Sport jurnalistikasi: yutuq va muammolar muhokama qilindi

2021-12-01T15:05:51+05:0030 November, 2021|Hafta maqolasi, Toshkent sh., Umumiy yangiliklar, Yangiliklar|

Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi Sport jurnalistikasi kengashining “Xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikning OАVda yoritilishi: bugungi holati va istiqbollari” mavuida navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Tadbirda uyushma va kengash aʼzolari, qo‘mita mutasaddilari, Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati vakillari, ommaviy axborot vositalarida sport mavzusini yoritishga ixtisoslashgan jurnalistlar, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o‘qituvchi va talabalari ishtirok etdi.

Yig‘ilishni Oʼzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov kirish soʼzi bilan ochib, sportchilarimiz jahon arenalarida qo‘lga kiritayotgan yutuqlar va jurnalistlarimiz dunyodagi turli mamlakatlarda o‘tkazilayotgan nufuzli sport musobaqalarini mahorat bilan yorib borayotganiga to‘xtalib oʼtdi. “Holbuki, buni 5-6 yil avval tasavvur qilish qiyin edi. “Jahon” axborot agentligining ahyon-ahyon xabarlari berilardi, bugungi kunda “Dunyo” nomini olgan bu agentlik ham o‘z faoliyatini jonlantirgan. Tokioda bo‘lib o‘tgan Yozgi olimpiadadan ham sportchilarimiz yutuqlari haqidagi mujdalarini birinchi manba — o‘zimizning jurnalistlarimizdan oldik”, deb taʼkidladi.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qoʼmitasi Bosh kotibi O. Qosimov, qo‘mita media departament rahbari Z. Imomxo‘jaev va boshqalar mamlakatimizda olimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilar, trenerlar va boshqa sport mutaxassislarini tayyorlash hamda olimpiya sport turlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berdi.

 

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi Sport jurnalistikasi kengashi raisi Mirzahakim To‘xtamirzaev “Parijdagi olimpiada va paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni OАVda yoritishda MOQ, PQ va sport turlari bo‘yicha federatsiya/assotsiatsiyalar bilan hamkorlikni yo‘lga qoʼyish”, MTRK “Sport” kanali direktori Zohid Karimov “Kompleks musobaqalarga tayyorgarlik va o‘yinlarni telekanallarda yoritish tajribasi”, Olamsport.uz sayti bosh muharriri Kamoliddin Аlimov “Olimpiya sport turlarining O‘zbekiston internet saytlarida yoritilishi: holati, muammolar va istiqbollari” mavzusida maʼruza qildi.


Maʼlumki, mamlakatimizda sport sohasiga qaratilayotgani yuksak eʼtibor tufayli o‘z mahorati, isteʼdod va iqtidori bilan dunyoni lol qoldirayotgan va O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarayotgan sportchilarimiz safi tobora kengaymoqda. Shunga monand ravishda sport mavzusini yoritishga ixtisoslashgan jurnalistlarimiz ham o‘zi mahorati, tajribasini oshirib borishi maqsadga muvofiqdir.

Sport jurnalistlari kengashining yig‘ilishi bahs-munozara, savol-javoblarga boy tarzda, ko‘tarinki ruhda oʼtdi.

Tadbir yakunida bildirilgan fikr-mulohazalardan kelib chiqqan holda yuzaga kelgan mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Ularni tegishli tartibda amalga oshirishga kelishib olindi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi axborot xizmati