O‘zA tanqid qiladi: Eh, bu yo‘llar, yo‘llar…

2019-08-12T12:03:12+05:007 February, 2019|Hafta maqolasi|

Dolzarb mavzu

Yo‘llar azaldan turli manzillar, olis davlatlarni tutashtirib, odamlarning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilgan. Shu bois, yo‘l va ko‘priklar qurish eng olijanob va savob ish hisoblangan.

Mamlakatimizda, ayniqsa, keyingi yillarda zamonaviy yo‘llar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va jahon andozalari darajasiga keltirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Qashqadaryo viloyatida ham yangi yo‘l va ko‘priklar qurish, mavjudlarini xalqaro talablar darajasida rekonstruksiya qilishga doimiy e’tibor qaratilmoqda.

Qashqadaryo viloyati hududida 18 ming 446 kilometr avtomobil yo‘llari mavjud. Uning 3 ming 427 kilometri umumfoydalanuv (425 kilometr xalqaro, 890 kilometr davlat va 2 ming 112 kilometr mahalliy ahamiyatdagi), 15 ming 19 kilometri mahalliy hokimliklar hisobida bo‘lgan ichki xo‘jaliklararo va shahar avtomobil yo‘llaridir.

Viloyat avtomobil yo‘llar hududiy bosh boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yil viloyat hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘llarida 830 kilometrlik umumiy qiymati 268,4 milliard so‘mga teng qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlari amalga oshirilgan.

Soha mutaxassislarining ta’kidlashicha, yo‘l qurilishida unga yotqizilgan qorishma turiga qarab 18 yildan 30 yilgacha kafolat beriladi. Deylik, beton qorishmasidan qilingan yo‘llarga 30 yil, asfalt qorishmasi yotqizilsa, 18 yil. Ushbu raqamlarga tayanadigan bo‘lsak, o‘tgan yili viloyatda kapital qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilgan 830 kilometr yo‘l 18 yilga bardosh bera olishi kerak. Agar har yili, aytaylik, o‘rtacha 700 kilometrdan ziyod yo‘lda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilsa, taxminan 26 yilda viloyatdagi barcha yo‘llar oynadek tekis va ravon bo‘lar ekan. Lekin ikki-uchta chuqurni ham qum-shag‘al aralashmasi bilan yamab qo‘yish orqali raqamlarga zo‘r berilsa, bu natijaga 50 yilda ham erishib bo‘lmaydi. Boisi, qo‘l uchida qilingan yamashlar 18 yil tugul 18 oyga ham yaramaydi.

Uzoqqa bormay, kuzatishlarni Qarshi shahridan boshladik.

Qarshi viloyat markazi sifatida barcha hududlarga o‘rnak bo‘ladigan shahar. Bu yerda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda. Biroq shahar ichidagi yo‘llar xususida bunday deb bo‘lmaydi. Jumladan, Nasaf ko‘chasi bo‘ylab “Osiyo” savdo majmuasiga boradigan yo‘l necha yildirki, hech tuzalmaydi. Yo‘lning ahvoli nihoyatda achinarli. Bu yo‘ldan piyodalar ham, transport vositalari ham ming bir mashaqqat bilan harakatlanadi. Eng muhimi, ushbu yo‘l oxirida avtomobillar va ular uchun ehtiyot qismlar sotadigan katta bozor, bundan tashqari, mol bozori, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatadigan ko‘plab shoxobchalar, hatto turistlar dam oladigan mehmonxona ham joylashgan. Yo‘ldagi og‘ir sharoitga qaramay, qatnov juda gavjum.

– 2011 yilda foydalanishga topshirilgan mehmonxonamiz bir paytda 40 kishini qabul qilish imkoniyatiga ega, – deydi “Sokin plaza” mehmonxonasi katta ma’muri Asilbek Ochilov. – Lekin yo‘l nosozligi mehmonxonamizning turistik salohiyatiga salbiy ta’sir qilmoqda. Tashrif buyuruvchi mehmonlar soni yildan-yilga kamayib borayapti. Chunki bu yo‘ldan bir yurgan sayyoh ikkinchi bor qadam bosmaydi. Qolaversa, ochig‘ini aytaman, chet ellik mehmonlarni bu yo‘ldan olib kelishga uyalamiz.

Huddi shu yo‘l bilan tutashgan Alisher Navoiy ko‘chasidagi ahvol bundan-da battar. Ushbu yo‘llardagi kamchiliklar ko‘payib borayotgani, ularning jihozlanishidagi jiddiy kamchiliklar, avtomobil yo‘lining holati xavfsizlik talablariga javob bermasligi yo‘l-transport hodisalariga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, avtomobil yo‘li qatnov qismi o‘rtasiga qarama-qarshi harakat yo‘nalishlarini ajratuvchi beton to‘siqlar (BDO-5) o‘rnatilmagan. Piyodalar yo‘lakchalari haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Tungi yoritish chiroqlari bilan jihozlanmagan. Oqibatda haydovchilar boshqaruvni yo‘qotib, turli to‘siqlarga urilishi, ag‘darilib ketishi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lmoqda.

Bu esa, o‘z navbatida, yo‘lni kengaytirish va toifasini o‘zgartirish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlovchi texnik vositalar va jihozlar, jumladan, beton to‘siqlar (BDO-5) o‘rnatish, yo‘l o‘tkazgichlar, ya’ni yer osti va yer usti piyodalar o‘tish joyini qurish, tungi vaqtlarda yo‘llarni yoritish moslamalari bilan jihozlashni talab etmoqda.

– Shuni alohida ta’kidlash joizki, avtomobil yo‘llarida so‘nggi vaqtlarda og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalari yildan-yilga ko‘payib borayotgani kishida jiddiy tashvish uyg‘otadi, – deydi viloyat YHXB matbuot guruhi inspektori, serjant Anvar Xo‘jayev. – Sodir etilgan og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarining tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, aksariyat yo‘l-transport hodisalari avtotransport vositalarining qarama-qarshi harakat yo‘nalishiga chiqib ketishi natijasida yuz bermoqda. Misol uchun, 2018 yil 17 noyabr kuni 4R-87 “A-378 avtoyo‘li Qarshi shahri” avtomobil yo‘lining 47 kilometrida “Neksiya” rusumli avtomashina qarama-qarshi yo‘nalishdan harakatlanib kelayotgan “Isuzu” avtomobili yo‘liga chiqib ketib, to‘qnashuv sodir etgan. Natijada 3 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 1 nafari tan jarohati olib, shifoxonaga tushgan. Yana bir misol, 2018 yil 26 dekabr kuni xuddi shu yo‘lning 17 kilometrida “Neksiya” rusumli avtomobil qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan boshqa bir shu rusumdagi avtomashina yo‘liga chiqib ketib, to‘qnashgan. Oqibatda 3 nafar fuqaro halok bo‘lib, 3 nafari qattiq tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Birgina o‘sha 4R-87 “A-378 avtoyo‘li Qarshi shahri” yo‘lida 2018 yilda 16 marta yo‘l-transport hodisasi sodir etilishi natijasida 7 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 21 nafari turli darajada tan jarohati olgan. Albatta, bu holatlar bo‘yicha tegishli mutasaddi tashkilotlarga taqdimnomalar kiritilgan.

Darhaqiqat, shahar ko‘chalaridan yursangiz, hatto ayrim yo‘llarda yo‘l chiziqlari mutlaqo o‘chib ketganining guvohi bo‘lasiz. Markaziy shohko‘chalarda esa buning teskarisi, har safar har joydan chizilgan chiziqlar tufayli to‘rt polosali yo‘l 8 polosaliga aylangan. Qaysi biridan yurishga boshing qotadi.

Shaharning Xalqlar do‘stligi ko‘chasi ham serqatnov. Boisi, bu yo‘l orqali Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya hamda ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining Qarshi filiallariga, viloyat ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasiga boriladi.

Kardiologiya va endokrinologiya tibbiyot markazlari filiali ochilishi munosabati bilan ushbu ko‘chada keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash ishlari boshlanib ketgani shahar ahlini behad quvontirgan edi. Ushbu jarayonda yo‘l kengaytirilib, har ikki chetida piyodalar yo‘lagi qurilib, yoritish moslamalari o‘rnatila boshlandi. Ammo quvonchlar uzoqqa cho‘zilmadi. Keng miqyosli qurilish ishlari ko‘chadan tibbiy markazlarga buriladigan yo‘lgacha qilinib, u yog‘i shundayligicha qoldirildi. Eng yomoni, yoritish vositalari o‘rnatilishi munosabati bilan yaxshigina turgan yo‘l cheti qazib tashlandi. Tibbiy markazlar ochilgandan so‘ng ishlar joyida to‘xtatilib, qazilgan joylar qaytarib ko‘mib qo‘yildi.

– Prezidentimiz tashrifidan avval Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy markazi viloyat filiali ochilishi munosabati bilan ko‘chamiz yo‘lni yorituvchi moslamalar qo‘yish uchun qazilgan edi, – deydi shu ko‘chada yashovchi Gulchehra Boqiyeva. – O‘rnatib bo‘lingach, shundoqqina ko‘mib qo‘yishdi. Endi yog‘ingarchilik paytlari yo‘l chetidan yurishning umuman imkoni bo‘lmay qolmoqda. Natijada piyodalar yo‘lning transport harakatlanadigan qismidan yurishga majbur. Bu esa avtohalokat yuz berishiga olib kelmoqda. Yo‘l shundoq ham tor, kishini hayron qoldiradigan tomoni shuki, qurmas ekansan, nima qilasan buzib?! Ko‘chamizning ilgarigi holati ham yaxshi edi. Hozir esa beshbattar bo‘ldi.

