Axborot yozish – eng mashaqqatli ish

2019-08-12T12:07:42+05:0016 December, 2018|Hafta maqolasi, Jurnalist ijodidan|

Agar nashrlarni e’tibor berib kuzatsangiz, ko‘ngildagidek xabar yoza oladigan jurnalist respublika bo‘yicha ham sanoqli.

Misol uchun, bitta gazetada 20 ta axborot berilsa, bizga uning 1-2 tasigina ma’qul tushadi. Qolganining sarlavhasiga bir qarab qo‘yamiz, xolos.

Nega?

Chunki o‘zimiz istagan axborotni topa olmaymiz. Arziydigan voqea yo‘qligidan emas. Aslo. Axborotni maromiga yetkazib yozadigan muxbir yo‘qligidan.

Bir voqea esimdan chiqmaydi. 1972 yilda talaba edim. “Zarafshon” (sobiq “Lenin yo‘li”) gazetasiga qishlog‘imizga tabiiy gaz o‘tkazilgani haqida xabar keltirdim. Bo‘lim mudiri A.Jo‘raboyev uni o‘qib, e’tiroz bildirdi va to‘ldirib kelishimni aytdi.

– Uka, – dedi u kishi. – Avvalo, qaysi mintaqada ish bajarilganini ayting. Bu muhim gap. Oldingi holat bilan taqqoslang. Yaqin o‘rtada yana qaysi qishloqqa tabiiy gaz o‘tkaziladi? Mablag‘i qayerdan olingan? Ishchilar shu qishloq yigitlarimi?

Men hayron bo‘ldim.

– Qo‘rqmang, ana shu gaplarni bemalol bitta xabarda aytish mumkin. Lekin ma’lumot yig‘ishga 1-2 kun ketadi.

Bu holat 2-3 marta takrorlangach, yozgan axborotlarimdagi o‘zgarishni o‘zim ham seza boshladim.

Ming afsuski, hozirda ham sovet davridan qolgan axborotchilik namunasi uchrab turadi. Unda mavzu, joy, ma’ruzachi, ishtirokchilar qayd etiladi, xolos. Masalan, yaqinda “Aholi mamnun” degan xabar o‘qidim. Unda qishloq o‘rtasidagi kanalga ko‘prik qurilgani, bu savob ishdan aholi mamnunligi yozilgan. Ushbu xabarga kanalning ikki tomonidagi aholi soni, ko‘prik loyihasi, muallifi, mablag‘i, egasi, quruvchilar malakasi haqidagi ma’lumot qo‘shilsa bo‘lmasmidi? Sarlavhasi “Qishloqdagi birinchi ko‘prik” deb qo‘yilsa-chi?

Kamina bayon etilayotgan masalaning ilmiy-uslubiy tahliliga da’vogar emasman. Kasbimizda orttirgan tajribamni o‘rtoqlashmoqchiman, xolos. Shu sababli xulosa va tavsiyalarim an’anaviy qoidalarga to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Buning uchun avvaldan uzr so‘rayman.

Demoqchimanki, axborot yoza olmagan ijodkor to‘laqonli jurnalist bo‘la olmaydi. Ayniqsa, tahririyatda ishlash uchun bu janrni imkoni boricha mukammalroq egallash kerak. Yoshlar esa faoliyatini aynan shu ishdan boshlashlari lozim. Yo‘q, u kichik janr bo‘lgani uchun emas. Xabar yozish ijodkorni ixcham, ma’nili jumla tuzishga, matbuot stilistikasiga o‘rgatadi. Bitta ixcham axborotda yarim sahifalik maqoladagi gapni aytish mumkin.

FARMON TOShEVNING
“MUXBIRLIK SABOQLARI”
KITOBIDAN.