MA’NAVIYAT ORTIDAGI MA’NAVIYATSIZLIK

2019-08-12T12:03:11+05:007 February, 2019|Hafta maqolasi|

Bolaligimda har yakshanba otam bozorga olma sotishga chiqardi. Men otam bilan birga bozorga borardim. Ammo hech qachon yonida turmasdim. Olmasini sotib bo‘lguncha yo uzoqqa ketardim yoki aylanib yurardim. Chunki otam menga qarashib yubor deyidan qo‘rqardim. Mehnatdan qochganim uchun emas, olmalarni sotishdan uyalardim, uyalmasdim, balki or qilardim. O‘sha davrning ideologiyasi shunday edi. Savdogar, sotuvchilar “spekulyant” deb atalar va bu gap juda xunuk eshitilardi. Nohalol deganda biz mahsulotning ustiga narx qo‘yib sotishni tushunardik. Shuning uchun falonchi savdogar haqida gap ketganda odamlarning ensasi qotib gapirardi: “hm…falonchi savdogarmi?”. Xo‘p teskari zamonlar bo‘lganda, o‘zimiz o‘rtahol yashasak-da savdogarni mensimasdik… Buning ma’naviyatga nima dahli bor, deb o‘ylarsiz.

Bugun halollik, vijdon haqida gapiramiz, ammo amalda teskarisini qilamiz. Ma’naviyat tushunchasini qamrab olgan barcha axloq normalariga, masalan halollik, vijdon, rostgo‘ylik kabi fazilatlarga nisbatan mehr vijdonsizlik, poraxo‘rlik, firibgarlik kabi axloqning teskari ko‘rinishlariga nisbatan nafrat uyg‘otolmadik. O‘sha davrlarda nima uchun odamlar savdogarlikni, poraxo‘rlikni, firibgarlikni uyat hisoblardi. Chunki halollikni targ‘ib etuvchi kitoblarimiz, kinolarimiz, hatto yozadigan maqolalarimiz ham shunga bag‘ishlanardi.

Uzoqqa bormaylik keyingi paytlarda ommaviy axborot vositalarida tarbiyaviy ahamiyatga ega maqolalar juda kamayib ketdi. Mustaqillik yillarida qurilgan inshootlarimizni, obodlikka qaratilgan dasturlarimizni, inson salomatligi, ta’lim tizimidagi yutuqlarimizni ko‘rsatadigan maqolalarni ko‘paytirdik, diqqat-e’tiborimizni faqat shu mavzularga qaratdik. Ayni paytda esa faqat tanqidga ruju qo‘ydik. Tarbiyaviy ahamiyati ko‘rsatilmagan, faqat mag‘zava ag‘darishdan iborat tanqidga… Tarbiyaviy ahamiyatga ega mavzular esdan chiqib qoldi. Axir o‘sha qurilayotgan inshootlarning ba’zilari xo‘jako‘rsinga qurilayotgani, tibbiyot sohasida poraxo‘rlik avj olganini, shart-sharoriti yaxshilangan ba’zi maktablarda direktorlar pora bilan bolalarni maktabga qabul qilinayotgani haqida nega bizga yozdirishmadi, degan savol hamon javobsiz. Ma’naviyat so‘zining qadrsizlanishiga kinolarimiz, badiiy asarlarimiz, spektakllarimiz orqali aynan ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyatga ega ya’ni INSON irodasi, e’tiqodi, lafzi, g‘ururi mavzulariga qo‘l urdirilmagani sabab deb o‘ylayman.

Sevimli adibimiz Shuhratning “Jannat qidirganlar” asarida vatangadolik fojeasi ko‘rsatib berilgan. Nimagadir o‘sha paytlari xalqimizning chet elga borib ishlashi deyarli hech kimning xayoliga kelmasdi. Axir o‘sha paytlari ham obod yashamaganmiz. Dang‘illama uchastkalarimiz, har ikki xonadonning birida mashina bo‘lmagandi. Shunchaki boriga qanoat qilardik. Birovning haqidan negadir qiynalib yashasakda qo‘rqardik. Do‘konga nonga borsak bir tiyin qaytimimizni qaytib berardi. Mana shu holatning o‘zi ham bizga halollikni o‘rgatgan.

Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” asarida uyat, uyatsiz degan ibora deyarli har bir sahifada ishlatilgan. Shuning uchun bu asar milliy romanimizga aylandi. Uyatsizlik, andishasizlik fojeaga olib kelishini asarni o‘qigan sari anglab boraverdik. Bugun andisha haqida gapiramizu andishasizning ishini qilamiz. Masalan, keyingi paytlarda semiz odamning ovqatni reklama qilishi hech ham uyat emas. Bilamiz semizlik kasallik. Va bu kasalligidan istihola qilish kerak bo‘lmasada uyaladiganlar bor. Ammo semiz insonning kolbasa reklamasida ochko‘zlarcha ovqatga tashlanishi rostdan ham juda uyatli ish. Demoqchimanki, ba’zi hollarda nafsni tiymaslikdan tananing vazni ortib ketishini uyat hisoblamay qo‘ydik. Ya’ni badnafslikni reklama qilish oddiy holga aylandi.

“Avtomobildan saqlaning” kinosini eslab ko‘raylikda. Kino boshdan oyoq mansabdor va poraxo‘r shaxslarning ustidan kuladi va tabiiyki bu kulgu ortida nafrat bor. Yoki har hafta televideniye orqali ko‘rsatiladigan, Ergash Karimov asos solgan “Miniatyuralar teatri” mavzulariga e’tibor bering. Yulg‘ich, badnafs, ig‘vogar, poraxo‘r, o‘z kasbini suiiste’mol qilgan shaxslarni har doim tanqid ostiga olib teatrlashtirgan. Yoki “Otalar so‘zi — aqlning ko‘zi” ko‘rsatuvidagi qadriyatlarimiz, an’analarimiz haqidagi videofilmlar tarbiyaviy ahamiyatga egaligi bilan e’tiborni tortardi. Masalan, O‘tkir Hoshimovning “Bahor qaytmaydi” videofilmidagi havolanib ketgan san’atkorning fojeasini eslab ko‘raylik. Bularning barini ko‘rib o‘sib ulg‘aydik, qonida hallolik bo‘lmagan odamlar loaqal tiyilib yashadi, odamlarning nafratidan qo‘rqdi.

Ma’naviyat so‘zini nega yomon ko‘rib qoldik. Aslida bozor iqtisodiga o‘tish davrida “ma’naviyat” so‘zining kirib kelishi to‘g‘ri edi. Ammo uni to‘g‘ri yo‘naltirolmadik. Ko‘pchilik haligacha ma’naviyat o‘zi nima degan savolga javob qidiradi. Hatto ijtimoiy tarmoqlardagi bahslarda ham ma’naviyat nima degan izohlarni o‘qib qolamiz. Ma’naviyat soddaroq qilib tushuntiradigan bo‘lsak, hallollik, vijdon, to‘g‘rilik kabi axloq normalarini bildiradi.

Nega ma’naviyatni yomon ko‘rib qoldik? Chunki ma’naviyat deb jar solish bilan odamlarni ma’naviyatli qilolmadik. Masalan, ma’naviyat haqida har kuni talabalarga saboq beruvchi o‘qituvchilarning ba’zilari ochiqchasiga talabalardan pora ola boshladi. Ma’naviyatli bo‘lishda jajji farzandlarimizga o‘rnak bo‘lishi kerak bo‘lgan bog‘cha opa ota-onalardan ochiqchasiga sovg‘a kutdi. Chunki ularga o‘rnak bo‘lishi kerak bo‘lgan ba’zi bog‘cha mudiralari xodimlarining oldida bir kunlik normasi 52 kg go‘sht mahsuloti ketishi kerak bo‘lgan ovqatga 9 kg kecha qaynatilgan go‘shtni ertasiga yana qaynatib berdi. (Shayxontoxur tumanidagi bir bog‘chada bo‘lgan bunday sharmandalik). Va eng achinarlisi, ana shunday ochko‘z bog‘cha mudiralarini, o‘zining farzandlari, ota-onasini qoldirib chet elda o‘zganing bolasiga, o‘zganing ota-onasiga enagalik qilgan qo‘ni-qo‘shnilarimizni, pora olgich hokimlarni, firibgarlarni ma’rakalarimizning to‘riga o‘tqazdik, qahramoniga aylantirdik. Ulardan nafratlanib poygakka o‘tqazish o‘rniga, kiygan yaltiroq kiyimlariyu dasturxonu to‘kinligi o‘g‘irlik orqasidan ekanligini bila turib bolalarimiz ko‘zicha faxrlandik: “Bir zo‘r to‘y qildi, bog‘cha mudiri bo‘lish kerak ekanda”, yoki “falon joyning rahbari dang‘illatib uylar qurganey”, deya og‘zimizning suvi qochgani yolg‘onmi. O‘ylab ko‘rmadikki nega rahbar yoki bog‘cha mudirasi bizdan oooozgina ko‘proq maosh olib ikki baravar yaxshi yashashi va dang‘illatib to‘y qilishi kerak? O‘ylamadikki nafratlanmadik. Va bu bizning kelajagimiz bo‘lmish farzandlarimiz ongida ma’naviyatning qadr qimmatini yo‘qotib boraverdi. Ya’ni andisha poygakda ko‘zini yerga tikib qoldi, hayosizlik, orsizlik to‘rga chiqdi.

Ma’naviyatli inson internetdan to‘g‘ri foydalanadi, deb televizorda gapirdik, bong urdik, ammo aksini qildik. Bachkana klipli qo‘shiqlar, saviyasiz kinolar, hashamni targ‘ib qiluvchi filmlar bosib ketdi hamma kanallarimizni. Chet el seriallariga shu darajada ruju qo‘ydik, oqibatda axloqimizni buzish borasida internet ham ortda qolib ketdi. Ma’naviyatli bo‘lish kerak, deb aytildi, yozildi, ammo faqat qiymatsiz so‘zga aylanib qoldi. Ma’naviyatchilarimiz ma’naviyatsizlikka qarshi faqat so‘z orqali kurashdi. Amalda emas. Televideniyeda berilayotgan ma’nisiz kinolar, yengil-yelpi qo‘shiqlar, yozilayotgan saviyasiz asarlarga qarshi kurashmadi.

Ma’naviyat kerakmi, kerak. Faqat bu so‘z o‘zining qiymatini topishi uchun bu so‘zni ishlatmasdan ma’naviyatga intilmoq kerak. Endi yozadigan asarlarimiz, yozadigan maqolalarimiz, ishlab chiqaradigan kinolarimiz, barcha barchasi halollika, odab axloqqa bag‘ishlanishi kerak. Farzandlarimiz ochko‘z, badnafs, poraxo‘r odamlardan nafratlanishni o‘rganishsin. Nafratga o‘rgatish uchun inson qalbini, oliyjanobligini ochib beruvchi filmlar, qo‘shiqlar, asarlar yaratilishi lozim. Biz ularni tomosha qilganimizda, o‘qiganimizda UYaTdan qizarib, kamchiliklarimizni, qusurlarimizni anglab yetaylik. MA’NAVIYaT kerak, chunki kitoblarimizda yozilganidek, “Ma’naviyat insonni ruhan poklanish, qalban ulg‘ayishga chorlaydigan, odamning ichki dunyosi, irodasini baquvvat, iymon-e’tiqodini butun qiladigan kuch.” Bu kuchni haqiqiy kuchga aylantirish uchun so‘z bilan amal birligini e’tiqodga aylantiraylik. Aslida bozor iqtisodi sharoitida ma’naviyat nechog‘lik kerakligini uqtirishdan maqsad ham shu edi…

Barno SULTONOVA