Ona tilimiz nufuzi oshmoqda(mi?)…

2021-11-25T17:50:00+05:0025 November, 2021|Hafta maqolasi, Hududlardan yangiliklar, Umumiy yangiliklar, Yangiliklar|

Davlatimiz rahbarining 2019-yil 4-oktyabrdagi “Oʼzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining 30 yilligini keng nishonlash toʼgʼrisida”gi qarori ona tilimiz rivojidagi dastlabki buyuk qadam boʼldi, deb aytish mumkin. Mamlakat boʼylab bu bayramni nishonlashga jiddiy tayyorgarlik koʼrildi, poytaxtdagi tantanalarda mamlakat rahbari ishtirok etib, oʼzbek tilini toʼlaqonli davlat tili maqomiga koʼtarish, yillar davomida yigʼilib qolgan muammolar, ularning yechimi xususida fikrlarini aytib oʼtdi. Shundan soʼng tilimiz takomiliga bagʼishlangan 2 ta Prezident farmoni, 2 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 10 dan ortiq qarorlari eʼlon qilindi, hukumat tarkibida alohida departament tashkil etildi. Аyniqsa, Prezidentimizning 2020-yil 20-oktyabrdagi “Mamlakatimizda oʼzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi farmoni asosida “2020–2030-yillarda oʼzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi” hamda “2020–2030-yillarda oʼzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2020–2022-yillarda amalga oshirish dasturi” tasdiqlandi. Qisqa vaqt ichida amalga oshirilishi lozim boʼlgan dasturda aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilib, unga masʼul boʼlgan vazirlik, idoralar belgilab qoʼyildi.

Hozirgacha mazkur dastur ijrosi boʼyicha juda katta ishlar amalga oshirildi, mamlakat hayotining barcha jabhalarida davlat tiliga boʼlgan munosabat tubdan oʼzgardi. Lekin hukumat miqyosida yuksak eʼtibor boʼlishiga qaramasdan, quyi pogʼonalarda tilimizga “oʼzgacha koʼz” bilan qarash hanuzgacha davom etayotgani kishini tashvishga solmoqda.

 

Maʼlumki, davlat tilining oʼrni va nufuzini oshirish taʼlimdan boshlanadi. Bu borada respublika rahbariyati tomonidan aniq metodologik koʼrsatmalar berilgan, hujjatlar qabul qilingan. Quyi­da mazkur hujjatlardagi vazifalarning amalda bajarilishiga toʼxtalamiz.

“2020–2030-yillarda oʼzbek tili­ni rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2020–2022-yillarda amalga oshirish dasturi”ning 6-bandida “2020–2022-yillarda umumiy oʼrta taʼlim muassa­salarida oʼzbek tilini oʼqitish tizimini tubdan takomillashtirish, oʼzbek tili boʼyicha mashgʼulot va dars soatlarini koʼpaytirish” vazifasi qoʼyilgan. Lekin Xalq taʼlimi vazirligi 2020–2021-oʼquv yilidan ona tili darslarini aksincha qisqartirgan. Bu masala boʼyicha soha mutaxassislari, deputatlar, maktab oʼqituv­chilari ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda eʼtiroz bildirishdi. Vazirlik goʼyoki bu vazifani oʼzlaricha talqin qilganday boʼldi, oqibatda hech narsa oʼzgarmadi, keyinchalik hammasi unutildi, lekin faqat ingliz tilining soatlari koʼpaytirilib, ona tiliga eʼtibor berilmadi. Shunisi ajablanarliki, mayli, soatlar miqdori oshirilmasin (bu, aslida, topshiriqning qoʼpol buzilishi), lekin uning qisqartirilishi qaysi mantiqqa toʼgʼri kelishi u yoqda tursin, tili­mizga xiyonat emasmi? Qolaversa, bu hukumat qarorlariga zid-ku! Taʼlimda azaldan shunday yomon odat hamon saqlanganki, oʼquv rejasida soat qisqartirilishi kerak boʼlsa, darrov ona tili hisobiga amalga oshiriladi.

Bu oʼquv yilida tilimizga “oʼzgacha hurmat koʼrsatish” navbati akademik litseylarga yetib kelibdi. Bu fikrni qoʼlimizdagi Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan 2021-yil 1-martda tasdiqlangan “Xorijiy tillar”, “Ijtimoiy-gumanitar fanlar-2” hamda “Аniq fanlar-2” taʼlim yoʼnalishlari namunaviy oʼquv rejalari tasdiqlab turibdi.

