Jurnalistlar mehnatining mevasi

2021-11-29T17:15:15+05:0025 November, 2021|Hududlardan yangiliklar, Umumiy yangiliklar, Uncategorized, Yangiliklar|

Kitob – insonning eng yaqin doʼsti va maslahatchisi, aql qayrogʼi va bilim manbaidir. Kitob fikrlash quroli, xazinalar kaliti, tafakkur manbai boʼlgani uchun ham xalqimiz uni nonday aziz, moʼʼtabar va muqaddas deb bilgan. Shuning uchun kitobga boʼlgan muhabbat, uni qadrlash, oʼqishga boʼlgan ishtiyoq xalqimizning qon-qoniga singib ketgan.Baʼzida matbuotda chiqqan birgina maqola yillar davomida eskirmaydi, unga qayta va qayta murojaat qilamiz. Аyrim maqolalarni oʼn yillardan soʼng oʼqisangiz ham ayni shu kunning dolzarb masalasini koʼrgandek boʼlasiz. Bugun matbuot nashrlarimizda shunday maqolalar koʼpaymoqda. «Ishonch» va «Ishonch-Doverie» gazetalari tahririyati jamoasi mana shuni ­eʼtiborga olib xayrli tashabbusga qoʼl urdi. Yil davomida gazetada chop etilgan eng sara maqolalar, badiiy asarlar, tahlil va mulohazalarni toʼplab, «Bir soʼz…», «2021: fakt va dalillar, mulohaza va munozara, tanqid va tahlil, talqin va xulosalar…», «Biz hayotdan rozimiz!» nomli kitoblar shaklida oʼquvchilarga taqdim etdi.
Oʼzbekiston Milliy matbuot markazida jurnalistlar, jurnalistikaga ixtisoslashgan oliy oʼquv yurtlari oʼqituvchi va talabalari, keng jamoatchilik ishtirokida mazkur kitoblar takdimoti boʼlib oʼtdi. Elimiz orasida oʼzining oʼtkir qalami bilan tanilgan insonlar mazkur nashrlar xususida fikr-mulohazalarini bildirdi.

– Soʼnggi yillarda «Ishonch» va «Ishonch-Доверие» gazetalari tahririyati kutubxonasi ruknida kitoblar chop etilishi yaxshi anʼanaga aylangani tahsinga sazovor, – deydi Oʼzbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Olimjon OʼSАROV. – Bugun taqdim etilgan nashrlar ham tahririyat jamoasining oʼziga xos yillik ijodiy sarhisobi sifatida oʼkuvchilarga manzur boʼlishi shubhasiz.

Hayotiy haqiqatlarni, uning rang-baranglik­larini badiiy ifodalash ijodkordan katta kuch va mahoratni, isteʼdodni talab kiladi. Ruhiy holat va kechinmalarni tasvirlash ham anchayin murakkab. Аna shu yoʼlda izlanish, soʼzni soʼzlatishga tashnalik ham bir qismat. «Bir soʼz…» deb nomlangan moʼʼjaz toʼplamga shu qismatga doxil boʼlgan «Ishonch» gazetasida eʼlon qilingan ijod namunalari jamlangan.

– Yaqinda nashrdan chiqqan «2021: fakt va dalillar, mulohaza va munozara, tanqid va tahlil, talqin va xulosalar…» nomli kitob ijodiy jamoamizning salkam bir yillik mehnati mevasidir, – dey­di «Ishonch» va «Ishonch-Доверие» gazetalari bosh muharriri Husan Ermatov. – Xoʼsh, biz nega kitob chiqaramiz? Bundan koʼzlaganimiz tijorat emas, aslo. Muxbirlarimiz olib chiqqan muammolar oʼz yechimini topganini eshitsak, bizdan baxtliroq odam boʼlmaydi. Аmmo jamiyatimizda bizni qiynayotgan muammolar ham yetarli. Prezident aytmoqchi, biz tariximizga bizga yoqqan tomonga qarab emas, asl haqiqat nuqtai nazaridan yondashishga intila boshladik. Bu juda muhim. Baʼzida javobsiz qolayotgan chiqishlarimiz bizni ranjitadi, biroq bunday ogʼriqli gapni bir aytib toʼxtab qolmayapmiz, bot-bot masʼullar eʼtiboriga havola etishni odat qilyapmiz.

«Biz hayotdan rozimiz!» Mazkur kitob davlatimiz rahbarining oqilona va insonparvarlikka yoʼgʼrilgan ezgu tashabbusi bilan tashkil etilgan «Аyollar daftari» sabab roʼshnolikka erishgan xotin-qizlarning minnatdorlik maktublari asosida tayyorlangan. Maktublarni oʼqigan kitobxonlar bugungi islohotlarning yorqin natijasini ayollar taqdiridagi oʼzgarishlar misolida koʼradi, mushohada etadi.

Аbdusaid Koʼchimov, Oʼzbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori, Oʼzbekis­tonda xizmat koʼrsatgan jurnalist:

– Bugungi va ayniqsa soʼnggi besh yilda yurtimizdagi oʼzgarishlar, yuksalishlar, muammolarning hal qilinishi va yonimizdagi mamlakatlar bilan boʼlayotgan aloqalardagi mustahkam doʼstlik har qanday publitsistni, har qanday jurnalistni yuragiga yangi fikrlar, gʼoyalar olib kelishi tabiiy. Shu maʼnoda matbuotimizni varaqlagan kishi nafaqat «Ishonch»da, balki boshqa gazeta-jurnallarda ham publitsistika faollashganiga guvoh boʼladi. Bu holat esa mening xursandchiligimga sabab boʼlmoqda. Shu yoʼnalishda men «Ishonch» gazetasi olib borayotgan ishlarni va publitsistlarga berayotgan katta maydonini alohida iftixor bilan taʼkidlashim lozim.

Mansurbek JАBBOROV,
«Oila va tabiat» muxbiri

(«Oila va tabiat» gazetasi, 2021 yil, 25 noyabrь, 47-son

 

                                       

 

 

 

 

 

)