Navoiy viloyatida “Salomatlik” gazetasining 25 yilligi keng nishonlandi

2021-11-01T16:31:58+05:001 November, 2021|Hududlardan yangiliklar, Navoiy vil., Umumiy yangiliklar|

Navoiy viloyati matbuot va jurnalistika maktabi tashkil topganiga qariyb 100 yil bo‘ldi. Bugungi kunda viloyatda shahar-tuman nashrlari bilan birga bir nechta xususiy, jami 30 tadan ziyod gazetalar mushtariylar qo‘liga yetib borayapti.

Nafaqat tibbiyot sohasi vakillari, balki keng aholi qatlamiga dolzarb mavzularga doir ma’lumotlarni, fikr-mulohazalarni yetkazib berayotgan “Salomatlik” gazetasi bu boradagi eng peshqadam hamda faol nashr sanaladi. Mustaqillikning ilk yillarida, ya’ni 1996 yilda zabardast ijodkor Ibrohim Jumayevning sa’y-harakati bilan tashkil etilgan ushbu gazeta 25 yillik davrni bosib o‘tdi. Dastlab gazetaning nusxasi mingtaga ham yetmagan bo‘lsa, sekin-asta dolzarb va qiziqarli maqolalar bilan o‘z o‘quvchilarini topib, bugungi kunda 4 ming nusxada chop etilmoqda. O‘tgan mana shu davrda tahririyatda o‘ziga xos jurnalistika maktabi yaratilib, bu yerda tajriba to‘plagan (marhum) Narzulla Tilavov, ayni paytda faoliyat olib borayotgan Jamoliddin Ahtamov, Zilola Ibragimova, fotomuxbir Alisher Jumayev, sahifalovchi Manguberdi Ibrohimov kabi ijodkorlar nomini e’tirof bilan tilga olish mumkin.

Kuni kecha Navoiy viloyatida “Salomatlik” gazetasi tashkil topganining 25 yilligi keng nishonlandi. Sana munosabati bilan Karmana tumanidagi “Istiqlol” tantanalar uyida bayram dasturxoni yozilib, viloyat matbuoti jonkuyarlari hamda tibbiyot sohasi vakillari taklif etildi. Tantana avvalida tahririyat jamoasiga Navoiy viloyati hokimining tabrigi o‘qib eshittirilib, gazetaga viloyat hokimining sovg‘asi — kompyuter jamlanmasi tuhfa qilindi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov barchani yubiley bilan qutlab, bugungi kunda yurtimizda jurnalistika sohasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida to‘xtaldi, shuningdek, mazkur sohada bosma nashrlarning alohida ahamiyati borligini e’tirof etdi hamda tahririyatga uyushmaning tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alarini taqdim qildi.

Uyushma raisi yubileyga taklif etilgan yana bir mehmonni — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati sifatida faoliyat olib borgan A.Bobomurodovani taqdirlab, bu navoiylik davlat va jamoat faoli yurtimiz matbuotiga oid bir qator qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqishda tashabbuskor bo‘lganini ta’kidladi.

Tadbir davomida O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi tomonidan ham yubileyga tashrif buyurgan mehmonlarga va tahririyat jamoasiga esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

— Tahririyatimiz o‘z tarixida, ya’ni 2016 va 2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi jamoat fondi grant loyihalari sovrindori sifatida bir qator amaliy ishlarni olib borgan, — deydi “Salomatlik” gazetasi bosh muharriri Ibrohim Jumayev. — Bu borada ham nashrimiz ko‘pgina gazetalarga o‘rnak bo‘layapti, desam xato bo‘lmaydi. Bundan tashqari, ayni paytda zamon talabidan kelib chiqib tayyorlanayotgan xabar va maqolalarni ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanallarimiz orqali tarqatishga ham alohida e’tibor qaratayapmiz. Bu esa ko‘proq o‘quvchilar auditoriyasini jalb qilish imkonini bermoqda.

—Men bevosita “Salomatlik” gazetasidan ilhomlanib, bosh muharriridan maslahat olgan holda Buxoro viloyatida “Buxoro shifokori” nomli nashr tashkil etganman, — deydi tadbirning yana bir qatnashchisi, “Buxoro shifokori” gazetasi muharriri S.Qodirov. — Sakkiz yildan buyon faoliyat olib borib, ayni paytda viloyatdagi nomdor gazetalardan biriga aylandik.

Yubiley tadbiri ijod ahli uchun diydor kechasi bo‘lishi bilan birga davra ahli uchun yangragan dilrabo kuy-qo‘shiqlar barchaga zavq ulashdi.

Tadbir doirasida Navoiy viloyatida faoliyat olib borayotgan bir guruh jurnalistlarga O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining a’zolik guvohnomalari va esdalik nishonlari topshirilgani barchani mamnun etdi.

— Bugun men uchun quvonchli kun bo‘ldi, — deydi uyushma a’zoligiga qabul qilingan ijodkorlardan biri J.Ahtamov. — Jurnalistika sohasida 35 yildan buyon ishlayotgan bo‘lsam, asosiy faoliyatim “Salomatlik” gazetasi bilan bog‘liq. Yuksak e’tibor uchun uyushma rahbariyatidan minnatdorman.

Darhaqiqat, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 27 iyun — Matbuot va ommaviy axoborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan jurnalistlarga yo‘llagan tabrigida quyidagi fikrlarni bildirgan edi: “Ommaviy axborot vositalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarish va yangilanish jarayonlarini har tomonlama tahlil qilib, joylardagi ijtimoiy muammolar, xato va kamchiliklarga davlat idoralari va jamoatchilik e’tiborini qaratayotganini alohida qayd etish lozim”.

Bu mezon viloyat tibbiyotchilarining sevimli nashri sanalgan “Salomatlik” gazetasi faoliyatiga to‘la mos keladi. Shu ma’noda, gazetaning har bir soni o‘zini intiqlik bilan kutuvchi mushtariylariga doimo yetib boraversin, tahririyat jamoasi ijoddan, izlanishdan charchamasin, deb qolamiz!

Ozod MUSTAFOYeV,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy
uyushmasi Navoiy viloyati
bo‘limi mutaxassisi.