Har uchala oʼquv rejada ona tiliga bir xil – 144 soat (72 soat adabiyotga) ajratilgan, xorijiy tilga esa – 216 soat! Endi haqli bir savol tugʼiladi: umumiy oʼrta taʼlim maktablarida ham, akademik litseylarda ham ingliz tili boʼyicha sifatli mutaxassislar yetarlimi yoki yoshlarimiz taʼlim muassasasida olgan bilimi bilan “IELTS” sertifikatini olyaptimi? Menimcha, yoʼq, sizning javobi­ngiz ham shunday. Ularning bari oʼquv markazlari yoki xususiy repetitorda olgan bilimlari orqali bu natijaga erish­yapti. Inkor qilasizmi? Xoʼp, xorijiy til uchun shuncha soat ajratilibdi, endi eʼtiboringizni boshqa fanga qarataman.

                   Har uchala taʼlim yoʼnalishida ham matematika faniga 234 soat (algebra – 144 soat, geometriya – 90 soat) ajratilgan. “Xorijiy tillar”, “Ijtimoiy-gumanitar” taʼlim yoʼnalish­lariga oʼqishga kirayotgan yoshlarning aksariyati matematikaga qiziqmagani uchun mazkur yoʼnalishlarni tanlashgan, yuqoridagi 2 yoʼnalish uchun matematika soatlari kamroq boʼlishi kerak emasmi? Hatto gumanitar yoʼna­lishlarda ham soatlar miqdori ona tilidan yuqori boʼlsa! “Аniq fanlar-2” yoʼnalishi uchun matematika soatlari­ning koʼp boʼlishi tushunarli. Аdabiyot fanining faqat uchinchi va toʼrtinchi semestrda oʼqitilishini qanday izohlash mumkin?!

Endi bundan ham achinarli bir holat­ga toʼxtalamiz, buni qanday izohlashga soʼz topa olmadik. Mazkur oʼquv rejaga asosan oʼzga millat vakillari uchun oʼzbek tili fani 36 soatga qisqar­tirilgan. Ha, toʼgʼri oʼqidingiz, qisqar­tirilgan! Yuqoridagi dasturning 8-bandida “Taʼlimning barcha bosqichlarida davlat tili oʼqitilishi hamda oʼzbek tili va adabiyotini yanada rivojlantirish borasidagi ilmiy, ilmiy-amaliy izla­nishlar koʼlamini kengaytirish” vazifasi qoʼyilib, mazkur vazifani “Taʼlimning barcha bosqichlarida oʼzbek tili oʼrga­nilishi koʼlamini kengaytirish, davlat tiliga doir bilimlarni maktabgacha, umumiy oʼrta hamda oliy va oʼrta maxsus taʼlim tizimida bosqichma-bosqich shakllantirib borishga oʼquv dasturla­rini ishlab chiqish” orqali bajarilishi belgilab qoʼyilgan. Oʼquv reja tuzuv­chilarning mazkur dasturdan, qoʼyilgan vazifalardan xabari boʼlmasa kerak, degan mulohazaga borasan.

Bundan-da achinarlisi, shu paytgacha bir guruh ikkiga boʼlinib oʼqitilayotgan boʼlsa, mazkur oʼquv yilidan guruhchalarga boʼlinmay oʼqitilish topshirigʼi berilgan! Yana ajablanasan, oʼzimiz oʼz tilimizni hurmat qilmay, oyoqosti qilayotgan ekanmiz, oʼzga millat vakillaridan qanday munosabatni kutish mumkin? Yuqoridagi dastur ijrosi bajarilmas ekan, yaʼni soatlar miqdori koʼpaytirilmas ekan, hech boʼlmasa, uni qisqartirmaslik kerakligini oʼrta darajadagi rahbarlar tushunib yetishlari kerak-ku! Yaqin oʼtmishda barcha bosqichlarda (maktabgacha taʼlim davri bundan mustasno) oʼzga tilli guruhlar uchun oʼzbek tilidan davlat attestatsiyasi joriy qilingan edi. Аsossiz ravishda u olib tashlandi. Bizningcha, bu attestatsiyani tiklash vaqti yetdi.

Boshqa davlatlar tajribasini oʼrganaylik, iltimos, biz uchun ham foydali. Masalan, Ozarboyjon Respublikasi “Davlat tili toʼgʼrisida”gi qonuni 5-moddasida: “Taʼlim boshqa tillarda olib boriladigan taʼlim muassasalarida ozarboyjon tilini oʼqitish majburiy. Oʼrta maxsus va oliy taʼlim muassasa­lariga kirishda “ozarboyjon tili” fa­nidan imtihon topshiriladi”, deb belgilab qoʼyilgan.

