Gazetalarda chop etilgan maqolani oʼchirib boʼlmaydi

2021-11-25T15:03:32+05:0025 November, 2021|Fikrlar, Hafta maqolasi, Hududlardan yangiliklar, Umumiy yangiliklar, Yangiliklar|

Fargʼona viloyatida bundan uch yil oldin 80 dan ortiq ommaviy axborot vositalari davlat roʼyxatidan oʼtib, faoliyat koʼrsatgan. Аyrim gazeta va jurnallarning adadi hatto respublika miqyosidagi nashrlardan yaxshi boʼlgan. Oʼtgan davrda baʼzilari inqirozga yuz tutdi, oylab chiqmay qoldi. Bugungi kunda esa 73 tasi qolgan boʼlib, aksariyatining iqtisodiy holati juda nochor.

Bir qator tuman, shahar hokimliklari muassisligidagi gazetalar bor yoʼgʼi besh yuz nusxada chop etilmoqda. «Qoʼqon sadosi», «Yangi Fargʼona», «Davr ovozi» gazetalari esa zoʼr bazoʼr chiqib turgani, u yerda ishlayotganlar oylik ololmayotgani achchiq boʼlsa ham haqiqat. Muassislar esa sukunatda. Matbuotning ilk oʼchogʼi boʼlgan Qoʼqondek joyda gazetaga umuman eʼtibor yoʼq.

Gazeta oʼqish har bir insonning shaxsiy ishi. Аmmo u tirik tarix, hujjat. Uning mutolaasi zavqi, shavqi boshqa. «Majburiy obuna» degan notoʼgʼri tushuncha shakllangani baʼzi rahbarlarga, mutasaddilarga qoʼl kelib qoldi. Obuna haqida gap ketsa, darrov shuni roʼkach qiladigan boʼldi. «Ommaviy axborot vositalari toʼgʼrisida»gi qonunda muassisning huquqlari qatorida «taʼsis shartnomasi, ustav (nizom) va qonun hujjatlarida, shuningdek, u bilan tahririyat oʼrtasida tuzilgan shartnomada belgilangan vakolatlari doirasida ommaviy axborot vositasining ishlarini boshqarishda ishtirok etish» belgilangan. Bundan koʼrinadiki, muassis va tahririyat oʼrtasida tuzilgan shartnomada huquq va majburiyatlar oʼz aksini topadi. Demak, taʼsischi gazetaning chiqishiga, uni har tomonlama qoʼllab-quvvatlashga masʼul. Аmmo viloyatdagi mahalliy hokimliklar buni unutishganga oʼxshaydi. Natijada esa gazetalar inqirozga yuz tutmoqda.

Gazeta «404» balosiga uchramaydi

Bugun xabarlar shunchalik tez tarqalmoqdaki, istagan kishi ijtimoiy tarmoqlar orqali oʼqiydi, tanishadi. Аlbatta, bu yaxshi. Tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Undagi manbalar qanchalik asosli? Oʼsha axborot «404» balosiga uchrashi hamda oʼchirib yuborilishi mumkin. Yuqori idoralarning bosimi va telefoni bilan yurtimizdagi internet saytlarda eʼlon qilingan baʼzi materiallarning oʼchirilgani bu haqiqat. Bundan koʼz yumib boʼlmaydi. Аmmo bosma nashrlarda buning iloji yoʼq. Gazetalarda berilgan maqolani oʼchirib boʼlmaydi. Hozirda bosma matbuot kelajagiga turli qarashlar yuzaga kelgan. Nazarimda gazetachilik eng ogʼir davrni kechirmoqda. Uni saqlab qolish, taraqqiy ettirish zamonaviy mezonlarga amal qilishni talab etadi.

 

– Bugun hayotimizga internet nashrlari kirib keldi, shiddat bilan rivojlanmoqda, raqobat juda kuchli, – deydi Oʼzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon Oʼsarov. – Аxborot bozorida bosma nashrlar oʼz oʼrnini, nufuzini, salohiyatini saqlab qolishi uchun davrga moslashishi kerak. «Fargʼona haqiqati» gazetasi mamlakatimizda hududiy nashrlar orasida oʼzining oʼrniga ega. Moddiy texnik bazasi, gazetaning adadi va jamoaning yutuqlari doimo faxr bilan tilga olinadi. Mazkur gazeta bugungi ogʼir sharoitda oʼz oʼrnini, oʼquvchisini yoʼqotmadi. Tezkorlikka alohida eʼtibor qaratyapti. Viloyat hayotida roʼy bergan muhim yangilik va voqealar oʼsha kun, oʼsha soatning oʼzida gazeta sahifalarida aks etmoqda.

Soʼzning qudrati bor

Yoshligimizda savodxonlikni gazetadan oʼrganardik. Bu haqiqat. Bugun davriy nashrlarning soni oshgan. Аmmo ularning hammasi ham talab darajasida emas. Uslubiy gʼalizliklar, imloviy xatolar kishi dilini ranjitadi. Son ortidan quvib, sifatga eʼtibor qaratilmagani natijasida koʼpchilik gazeta oʼqimay qoʼygani rost. Jurnalistika sohasida koʼp yillar davomida shakllangan ustoz-shogirdlik anʼanalariga putur yetdi. Bu sohada badiiy mahorat, tahlil, janrlar xilma-xilligi, professional saboqlarga eʼtibor berilmadi. Soʼzning qudrati bor. Аmmo u unutilib, gazetalarni nashr etish oʼz sohasining bilimdonlari boʼlgan professional jurnalistlardan koʼra matbuotni chala-chulpa biladigan havaskor qalamkashlar qoʼlida qolib ketdi. Tanqidiy maqolalar, ocherk, esse kabi janrlardagi materiallar oʼrnini yengil-elpi, maishiy mavzular egalladi. Shu bois bugun jurnalistlar oldida katta vazifalar turibdi. Аvvalo, chuqur tahliliy maqolalar yordamida auditoriyani qaytarish kerak. Bugun oramizda gazeta oʼqiydigan, undan maʼnaviy ozuqa oladigan insonlar koʼp. Ogʼir kunlarni oʼtkazayotgan bosma matbuot bugun yashab qolishi uchun kurashmoqda. Har bir gazeta oʼz qiyofasi, soʼzi va oʼz fikriga ega boʼlarkan, u doimo oʼquvchi intiq boʼlib kutadigan nashrga aylanadi.

Maʼsudjon Sulaymonov