Qalovini topsang, qor ham yonadi

2019-08-12T12:07:15+05:0017 December, 2018|Umumiy yangiliklar|

Yaratilgan imkoniyat va bildirilgan ishonchdan samarali foydalanaylik
Hammamiz yaxshi tushunamiz, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalari g‘oyat muhim o‘rin tutadi.
Men ommaviy axborot vositalari faoliyatini muntazam kuzatib boraman. Lekin, afsuski, islohotlar mohiyati, qabul qilinayotgan qonun va qarorlar ijrosi bilan bog‘liq muammolar, aholi murojaatlari yuzasidan gazeta, tele va radiokanallarda tanqidiy maqola, ko‘rsatuv va eshittirishlar juda kam.Vaholanki, islohotlar jarayonida ommaviy axborot vositalari xalq manfaatlarining chinakam himoyachisiga aylanishi lozim. Buning uchun ulardan shijoat, professional mahorat, xolislik va chuqur tahliliy salohiyat talab etiladi».
Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi va O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bilan hamkorlikda davra suhbati tashkil etildi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbir Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishdagi “Bilimli avlod – buyuk kelajakning, tadbirkor xalq – farovon hayotning, do‘stona hamkorlik esa taraqqiyotning kafolatidir” ma’ruzasida bildirilgan fikrlaridan kelib chiqadigan vazifalarga bag‘ishlandi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimiz hayotining turli sohalarida keng ko‘lamli yangilanishlar jarayoni amalga oshirilmoqda. Xususan, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi bugungi kunda respublikamiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishda, innovatsion va industrial rivojlanish sari odimlashda beqiyos o‘rin egallamoqda. Xalq bilan doimiy muloqotda bo‘lish, odamlarning tashvish-muammolarini hal etish, ularni rozi qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur jarayonda ommaviy axborot vositalarining o‘rni va nufuzi kundan-kunga oshmoqda.
— Aholini mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy sohalardagi islohotlar to‘g‘risida xabardor qilib borish demokratik jamiyat barpo etishning muhim sharti bo‘lgan ommaviy axborot vositalari faoliyatining bosh maqsadi hisoblanadi, —dedi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov.— Bu ma’noda ommaviy axborot vositalari bugungi shiddatli yangilanishlar jarayonida qanday o‘rin tutmoqda? Islohotlar mohiyati, qabul qilinayotgan qonun va qarorlar ijrosi bilan bog‘liq muammolar, aholi murojaatlari gazeta va jurnallar sahifalari, tele va radiokanallarda qanday aks etmoqda? Afsuski, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan ommaviy axborot vositalari ishidan davlatimiz rahbari qoniqayotgani yo‘q. Berilayotgan materiallar shunchaki yuzaki va raqamlar sharhidan iborat bo‘lib qolmoqda. To‘g‘ri, tanqidiy-tahliliy chiqishlar bor. Ammo ular juda kam va sayoz. Tanqidiy materiallarni yozishda jurnalistlarga nima yetmayapti? Tajribami, bilimi yoki jasorat. Har kuni tahrirityalarga o‘nlab shiikoyat xatlari keladi. Hech bo‘lmaganda ana shu xatlar bo‘yicha tanqidiy-tahliliy materallarni chop etish mumkinku. Agar tahririyatlarga shikoyat xatlarini joyiga borib o‘rganish uchun muxbirni yuborishga moddiy imkoniyati yetmasa bu borada uyushma ularga yordam berishga tayyor. Ya’ni tanqidiy maqola tayyorlash uchun barayotgan xodimning sarf-xarajatlarni qoplab beramiz. Bu borada takliflaringiz bo‘lsa bizga murojaat qilishingiz mumkin. Shuningdek uyushma tomonidan yurtimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarga to‘siq bo‘layotgan g‘ovlarni oldini olishga qaratilgan eng yaxshi tanqidiy-tahliliy maqolalarni jamlab kitob chop etishni ham rejalashtiryapmiz.
Anjumanda teleradiokanallar, gazeta-jurnallar, internet-nashrlarning faoliyati tahlil etildi, bu boradagi muammolar va ularning yechimlari haqida so‘z yuritildi. E’tirof etilganidek, amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyati, maqsad-vazifalari, ularning ijrosi, joylarda islohotlar yo‘lida to‘g‘anoq bo‘layotgan muammolar va ularning yechimlari haqidagi tahliliy va tanqidiy materiallar kamligiga ta’kidlandi.