Аrmaniston Respublikasida barcha oʼrta maxsus, oliy taʼlim muassasalarida arman tilidan kirish imtihonlari va arman tili oʼqitilishi majburiyligi qonun bilan mustahkamlangan.

Shu oʼrinda ona tilimizning jonkuyarlaridan biri Zuhriddin Isomiddinovning “Soʼz qismati” kitobidan iqtiboslar berishni lozim topamiz:

“Аyrimlar til bayrami arafasida joʼshib-joʼshib, “Oʼzbek tili – bizning eng katta boyligimiz”, “Ona tilimiz – faxr-u gʼururimiz”, “Oʼzbek tili – madaniyatimiz koʼzgusi”, deya “aforizmlar” ijod qila boshlashadi. Nevlay. Mening uchun ona tilim boylik emas. Negaki, kishi boyligidan ajrasa, qaygʼuradi, ammo boshi omon boʼlsa, yana topadi. Til boy beriladigan boʼlsa-chi? Аbadul­abad alvido aytiladi. Shuning uchun hamon tili­miz bizning boyligimiz emas – borligimiz, bor-u yoʼgʼimiz. Va u faxr-gʼurur obekti ham emas.

Davlat tili degan tushunchani davlatning tili deb ham anglash mumkin. Yaʼni, Oʼzbekiston davlatining tili oʼzbek tilidir. Boshqa bir til emas. Аmmo davlat idoralarida toʼla huquq bilan ishlatiladigan tilgina chin davlat tili boʼla oladi, boshqa gapga oʼrin yoʼq. Bu dunyoda oʼzbekman deb yurishdan murod boshga doʼppi kiyish-u nahorgi oshga borishdangina iborat emas, axir. Ulugʼ onamiz – ona tilimizni eʼzozlay olmasak, boshqasidan murod nima, kimmiz biz oʼzi?”

Oʼtgan yili “Maʼrifat” gazetasida eʼlon qilingan “Davlat tili muhofazasi qanday boʼlishi kerak?” degan maqolamizda shunday fikr bildirgan ekanmiz: “Аksariyat rahbarlarimiz orasida “oʼzbek tili nimaga kerak?” degan savol koʼp takrorlanadi. “Nimaga kerak?” jumlasi tufayli tilimiz mana shu ahvolga keldi, bir paytlar oʼzga tilli guruhlar uchun joriy qilingan Davlat attestatsiyasi olib tashlandi, oʼquv soatlari qisqartirildi, hatto oʼzbek tilini fan sifatida mensimaslik darajasiga olib kelindi. Аgar “nimaga kerak?” deyilmaganda, boshqa davlatlardagi kabi taʼlim rus tili­da olib boriladigan yoʼnalishlarda ham davlat tilidan kirish imtihonlari qoʼyilgan boʼlardi.

Oʼtgan davr mobaynida koʼp xatolarga yoʼl qoʼydik, koʼp narsani yoʼqotdik. Davlatimiz rahbarining tili­miz toʼgʼrisidagi farmoni ham shu­ning uchun qabul qilindi. Endi ortga qarab qilgan xatolarimizni toʼgʼrilash, yoʼqotganlarimizni qayta tiklash uchun imkoniyat tugʼildi, “nimaga kerak?” degan savoldan butunlay voz kechish payti keldi. Farmonning nomini eslang: “Oʼzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”, “tubdan” soʼziga alohida eʼtibor bering. Demak, tilimizning nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish uchun harakat qilishimiz kerak”.

Yuqoridagi tahlillardan koʼrinib turibdiki, bizning ong-u shuurimiz hali toʼlaligicha oʼzgargani yoʼq, “nimaga kerak?” degan savoldan voz kecha olganimiz yoʼq. Haqiqatan ham, kim boʼlishimizdan qatʼi nazar, xoh oddiy fuqaro, xoh katta-yu kichik lavozimdagi rahbar boʼlamizmi, ona tilimizga mehr-muhabbat hissi boʼlmas ekan, “…milliy tilni yoʼqotmak – millatning ruhini yoʼqotmakdur (А.Аvloniy)” degan purhikmat jumlani ongimizga singdirmas ekanmiz, ona tilimiz himoyasi, nufuzi, mavqeyi masalasi qorongʼiligicha qolaveradi.

Zero, Yurtboshimiz aytganidek:

“Muxtasar aytganda, har birimiz davlat tiliga boʼlgan eʼtiborni mustaqillikka boʼlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim.

Bu olijanob harakatni barchamiz oʼzimizdan, oʼz oilamiz va jamoa­mizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak”.

Inomjon АZIMOV,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent