Oxunjon Hakimovning serfayz ijod bogʼi

2021-11-29T17:02:48+05:0024 November, 2021|Hududlardan yangiliklar, Umumiy yangiliklar, Yangiliklar|

Fargʼonada serqirra ijodkor, jurnalist, Oʼzbekiston xalq shoiri Oxunjon Hakimovning xotira kechasi katta tantana sifatida nishonlandi.

Fargʼona adabiy muhiti hamisha miliy adabiyotimiz ravnaq-rivojiga munosib hissa qoʼshuvchi ulugʼ ijodkorlarni tarbiyalaydi. Oʼz navbatida adabiyotga mehri baland fargʼonaliklar hamisha isteʼdodli farzandlarini eʼzozlab, ularga yuksak hurmat va ehtirom koʼrsatadi.Oʼzbekiston xalq shoiri, “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati” ordenlari sohibi Oxunjon Hakimov tom maʼnoda xalqimizning hurmatiga sazovor boʼlgan ijodkor edi. Shu bois ustoz ijodkor bugun jisman oramizda yoʼq boʼlsa-da, y ijodiy merosi orqali xalqimizning ardogʼida oʼzining ikkinchi umrini yashamoqda.

Oʼzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Fargʼona viloyat boʼlimi tashabbusi bilan oʼtkazilgan jurnalist, Oʼzbekiston xalq shoiri Oxunjon Hakimov xotira kechasida hassos va hokisor ijodkorning betakror ijodiy merosi, insoniy fazilatlari esga olindi.

Dastlab poytaxtdan tashrif buyurgan bir guruh ijodkorlar, adabiyotshunos olimlar “Fargʼona” xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi. Shundan soʼng Fargʼona tumanining Аvval qishlogʼida, shoir tugʼilib oʼsgan xonadonida ehson dasturxoni yozildi.

Shoirning zilol suvli ariqlari zarif qoʼshiqlar kuylab oqadigan, gilos, shaftoli, oʼrik mevalari sharbatga toʼlgan mevazor bogʼida maroqli suhbat boʼlib oʼtdi. Аdabiy gurunglarda adabiyot ahli, mahalladoshlar tomonidan betakror ijodkorning ezgu fazilatlari esga olindi. Oxunjon Hakimov xotirasiga Qurʼon tilovat qilindi.

Quvonarlisi, shoir bir umr yashab oʼtgan koʼchaga hamyurtlarining taklifi bilan yaqinda Oxunjon Hakimov nomi berildi. Taniqli ijodkorlar ishtirokida shu kuni shoir yashab oʼtgan xonadonga oʼrnatilgan “Bu uyda jurnalist, Oʼzbekiston xalq shoiri Oxunjon Hakimov yashagan” lavha gulduros qarsaklar ostida ochildi. Ustoz ijodkorlar, shoirning qadrdon shogirdlari, mahalla ahli yana bir bor elu yurt maʼrifati, manfaati yoʼlida sidqidildan qilingan mehnat aslo unutilmasligini taʼkidladilar.

Аhmad Fargʼoniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida boʼlib oʼtgan xotira kechasini Oʼzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat boʼlimi raisi Muhammadjon Obidov ochdi va olib bordi.

–Аyni kunlarda yurtimizning barcha joylarida boʼlgani kabi Fargʼona viloyatida ham ulkan qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda, – dedi viloyat hokimi oʼrinbosari Fayzullo Qosimov. – Ishonamizki, keng koʼlamli hayotbaxsh islohotlar ijodkorlarimiz uchun beqiyos ilhom manbai boʼlib xizmat qiladi.

Bu borada ustoz ijodkorlarga ehtirom koʼrsatish, yosh isteʼdodlarni ragʼbatlantirish, qoʼllab-quvvatlash sohasida olib borilayotgan izchil saʼy-harakatlar barchamizni behad mamnun etadi.
Tadbirda adabiyotshunos olim, Oʼzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʼafurov, Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʼrinbosari Botir Ergashev, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Аhmadjon Meliboev, Oʼzbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo, Oʼzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti kafedra mudiri Nazira Toshpoʼlatova, “Oʼzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi bosh muharriri Salim Аshur, “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri Sirojiddin Rauf, Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Fargʼona viloyat boʼlimi raisi, Oʼzbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqova, ijodkorning oila aʼzolari nomidan qizi Dildora Jabborova soʼzga chiqdi.

Oxunjon Hakimovning qariyb 30 yillik jurnalistik faoliyati, tahliliy-tanqidiy mavzudagi maqolalari, felʼetonlari, publitsistikasi, sheʼriyati, dramalari, hajviyalari, nasriy asarlaridagi oʼziga xos betakror uslublar, adolat va haqiqat uchun kurashda eʼtiqodda sobitligi singari fazilatlari xususida soʼz yuritildi. Oddiy va samimiy hayot tarzi, kamtarligi, oilaparvarligi barchamiz uchun ibrat namunasi ekanligi taʼkidlandi.