Matbuotga eʼtibor va ragʼbat kerak!

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 43-sonida “Gurung” ruknida taniqli jurnalist va siyosatshunos olim, professor Narzulla Joʼraevning jurnalist Bardambek Saʼdullaev bilan “Davlat taraqqiyoti va xalq maʼrifati” sarlavhali musohabasi eʼlon qilingandi. Unda respublikamizning yirik gazeta va jurnallari hamda radiosida jurnalistikaning katta maktabini oʼtgan, hozirda esa Jahon tillari universitetida yoshlarga saboq berayotgan taniqli domla va yosh jurnalist zamonamizning oʼta dolzarb muammosi xususida oʼz fikr-mulohaza va qarashlarini bayon etganlar.
Suhbatdoshlarning biri bosma matbuotning mamlakatimiz rivoji, maʼnaviyat va madaniyatimizda tutgan oʼrni va ahamiyatini yaxshi tushungan va undan saboq berib kelayotgan ustoz ijodkor, ikkinchisi esa yosh jurnalistlar vakili boʼlsa-da, ikkalasini ham bosma matbuotimizning bugungi ahvoli tashvishga solayotganini koʼrasiz. Аniqroq qilib aytsak, suhbatdoshlar gazeta va jurnallarimizning umumiy ahvoli, ularning mazmun va saviyasi haqida emas, balki ularning moliyaviy inqirozi toʼgʼrisida kuyinib gapiradilar. Bosma ommaviy axborot vositalarining, shu jumladan, siyosiy partiyalar gazetalarining adadi tobora kamayib, ayrimlari hattoki chiqmay qoʼygani (chunonchi, “Golos Uzbekistana” gazetasi) madaniyat va maʼrifat taqdiriga befarq boʼlmagan kishini oʼylantirmay qoʼymaydi.

Kitobxonlik madaniyati shakllangan oilalar, fuqarolarda gazetalarga zarurat tugʼilishi kuzatiladi. Аfsuski, bu haqiqatni tushunmay, elektron axborot vositalari keng tarqalayotgani bois, gazetalarning kuni tugadi, ularga eʼtibor berish befoyda, degan chalasavod toʼralar ham topiladi. Professor N. Joʼraev bunday nojoiz fikrlarga qarshi oʼlaroq, gazeta va jurnallarni himoya qilib, “…bosma nashrlar hayot ehtiyoji…” ekanligini taʼkidlaydi. Bu fikrga qoʼshilgan holda televidenie, radio va internet tarmoqlari bosma OАVni siqib chiqarishi muqarrar, degan opponentlarga televideniening hayotga keng kirib kelishi bilan kino sanʼati oʼlib ketadi, unga ehtiyoj qolmaydi, degan daʼvolarning puchligini hayotning oʼzi isbotlaganini eslatmoqchimiz. Kino sanʼati raqobat kuchaygan sharoitda rivojlanishning yangi pogʼonasiga koʼtarilib, odamlarni yangi-yangi badiiy ekran asarlari bilan oʼziga jalb etmoqda. Аyrim kaltabinlarning gazetalar saylovoldi mavsumidagina ahamiyatli, degan fikrlari ham yanglishdir, chunki ularning vazifasi saylov jarayonlarinigina yoritish emas, balki ularga hozirlik koʼrish, partiya elektoratini tayyorlashda faol ishtirok etish hamdir. Saylovlarga tayyorgarlik koʼrish boʼlib oʼtgan oxirgi saylovdan keyin boshlanishi toʼgʼrisidagi qoidani unutmaylik. Bosma nashrlar partiyaning oxirgi saylovda ishtirokining yutuq va kamchiliklarini chuqur tahlil qilib, yoʼl qoʼyilgan xato va kamchiliklarga eʼtibor qaratib, tegishli saboqlar chiqarishga yordam berishlari lozim. Yangi saylov mavsumidan ancha oldinroq partiyaning gʼoyalari va siyosatini targʼib etish bilan tizimli shugʼullanishlari, elektoratni tashvishlantirayotgan muammolarni koʼtarib chiqishlari, fuqarolar duch kelayotgan salbiy holatlar (sansalorlik, qogʼozbozlik, korruptsiya va h.)ni tanqid qilishi ularning muhim vazifasi hisoblanadi. Shunday ekan, siyosiy partiyalar oʼz gazetalarining immkoniyatlaridan samarali foydalanish uchun ularni asrashlari, tahririyatlar, jurnalistlarning faoliyati uchun barcha sharoitlarni yaratishlari (tahririyat uchun bino, jihozlar, texnik vositalar, avtotransport v.h.) ayni muddao boʼlar edi.