Viloyat markazida ahvol shunday bo‘lsa, tumanlardagi holat qandayligini anglash qiyin emas. Shunday bo‘lsa-da, Kasbi tumani sari yo‘l oldik. Qarshi shahridan taxminan 20-21 kilometr yurib, “Xush kelibsiz Kasbi tumaniga” degan banner oldidan o‘ngga burildik.

Qarshi tumanining Poshton va Kasbi tumanining Qozoq qishloqlariga borsangiz yoxud o‘sha qishloq oralab o‘tgan yo‘ldan Koson tumani markaziga o‘tmoqchi bo‘lsangiz, xoh piyoda, xoh ulovda bo‘ling, o‘ta hushyor yurishingizni maslahat beramiz. Yog‘ingarchilik paytlariku, u yoqlarga umuman bormagan ma’qul.

Ushbu yo‘l ikki qishloq o‘rtasidan o‘tgan bo‘lib, ikki tuman chegarasida joylashgan. Qarshi – Kasbi yo‘li chorrahasidan o‘ngga qayrilgandan so‘ng boshlanadigan mazkur yo‘lning qariyb 4-5 kilometri shu darajada abgorki, undan qatnovchi nafaqat avtoulov egalari, balki atrofdagi qishloqlar aholisining ham jiddiy noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Boisi, umumfoydalanuv ahamiyatiga ega bo‘lgan mazkur yo‘l atrofdagi 5-6 ta qishloq aholisiga xizmat qiladi. Bu yo‘ldan odamlar Qarshi shahri, Qarshi tumani markazi, Kasbi tumani va Koson tumani markazlariga qatnaydi.

Yo‘lda mashinada borar ekanmiz, ro‘paramizda ikkita tirkamada paxta olib kelayotgan traktor ko‘rindi. Traktor haydovchisi asosiy yo‘l qolib, asfalt chetida sun’iy hosil bo‘lgan yo‘ldan kelardi. Uning qarshisidan bir nechta piyoda yo‘lovchi bormoqda. Holatni kuzatib turdik. Traktor yo‘lovchilarga yo‘l bermaydi. Yo‘lovchilar unga qo‘lini siltay-siltay, bir narsalar deb baqirgancha yo‘lning qatnov qismiga chiqib ketdi. To‘xtadik, piyodalardan birini suhbatga tortdik.

– Har kuni shu ahvol. Yo‘l yomonligidan hatto uning chetidan yurishning ham imkoni yo‘q, – deydi Qozoq qishlog‘ida yashovchi Rustam Boymurodov. – Chorrahadagi mol bozoriga chiqqandim. Borishda ham, qaytishda ham shu manzara. Mashinalar yo‘l qolib, piyodalar yuradigan joydan yuradi. Piyoda qayerdan yursin? Bu yo‘lni keyingi 10-15 yilda oxirgi marta qachon jiddiyroq ta’mirlashganini eslay olmayman. Har yili hosil bo‘lgan chuqurlarga tuproq to‘kib ketishadi. Bir yomg‘ir yog‘sa, yamalgan chuqurlar battar kattalashadi. Shu yo‘ldan farzandlarimiz, nabiralarimiz maktabga boradi. Yuragimizni hovuchlab o‘tiramiz. Yog‘ingarchilikda yo‘lning ikki cheti loy bo‘lib ketadi. Piyoda ham, mashina ham nosoz yo‘ldan yurishga majbur bo‘ladi. Tez tibbiy yordam mashinasini chaqirsak, yo‘l sababli hech qachon vaqtida kelmaydi. Eng yomoni, Kasbi – Qarshi yo‘lida shu atrofdagi dehqonlar mahsulotini ulgurji sotadigan kichkina bozorcha bor. Pishiqchilik mavsumida aholi tomorqasida yetishtirgan pomidor, bodring, qovun-tarvuz va hokazo mahsulotlarini shu yo‘l orqali eshak aravada olib chiqadi. Necha marta avtohalokat ham bo‘ldi. Lekin birorta mutasaddining xayoliga kelmaydi bu yo‘lni tuzatish.

Haqiqatan ham, mashinamizni avaylash uchun yo‘lning goh u, goh bu chetidan yurishga majbur bo‘ldik. Yo‘l yoqasida Kasbi tumaniga qarashli “G‘alaba” paxta qabul qilish punkti joylashgan. Ulovimizni o‘sha tomonga burdik. Qabul maskani rahbari Nizom Qurbonovning ushbu yo‘l borasidagi fikrlari bilan qiziqdik. Bu muammo uning sabrini quyushqondan chiqarib yuborgan chog‘i, gap boshlamasimizdan dardini doston qilib ketdi.

