Haqli talab

2019-08-12T12:07:04+05:009 January, 2019|Hafta maqolasi, Jurnalist ijodidan|
Yurtimizda jurnalistika sohasida o‘zgarish, yangilanish va faollik davri kuzatilmoqda. Buni nafaqat respublika ommaviy axborot vositalari, balki mahalliy televideniye va gazetalar misolida ham ko‘rish mumkin.
Xususan, Navoiy viloyatidagi bosma nashrlar, ularda e’lon qilinayotgan maqolalarning mazmun-mohiyati, tahliliy-tanqidiy yondashuvning tez-tez ko‘zga tashlanayotgani fikrimiz tasdig‘idir.
So‘nggi oylarda chop etilgan “Hojatbardorlik niqobidagi tadbirkorlik” (“Do‘st¬lik bayrog‘i”. 28.09.2018), “Eto nujno jivыm” (“Znamya drujbы”. 16.10.2018), “Og‘ilxonadagi sirtmoq qo‘rqitish vositasiga aylanmasin” (“Karmana ovozi”. 25.11.2018), “Gazeta o‘qish kerak emasmi” (“Qiziltepa tongi”. 19.11.2018) kabi maqolalar O‘quvchilar tomonidan qizg‘in muhokama qilinmoqda. Tahririyatlar prokuratura, sud va ichki ishlar organlari bi¬lan hamkorlikni faol yo‘lga qo‘ygani shu kecha-kunduzda ro‘y berayotgan muhim voqealar haqida ishonchli xabar yetkazishda muhim ahamiyat kasb etayapti. Ayniqsa, ochiq sud majlislari to‘g‘risidagi materiallar o‘quvchi e’tiborini tortayapti.
Ma’lumki, mamlakatimizda nashrlarning bozor munosabatlariga moslashuv jarayoni qiyin kechmoqda. Gazetalarning mundarijasi, sermazmun maqolalar, birinchi navbatda, e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan, ahamiyatga molik manba hisoblanadi. Zero, obunachilar sonini oshirishda o‘quvchi ishonchini qozonish zarur.
Lekin, viloyat nashrlarida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan zaruriy o‘zgarishlardan ko‘z yumib bo‘l¬may¬di. Jumladan, gazetalarda an’anaviy sarlavhabozlik va matnbozlik ho¬latlari uchraydi. Siyqasi chiqqan sarlavha va jumlalar o‘quvchining e’tiborini tortmaydi.
“Qaddi ham, qadri ham baland ustozlar”, “Oftob nuri kabi”, “El yuziga husn bo‘layotganlar”, “Dolzarb masalalar muhokamasi”, “Peshona teridan yaralgan xirmon”, “Zarur choralar belgilandi”, “Diniy ekstremizm — kelajakka tahdid”, “Muntazam nazoratga olindi” (“Navbahor tongi”. 40, 41-sonlar), “Sharafli kasb egalari e’zozlandi”, “Ertamiz egalari munosib qo‘llarda”, “Fidoyilikka yo‘g‘rilgan g‘ayrat va shijoat baraka xirmonini yuksaltirmoqda”, “Dolzarb masalalar — deputatlar e’tiborida”, “Ezgulik sarchashmasi”, “Muhokamada — davlat dasturi ijrosi”, “Ijro intizomi — taraqqiyot kafolati”, “Oilalarga ma’rifat ulashib”, “Xotin-qizlarning jamiyatdagi roli oshmoqda”, “Yuksak ehtirom namunasi” (“Karmana ovozi”. 40, 41-sonlar) kabi maqolalarni misol keltirish mumkin.
Viloyatdagi nashrlar to‘liq obuna hisobidan chop etiladi. Ayni paytda gazetalarni, qisman bo‘lsa-da, bozorga chiqarish masalasini o‘ylab ko‘radigan davr keldi. Bu nashrlar faoliyatida yangicha yondashuvni tatbiq etishni taqozo etadi. Xususan, sahifalash jarayonini qayta ko‘rib chiqish lozim. “1-betda, albatta, rasmiy mazmundagi maqola yoki rasm berilishi kerak”, degan qoidadan voz kechish maqsadga muvofiqdir. Tan olish kerakki, tumanda sessiya bo‘lib o‘tdi yoki nufuzli respublika tanlovining tuman (shahar) bosqichi o‘tkazildi kabi xabarlar odamlar orasida eng ko‘p muhokama bo‘ladigan mavzu emasligi ma’lum. Erishilgan yutuqlar qatorida tuman hududida sodir bo‘lgan voqealar, yo‘l transporti hodisasi to‘g‘risidagi xabarlar nega asosiy sahifaga olib chiqilmasligi kerak?! Aslida bozor talabi ham shu, ya’ni o‘quvchining e’tiborini tortadigan mav¬zuni yoritish.
Eng muhimi, jurnalist sinchkov bo‘lsa, o‘quvchini jalb etadigan voqea va xabar ko‘p. Hokimliklarda o‘tadigan tan¬qidiy yig‘ilishlarni esa quruq axborot ko‘rinishida yoritishdan qutulish kerak!
Agar ochiq aytadigan bo‘l¬sak, obuna jarayonida gazetalar ko‘proq odamlar bilan emas, balki korxona-tashkilotlar rahbarlari bilan ishlashni ma’qul ko‘rishadi. Avvallari hovli darvozasida pochta qutisi bo‘lardi, pochtachi yangi gazetani qutiga solib ketardi. Nega bugun uni qayta tashkil etish haqida hech kim o‘ylamayapti. Axir, ertalab darvoza tash¬qarisida ilingan quti ichidan yangi gazeta olib, o‘ziga yoqqan maqolani o‘qib tursa, buning ustiga nashrlar rang-barang bo‘lsa, odamlar, albatta, gazeta sotib oladi, unga yoziladi.Tahririyatlarning internet tarmog‘ida faol emasligi ularning samarali fao-liyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Hozir navoi¬news.uz (“Do‘stlik bayrog‘i” va “Znamya drujbы”) uch¬qu¬duq-gazeta.uz, kar¬ma¬na¬ovozi.uz (“Karmana ovozi”), navoiyyoshlari.uz (“Navoiy yoshlari”) kabi saytlarni aytmasa, boshqa nashrlar o‘zi¬ning veb-saytiga ega emas.
Bugun qaysi gazeta muharririning qo‘lida hudud aholisining soni, ularning yosh tarkibi, qaysi sohalarda faoliyat yuritishi bitilgan statistik ma’lumot bor? Yoki qaysi mavzu odamlarni qiziqtiradi, qaysi yoshdagi ommani jalb qilish mumkin, degan savollar ustida bosh qotirilayaptimi? Albatta, ana shu kayfiyat va ruhda o‘z faoliyatini qayta ko‘rib chiqayotgan tahririyat jamoalarining harakati tahsinga loyiq.
Bugungi kun “gazeta obunachi emas, bozor talabiga javob beradimi?” degan haqli savolni o‘rtaga tashlayapti. Bu esa jurnalist pozitsiyasi, davr mas’uliyatini to‘la anglash bilan bog‘liq.

Yorqul UMAROV
O‘zbekiston Jurnalistlari
ijodiy uyushmasi
Navoiy viloyati bo‘limi raisi,
Ozod MUSTAFOYeV
bo‘lim mutaxassisi