Uyushma xalqaro media maydonda

2019-08-12T12:07:14+05:0017 December, 2018|Umumiy yangiliklar, Yangiliklar|

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi 2018 yildan chet mamlakatlar jurnalistik tashkilotlari bilan bevosita tizimli aloqalarni yo‘lga qo‘ydi. Xususan, joriy yilning 14 noyabrida Moskva shahrida Rossiya tomoni bilan o‘zaro kelishuvga muvofiq O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va Rossiya Jurnalistlar uyushmasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Kelishuv imzolandi. Kelishuv har ikki tomon ishtirokida ishlab chiqildi va mamlakatlarimiz ommaviy axborot vositalari hamda jurnalistlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Uning doirasida jurnalistlar uchun media turlar, OAV sohasidagi muhim va dolzarb masalalar bo‘yicha axboriy safarlar tashkil qilinadi, birgalikda mediaforumlar o‘tkaziladi, mamlakatlarning yirik OAV o‘rtasida o‘zaro bordi-keldilar, hamkorlik aloqalari o‘rnatiladi. O‘zbek jurnalistlarining Rossiyaning yirik OAVda malaka oshirishlari tashkil etiladi. Taniqli rossiyalik jurnalistlarning mamlakatimizda mahorat darslari tashkillashtiriladi va boshqa tadbirlar amalga oshiriladi.

Ayni paytda Qozog‘iston Jurnalistlar uyushmasi huddi shunday hujjatni imzolash rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi mamlakatda jurnalistika sohasida o‘tkazilayotgan xalqaro tadbirlarda hamkor tashkilot sifatida keng ishtirok etib keladi. Xususan, O‘zbekiston mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assotsiatsiyasi tomonidan o‘tkazilayotgan xallqaro mediaforumlar bevosita Ijodiy uyushma bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

Shuni alohida qayd etish joizki, jurnalistika sohasidagi “Oltin qalam” Milliy mukofoti xalqaro tanloviga mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan xalqaro va chet el tashkilotlari katta qiziqish bilan munosabatda bo‘lmoqda. YuNESKO, BMT axborot markazi, Jahon banki, Yevropada Xavfsizlik va xamkorlik tashkiloti, “Regional muloqot”(Sloveniya)ning O‘zbekistondagi vakolatixonalari uyushmaning ko‘p yillik hamkori hisoblanadi. Keyingi yillarda ular safiga Yevropa Ittifoqi vakolatxonasi, AQSh, Xitoy Xalq Respublikasi, Turkiya, Gruziya, Ozarbayjon Respublikalarining O‘zbekistondagi elchixonalari, Germaniyaning DVV Internasional, Gyote instituti va boshqa xalqaro tashkilotlar qo‘shildi. O‘tgan vaqt davomida ular tomonidan tanlov doirasida e’lon qilingan nominatsiyalar bo‘yicha 100 ga yaqin jurnalist taqdirlandi. Jurnalistlar uchun ta’sis etilgan mukofotlar orasida keyingi yillarda chet ellardagi yirik media tuzilmalar va ommaviy axborot vositalarida malaka oshirish, xalqaro konferensiyalarda qatnashish ko‘zda tutilgan safarlari tobora ko‘paymoqda. Xususan 2017 yil davomida bir nafar jurnalist Britaniyada, bir nafari Shveysariyada, 16 nafar jurnalist Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib qaytdi. 2018 yili 4 jurnalist Turkiyada, 2 nafar jurnalist Ozarbayjon, 2 ta jurnalist, Gruziya, 4 nafar jurnalist Xitoy Xalq Respublikasi OAVda tajriba almashdi.