– E, yo‘lni so‘ramang, yig‘im-terim paytida kuniga 150 ta traktor punktga paxta olib keladi, – deydi N.Qurbonov. – Jami 5 ming tonna paxta g‘amlanadi. Yana shuncha paxta Kasbidagi paxta zavodiga tashiladi. Kuniga o‘rtacha 10 ta traktor uch martadan 30 marta borib keladi. Haydovchilar yo‘lning ahvolidan “dod” deyishadi. Ayniqsa, yog‘ingarchilikda yo‘lda yurish piyoda uchun ham, haydovchi uchun ham birdek xavfli. Lekin nima qilish kerak, yukni zavodga tashimasa bo‘lmaydi, axir. Shahardan biror narsa buyurtma qilsak, yo‘lni bahona qilib, chorrahadan bu yog‘iga hech kim kelmaydi.

Yo‘lda ketayotgan “Damas” rusumli avtoulov haydovchisi fikrlari bilan ham qiziqdik.

– Taksichiman. Poshton qishlog‘idan kuniga ikki-uch marta Qarshi shahriga borib kelaman, – deydi ismini oshkor qilishni xohlamagan haydovchi. – Kasbi – Qarshi yo‘li chorrahasiga chiqquncha o‘zim ham, yo‘lovchilar ham ko‘radiganimizni ko‘ramiz. Ayniqsa, orqa o‘rindiqda o‘tirgan yo‘lovchilarga rahmim keladi. Lekin nachora, tirikchilik qilish kerak-ku! Mashinaning “xodovoy”larini-ku, so‘ramang, yiliga kamida ikki marta yangilashga majburman.

Ushbu yo‘llarning ahvoli yuzasidan viloyat avtomobil yo‘llar hududiy bosh boshqarmasi bilan bog‘landik.

– “Osiyo” bozoriga boradigan Nasaf ko‘chasi bizning tashkilotimiz balansida emas, agar mahalliy byudjetdan mablag‘ ajratilsa, ta’mirlab beramiz, – deydi ushbu boshqarma bosh muhandisi Bo‘ri Fayziyev. – Keyin, Alisher Navoiy ko‘chasi ham bizga qarashli emas, shunday bo‘lsa-da, o‘sha ko‘chada idoramiz joylashgani va fuqarolardan ko‘p murojaat tushgani uchun bardyur qo‘yishni boshlaganmiz. Hali mablag‘ ajratilgani yo‘q bu yo‘l uchun ham. Ushbu ko‘chaga shag‘al ham to‘kib berganmiz. Yoz payti changimasligi uchun har kuni bir mashinadan suv sepib berganmiz. Endi, joriy yilda mahalliy byudjetdan mablag‘ ajratiladi, deyishmoqda. Agar shu masala hal bo‘lsa, nasib etsa, joriy yilda bu yo‘l ta’mirlanadi. Bu masalalarni shahar hokimligi va obodonlashtirish boshqarmasi yechadi, biz emas. Lekin Kasbi tumanidagi yo‘l bizga qarashli. Umumfoydalanuvdagi ushbu yo‘l haqiqatdan ta’mirtalab. O‘tgan yili bu yo‘lning yuqori qismidan 7 kilometri ta’mirlangan. Siz aytayotgan qismidan ham 8 kilometr ta’mirlanishi bu yilgi dasturga kiritilgan. Joriy yilda bu yo‘l qaytadan qurib beriladi. Bu masalada muammo bo‘lmaydi.

Qarshi shahar yo‘llari masalasida shahar hokimligidan ham, obodonlashtirish boshqarmasidan ham, umuman, yo‘l qurilishiga mas’ul tashkilotlardan ham tayinli javob ololmadik. Hammasi bitta gapni takrorlaydi: “bu yo‘lni falonchi tashkilot qilishi kerak”. “Falonchi” tashkilot esa “falonchi”ga yuklaydi. Yo‘l qurilish-ta’mirlash masalasini ham huddi shunday paysalga solib, bir-biriga ag‘darib kelmoqda. Xullas, yo‘lning egasi yo‘q.

Baholiqudrat tahlil qilishga uringan mavzuimiz haqiqatan muammoli. Hali bor-yo‘g‘i 20 yoki 25 kilometrlik yo‘lda shuncha muammo. Vaholanki, viloyatda qariyb 18,5 ming kilometr yo‘l mavjud ekan…

O‘ylaymizki, mutasaddilar ushbu masalaga e’tibor qaratib, muammolarni vaqtida bartaraf etishadi. Zero, yo‘llar iqtisodiyotimizning qon tomirlaridir.

O‘.Barotov, J.Norqobilov (surat), O‘zA