Og`ziga kelganni demoq

2021-12-01T18:34:14+05:001 December, 2021|Hafta maqolasi, Hududlardan yangiliklar, Umumiy yangiliklar, Yangiliklar|

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda  Toshkent shahar  Yunus­obod tumani maktabgacha ta’lim bo`limi mudiralarining  majburiy mehnatga jalb qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Unda keltirilishicha, mudiralar Yunusobod tumanining 19-dahasidagi  uylar atrofi va ko`chalarni tozalashga chaqirilgan.  Bu mazmundagi  gaplarni dastlab  “Xabar.uz” ijtimoiy tarmog`ida o`qidim.
So`ngra,  “Qalampir.uz”da mazkur xabarga Yunusobod tumani hokimligi va Maktabgacha ta’lim vazirligi axborot xizmati munosabat bildirgani haqidagi ma’lumotlarga ko`zim tushdi. Unda Yunusobod tumani hokimi tumanda 64 ta mahalla bor va shu mahallalardagi xotin-qizlar va obodonlashtirishga mas’ul xodimlar to`p­langanligi, ular orasida bog`cha mudiralari va tar­biyachilari bo`lmaganligi haqidagi ma’lumotni bergan.

Men gazetalarda muxbir vazifasida faoliyat olib borgan kezlarim shu kabi jarayonlarni yoritishda muammoning ichiga chuqur kirib, har tomonlama to`liq o`rganib,  ishonch hosil qilganimdan so`nggina maqola chop etilar edi.
Nafaqat men, balki gazeta va jurnallarda ishlagan har qaysi jonkuyar hamkasblarimiz xuddi shunday yo`l tutishgan. Mana, gazeta bilan ijtimoiy tarmoqlarning bir-biridan farqi. Agar bugun gazeta va jurnallar o`quvchilari soni kechagiday bo`lganida edi, yuzaki  bir tomonlama xabarlar omma e’tiborini bunchalik torta olmasdi.

Istaymizmi yo`qmi, gazeta va jurnal o`quvchilari soni kamayib, ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvli xabarlar ko`payib ketdi. Bugun o`zidan “bloger” yasab olib shov-shuv ko`tarayotganlarning aslo ommaviy axborot vositalariga aloqasi yo`q bo`lib,  jurnalist sha’niga dog` tushirayotgan kimsalardir. Bunday deyishimga sabab “Tentak Minds” deb nomlangan ijtimoiy tarmoqda yuqoridagi xabar bo`rttirib ommaning e’tiborini tortgan holdaCEng zo`r mardikor bog`cha opa” sarlavhali xabar videosi bilan e’lon qilindi. Unda “bugun besh kun ishlaydigan korxonalar dam olishadi uy va bolalarning shirin tashvishlari haqida o`ylashadi ” . Lekin Yunusobod 19 kvartalda bugun ertalab Yunusobod hokimi tashabbusi bilan ommaviy hashar uyushtirildi.

Ommaviy emas o`zi faqat shu supirishga tozalashga usta bo`lgan bog`cha mudiralari va xodimlari ishtirokida  “biz kim eng yaxshi mardikor bog`cha opa” aksiyasiga start berildi, deyiladi. Xo`sh, bu qadar pala-partishlik bilan bitilgan yuqoridagi so`zlar qanday asos­larga binoan yozildi? Axir, keltirilgan videoda ayollar to`plangan holatida  hech qanday obodonlashtirish jarayoni aks etmagan-ku. Jurnalistik surishtiruv natijasida, 19 dahadagi obodonlashtirish jarayonlarida o`sha ko`p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholi vakillari hamda obodonlashtirish bo`limi xodimlari ekanligini aniqladik.

Shoshma-shoshar bloger bo`lmish mukammal o`rganmasdan turib qanday qilib og`ziga kelganini sayraydi! Eng achinarlisi, bog`cha mudirasi va tar­biyachisini asoslanmagan holda yollanma ishchi, mardikorga qiyoslash odobga to`g`ri keladimi? Bloger bo`lmish isboti bo`lmasdan turib nima uchun mudira va tarbiyachini mardikorga qiyoslayapti? U qaerdan bilyapti, videodagi xotin-qizlar maktabgacha ta’lim tashkiloti mudiralari yoki tarbiyachilari ekanligini. Qani isbot, qani aniq fakt? Yana nima  haqqi borki, farzandingiz yoki nabirangizni barkamol avlod bo`lib kamol topishiga hissa qo`shayotgan tarbiyachilarni “qo`yga” qiyos­lashga? Bu haqorat uchun javob berishi shart!

Qolaversa, maktabmi, bog`chami, shifoxona bo`lsin, yo boshqa bir idorada hashar uyushtirish qachondan buyon “jinoyat”, yomon ish bo`lib qoldi? Mehnatning nimasi yomon ekan? Har bir jamoa, har bir oila deylik, o`zi ishlaydigan tashkilot yo muassasada, o`zi istiqomat qiladigan ko`chada, mahallada obodonchilikka hissa qo`shsa, hasharga chiqsa, buning nimasi “majburiy mehnat” bo`lar ekan?

Umuman, keyingi paytlarda “qildan qiyiq axtaradigan” kimsalarga kerakli gapni aytish, ijtimoiy tarmoqlarda aqllilik qilayotgan ayrim nodon kimsalarga kiroyi javob berishning vaqti kelmadimikan?

Oddiy hasharni ham deyarli “jinoyat” deb talqin qilib, “majburiy mehnat” deb ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv ko`tarishni qachon bas qilasiz, ey siz…

Shu bois, ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan xabarlarga hamisha ham ishonib bo`lmaydi. Aksariyati yolg`on, biryoqlama, haqiqatga mos kelmaydi. Tahlil va professional jurnalis­tikadan asar ham yo`q. U erda hamma qozi, hamma jabrdiyda, o`zicha hamma haq, hamma haqiqatgo`y. Afsuski, buni bugun katta-kichik rahbarlar to`liq tushunib etyapti deb ham aytolmaymiz.

Ulug` mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy “Og`ziga kelganni demoq — nodonning ishi”, deydi.

Bu hikmatning asl ma’nisini chaqish har bir insonga nasib etsin-da.

Lobar TO`LQIN qizi,
journalist.