—Prezidentimiz OAV faoliyati haqida uch marotaba tanqidiy fikr bildirdilar, —deydi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov.— Matbout bugungi davrdan, islohotlardan orqada qolayapti desak ham noto‘g‘ri bo‘lmaydi. Aksariyat gazetalar rasmiy xabarlarni berishdan nariga o‘tmaydi. To‘g‘ri, asosiy gazetalar chiqayotgan rasmiy hujjatlarni chop etishi kerak. Qolganlarchi, ular nimaga tanqidiy-tahliliy maqolalarni bermayapti? Sobiq sovet davrida gazetalarda albatta bitta fe’leton chiqishi shart edi, o‘sha gazetalar bugun chiqayapti. O‘sha talab hozir ham bor. Lekin natija yo‘q. Gazetada xalq manfaatini himoya qiladigan chiqishlar bo‘lmagandan keyin, obuna ham shunga yarasha bo‘ladi. Qachongacha biz obunani davlat qilib bersin deb qarab turamiz. Bundan ko‘ra gazetalarga bor haqiqatni yozib, tanqidiy maqolalarni qalashtirib tashlamaysizlarmi? Bu borada hech qanday to‘siq yo‘q-ku. Prezidentimiz ma’ruzalarida matbuot jamotchilik nazaratini olib borishi kerak dedidar. Aslini olganda matbuot haqiqiy ma’noda to‘rtinchi hokimiyatga aylana olganida jamoatchilik nazorati kabi tashkilotlarga o‘rin qolmas edi. Afsuski biz o‘z ishimizni qoyillatib bajara olmaganimizdan keyin xalq dardini tinglaydigan tashkilotlar ochilyapti. Ularda esa minglab odamlar matbuotning ishini qilayapti.
Ommaviy axborot vositalari jamiyat hayotida faol bo‘lishi, davlat boshqaruvida bevosita yoki bilvosita ishtirok etishi fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning muhim negizi hisoblanadi. Tadbir ishtirokchilari aholi murojaatlari asosidagi tanqidiy-tahliliy materiallar sifatini oshirish mamlakatda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda muhim omil ekani, xalq manfaatlariga xizmat qilishiga e’tibor qaratdilar.
—Konstitutsiyamizning 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanada Prezidentimiz ma’ruzasini katta qiziqish bilan tingladim. Ayniqsa, ma’ruzada ommaviy axborot vositalari haqidagi tanqidiy fikrlari menga juda ma’qul keldi, —dedi, Faxriy jurnalist Xurshid Do‘stmuhammad. — Meni tashvishga solayotgan masala, sho‘ro davrida matbuotchilar o‘z vazifamizni juda yaxshi bilar edik. Nega bugun buni esdan chiqarib qo‘ydik. Topayotgan bahonalarimizning hammasi yasama. Qalovini topsak qor ham yonadi. Hujjatlar bilan asoslab tahlil qilib yozsak, hech qanday gap so‘zga o‘rin qolmaydi. Biz o‘zimizni o‘zimiz boshqarishga o‘rgana olmayapmiz. Kimlarningdir og‘ziga qarab qolganmiz. Tepadan qachon buyruq bersa o‘shanda bir ikkita nomiga tanqidiy hisoblanadigan maqolani beramiz xolos. Axir siz chop etayotgan gazetaga qoncha qog‘oz ketayapti, hech chamalab ko‘rasizlarmi? Shuncha qog‘oz, gazeta uvolku. Yana bir masala odamlarning uzoq qishloqlardan poytaxtga najot istab kelayotgani ham ommviy axborot vositalari uchun uyat. Joylarda minglab muammolar bor. Gazetalar esa har kuni to‘lib chiqayapti. Bittasida ana shu mavzularga bag‘ishlangan maqola yo‘q. Bu muammolarni jamoatchilik nazaratiga kim tashlaydi. Matbuot emasmi? Aytilgan fikrlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, davlatimiz rahbarining haqiqiy yordamchisiga aylanaylik. Imkoniyat va ishonchdan foydalanaylik.
Davra suhbatida tahririyatlar faoliyatini takomillashtirish bilan bog‘liq masalalar, xususan, zamonaviy bilim-ko‘nikmalarga ega bo‘lgan, kreativ yosh kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi, jurnalist kadrlar tayyorlovchi oliy o‘quv yurtlarida bu borada olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
Tadbirda yirik media tuzilmalar, OAV rahbarlari va yetakchi jurnalistlar, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetlari professor-o‘qituvchilari, talabalari ishtirok etishdi.
Bildirilgan fikr va takliflar bo‘yicha tegishli tavsiyalar qabul qilindi.
Jobir Xo‘jaqulov,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi
yetakchi mutaxassisi