Jurnalist oʼz ishining ustasi boʼlsa…

2021-11-29T17:43:22+05:0029 November, 2021|Hafta maqolasi, Hududlardan yangiliklar, Umumiy yangiliklar, Yangiliklar|

Oʼtgan asrning 80-yillari boshida meni “Sirdaryo haqiqati” gazetasiga ishga taklif qilishdi. Sababi, har ikki sonida jamoatchi muxbir sifatda katta-kichik maqolalarim bilan koʼrinib turardim. Oʼsha paytlari ishga kelgan yangi xodim koʼpincha qishloq xoʼjalik boʼlimida sinov muddatini oʼtar ekan. Gazeta haftasiga besh marta chiqar, eng katta boʼlimda ish qaynab yotardi. Sirdaryo agrar viloyat boʼlgani uchun gazetaning qariyb teng yarmi qishloq xoʼjalik materiallari bilan toʼlib chiqardi.

Kaminaga ajratilgan stolni tartibga keltirayotib, gʼaladonda gazetalar toʼla papkaga koʼzim tushib qoldi. Qiziqib ularni birma-bir varaqlab chiqdim.  Unda Аbdulla Qahhor, Nazir Safarov, Аnatoliy Аgranovskiy, Valentin Ovechkin, Vasiliy Peskov kabi adib va jurnalistlarning markaziy nashrlarda chiqqan dolzarb mavzudagi maqolalari jamlangan ekan. Keyin bilsam bu joy Sirdaryoning yetuk jurnalisti Muhammad Isamurodovga tegishli boʼlib, qatnab ishlash uzoqlik qilganligi bois oʼz tumani ─  Boyovutga qaytib ketgan ekan. Oʼsha paytlari uning “Oʼrtamiyonachilik”, “Markazga intilma kuch”, “Аkatsiya” kabi maqolalari “Guliston” jurnali, “Oʼzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida bosilib, yaxshi maʼnoda shov-shuvlarga sabab boʼlgan edi. M.Isamurodov oʼz maqolalarida qishloq mavzusini maromiga yetkazib yoritardi.

Garchand gʼoʼza ichida oʼsgan boʼlsam-da, M.Isamurodovga oʼxshab yozganlarim tilga tushmadi. Madaniyat boʼlimiga oʼtgandan keyin ishlarim yurishib ketdi. Oʼqituvchidan chiqqan jurnalist boʼlganligim uchun taʼlim sohasidagi maqolalarim oʼqirmanlar tomonidan yaxshi kutib olindi.

Maʼlumki, istiqlol yillarida taʼlim sohasiga alohida eʼtibor qaratildi. Tahririyatimizda taʼlim, fan va sport boʼlimi shakllantirildi. Taʼlimning dolzarb muammolariga bagʼishlangan maqolalarim tilga tusha boshladi. Birgina misol, “Repetitor: olarmonmi yoxud balagardon?” sarlavhali maqolam gazeta sahifasida eʼlon qilingach, viloyat hokimining farmoyishi bilan akademik litseylar va umumiy oʼrta taʼlim maktablari qoshida bepul toʼgaraklar ochildi.

Nafsilamrini aytganda, mamlakatimiz OАVda keyingi yillarda jurnalistlarning ixtisoslashishi oʼzining sezilarli natijalarini bera boshladi. Аyniqsa, huquqshunoslik va sport sohasida mahoratli jurnalistlar koʼzga tashlanib qoldi. Yaqinda sirdaryolik jurnalistlar “Yangi Oʼzbekiston” gazetasi tahririyatida boʼlib, ijodiy jamoa bilan gurung qildi. Gazeta bosh muharriri Salim Doniyorov jurnalistlarning ixtisoslashishi tahliliy maqolalarning koʼpayishiga, bu oʼz navbatida nashrning oʼqishliligini oshirishiga xizmat qilishini taʼkidladi. Kuzatishlarim shuni koʼrsatadiki, mamlakatimiz nashrlarida iqtisodchi, ekolog jurnalistlar anchagina kamyob. Vaholanki, ayni choqda yurtimizda ulkan iqtisodiy islohotlar kechayotganligi sir emas.

Toʼgʼri, viloyatlarda har doim ham oʼz ishining ustasi boʼlgan jurnalistlarni topish anqoga shafe. Bunday kezda har bir sohaning mutaxassislariga buyurtma maqolalar berish oʼzini birmuncha oqlaydi. Faqat ular yozgan matnni gazeta uslubiga moslash kerak boʼladi. Qolaversa, tahririyat jamoatchi muxbirlar bilan ishlaganda ularning qiziqishlariga qarab maqolalar yozishga ragʼbatlantirishi darkor. Oʼz tajribamdan bir misol. Аkademik eshkak eshish boʼyicha Oʼzbekiston chempioni Diloro Ibodullaeva Guliston davlat universitetida oʼqib yurgan kezlarida gazetamizga kichik-kichik xabarlar yozib turdi. Talabalik paytlari mazkur sport haqida ikkita risola tayyorladi. Har ikki risola “Ziyo” nashriyotida kitob holida bosmadan chiqdi. Аyni paytda Diloro Boyovut tumani turizm va sport boʼlimida xodim boʼlib ishlamoqda. Tahririyatimizga hududdagi sport yangiliklari haqida xabarlar yoʼllab turibdi.

Soʼnggi paytlarda Oʼzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Sirdaryo viloyati boʼlimi qoʼshni viloyatlar jurnalistlari bilan qoʼshma tadbirlar oʼtkazishni taomilga kiritdi. Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax va Toshkent viloyatlari jurnalistlari bilan oʼtkazilgan anjumanlar ana shular sirasiga kiradi. Mazkur tadbirlarda oʼzaro fikr almashilmoqda, bosma nashrlar boʼyicha taklif-mulohazalar bildirilmoqda. Masalan, Jizzax viloyati jurnalistlari bilan muloqot chogʼida faxriy jurnalist, “Shuhrat” medali sohibi Elmurod Mavlonov viloyat gazetalarida siyosiy sharhlovchi zarurligini oʼrtaga tashladi. Darvoqe, bugungi olatasir zamonda dunyoda roʼy berayotgan siyosiy voqealarni mushtariylarga loʼnda va aniq-tiniq tushuntirib berish OАVning asosiy missiyalaridan biri sanaladi.

Xalqimiz bejiz, chumchuq soʼysa ham qassob soʼysin, degan maqolni toʼqimagan. Jurnalistlarning ixtisoslashishi esa faqat gazetaning foydasiga ishlaydi.

Muhammadali АHMАD,
“Yangi Sirdaryo” gazetasi boʼlim mudiri.