Narx-navolar va shartnomalar — iste’molchilar huquqlari qay sohalarda ko‘proq buzilmoqda?

2021-11-03T15:21:02+05:003 November, 2021|Hududlardan yangiliklar, Navoiy vil., Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurarshish qo‘mitasi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi hamda boshqarma huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining viloyat hududiy boshqarmasi faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ayni savol muhokamalar markazida bo‘ldi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan mazkur matbuot anjumanida idora mutasaddilari, OAV vakillari hamda deputatlar ishtirok etdi.

Dastlab, Uyushma viloyat bo‘limi raisi O.Aslonov anjumanni ochib berarkan, viloyatda davlat organlari faoliyati ochiqligini ta’minlashda jurnalistlarning roli oshib borayotgani xususida to‘xtaldi. Shundan so‘ng ikkala boshqarma faoliyati yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

Xususan, 2019 va 2020 yillar hamda 2021 yilning 9 oyi davomida viloyatdagi tabiiy monopol sub’yektlari tomonidan belgilangan narxlarni asossiz oshirish hisobiga noto‘g‘ri olingan 61 mlrd. 303 million so‘mlik mablag‘lar iste’molchilarga va tadbirkorlarga undirib berilgan.

Tabiiy monopol qonunchilikka oid hujjatlarning buzilishi bo‘yicha bu davrda jami 40 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan. Tabiiy monopol sub’yektlar davlat reyestrida Navoiy viloyati bo‘yicha 2019 yilda 9 ta korxona mavjud bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan davrda jami 3 ta sub’yekt reyestrdan chiqarilgan. Qolaversa, so‘nggi 2 yilda 5 ta sub’yekt mazkur ro‘yxatga kiritilib, 2021 yilning 1 oktyabr holatida monopol korxonalar soni 10 tani tashkil etayapti. Bundan tashqari o‘tgan davrda tovar-moliya bozorida ustun mavqe egallab turgan 10 ta xo‘jalik (16 ta xizmat turi bo‘yicha) mavjud bo‘lib, bugunga kelib 6 ta xo‘jalik reyestrdan chiqarildi.

Boshqarma mutaxassislari tomonidan 2019, 2020 hamda 2021 yillarda viloyatda o‘tkazilgan jami 943 mlrd. so‘mlik mingdan ortiq tanlov-tender savdolari o‘rganilib, 820 ta holatda qonunbuzilish holatlari aniqlangan. 91 ta holatda ish qo‘zg‘atilib, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tashkilotlarga majburiy ko‘rsatmalar yuborilgan hamda 28 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida esa 2020 yil hamda 2021 yilning 9 oyi davomida jami 1756 ta murojaat ko‘rib chiqilib, 808 nafar iste’molchining buzilgan huquqlari tiklangan. Bu borada tegishli boshqarma mutaxassislari narx-navolar, xususan dori-darmonlar narxlarining asossiz oshirilishi, reklama bozoridagi qonunbuzilishlar hamda boshqa yo‘nalishlarda tegishli vazifalar olib borilmoqda.

— Boshqarmamiz fuqarolar hamda qurilish korxonalari va bank muassasalari o‘rtasida tuziladigan shartnomalarni doimo o‘rganib boradi, — deydi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama faoliyatini tartibga solish boshqarmasi boshlig‘i Valijon Adizov. — Afsuski, yillik hisobotlarimizda 80 foiz holatda bunday shartnomalarda iste’molchilarning huquqlarini cheklovchi talablar mavjudligi kuzatilmoqda. Tegishli qonunlarimizga zid bunday holatlar tushuntirilganida ayrim tashkilotlar o‘z shartnomalarini o‘zgartirib, iste’molchilar huquqlarini inobatga olishayapti. Biroq, ko‘pgina holatlarda tegishli talablar asosiz qoldirilayapti. Bu esa yurtdoshlarimizning uy, mashina va boshqa mahsulotlarni sotib olayotgan vaqtda tuziladigan shartnomalar mazmuniga jiddiy e’tibor qaratishlari lozimligini ko‘rsatadi.

Matbuot anjumanida dori vositalari hamda yo‘lkira narxlarining asossiz ko‘tarilishi, issiq suv ta’minotidagi muammolar atroflicha muhokama qilinib, ayrim masalalarni hamkorlikda o‘rganish va ularning yechimi borasida takliflar ishlab chiqishga kelishib olindi. Bundan tashqari, 2021 yakunlari bo‘yicha anjuman tashkil etish belgilandi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyat bo‘limi.