Opponentlar bosma nashrlarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash oʼrniga ularni moliyalashda xorij tajribani qoʼllashni, yaʼni tahririyatlarning oʼzini oʼzi moliyalash usuliga toʼla oʼtishni taklif etmoqdalar. Аmmo afsuski, mamlakatimizdagi mavjud shart-sharoitlar chet ellardagilarga oʼxshamasligini, oʼtish davrining qiyinchiliklari hozircha mavjudligini, fuqarolarimizda gazetxonlik koʼnikmalari susayganligini ular unutmoqdalar.

Vaziyat qiyinchiliklar mavjudligiga koʼz yummasdan, inqirozdan chiqib olish yoʼllarini izlab topishni taqozo etmoqda. Davlatimiz tomonidan barcha choralar koʼrilmoqda.

Shu bilan birga, nazarimizda, gazetalar tahririyatlari va ularning muassislari faqat davlat madadiga umid bogʼlamay, moliyaviy muammolarni hal etishning turli yoʼl va vositalarini topishlari darkor. Masalan, professor
N. Joʼraev gazetalarni tarqatishning obuna usulidan maʼlum muddat foydalanish, yaʼni tashkilot va odamlarning matbuot nashrlariga obunasini oʼtkazishni tiklash gʼoyasini ilgari suradi. Biz bu taklifga qoʼshilgan holda, uni oldingilarday majburiy tarzda emas, balki oqilona tashkil etish mumkin, deb hisoblaymiz. Shunday usullardan biri, masalan, jamoaviy obuna boʼlishi mumkin. Аytaylik, Oʼzbekiston XDP tarkibidagi viloyat, shahar va tuman kengashlari, boshlangʼich tashkilotlarda partiya hayotining koʼzgusi hisoblangan “Oʼzbekiston ovozi” gazetasining boʼlishi lozim emasmi? Partiyaning parlamentdagi fraktsiyasi va mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari faoliyati uchun ham gazetamizning muhimligi ayon. Shunday ekan, ushbu tuzilmalar uchun obunani tashkillashtirish toʼgʼrisida qaygʼurish, uning moliyaviy manbalarini topish, peshqadamlarni ragʼbatlantirish talab qilinadi. Аgar joylarda bu sohada ijobiy tajriba boʼlsa, uni darhol oʼrganib, ommalashtirish lozim.

Tahririyat, oʼz navbatida, eng dolzarb muammolar, partiya tashkilotlari va deputatlarimizning faoliyatini xolisona yoritishi, qonunbuzarlar, byurokratlar, koʼz­boʼyamachilar, poraxoʼr-korruptsiyachilarni ayovsiz fosh etish orqali gazetaning mazmunini boyitish, uning jozibadorligini oshirish ustida tinmay ishlashi lozim. Muhim siyosiy, ijtimoiy, maʼnaviy-mafkuraviy masalalar, partiya qurilishi, deputatlik tuzilmalarining faoliyati xususida OʼzXDP rahbarlari va deputatlarning matbuotda rejali asosda chiqishlarini yoʼlga qoʼyish, bahs-munozaralar tashkil etish ham gazetamizning obroʼyini oshirish bilan birga, xaridorgir qilishi mumkin.

Xullas, gazetaning mavjudligidan manfaatdor barcha tomonlar (muassis, deputatlik fraktsiya va guruhlari, tahririyat va jurnalistlar uyushmasi, maʼrifatli fuqarolar) birlashib harakat qilsalar, bosma nashrlar duch kelgan qiyinchiliklarni yengib chiqib, ularning rolini oshirish mumkin.

Sobir Qurbonov, Nosir Toirov,
partiya va jurnalistika faxriylari