovda ishtirok etmasin, demayman. Mayli, tajriba orttirsin. Ammo tanlov jarayonida ularning “mahorati” havasdan nariga o‘tmayaptiku.

To‘g‘ri, bolaning iste’dodini qadrlash, uni qo‘llab-quvvatlash orqali rivojlantirish kerak. Faqat bu yo‘sinda emas-da. Marhamat, bugun hamma tumanlarda “Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti markazlari, maktablarda fan, san’at to‘garaklari ishlab turibdi. Kurtak yozayotgan iqtidorni ana shunday to‘garaklarda, mahoratli ustozlar tarbiyasiga bering. Ko‘proq kitob mutolaa qilidiring. Iqtidor faqat mahorat va hayotiy tajriba bilangina samara berishini tushuntiring. Bolaning chinakam qobiliyatini ko‘rib, hakamlaru mutaxassislar tan bersin. Ana shundan keyin ko‘krak kersangiz arziydi.

Yana bir gap. Nega fan olimpiadalari, tanlovlarni o‘tkazish, baholash jarayonlari oliy o‘quv yurtiga kirish test imtihonlari kabi keng jamoatchilikka kamera va monitorlar orqali ko‘rsatilmaydi? Yoki sinov “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichidagidek hammaning ko‘z oldida oshkora o‘tkazilmaydi? Balki shunda hakamning yoqasidan oladigan ota-ona har xil gumonlarga bormasmidi!?

Feruza RAHMONQULOVA