Jurnalist va shoir bilan uchrashuv

2021-10-18T15:59:16+05:0018 October, 2021|Hududlardan yangiliklar, Navoiy vil., Umumiy yangiliklar|

Qalam ahli borki, avvalo so‘z dargohiga intiladi. Bu sirli maskan esa hamisha adabiyotga, ijodga oshno qalblardir. Ta’kidlash kerakki, haqiqiy ijodkor ko‘pincha qaynoq jarayonlar markazi bo‘lgan — tahririyatlarda yetishib chiqadi.

Bugungi kunda Navoiy viloyatidagi televideniye va gazeta tahririyatlarida faol ijod qilayotgan jurnalistlar orasida ham iste’dodli yozuvchi va adiblar talaygina. O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi, Navoiy viloyati teleradiokompaniyasi direktori o‘rinbosari, jurnalist va shoir Boboqand Umarov (Boboqand Mirzo) shunday insonlardan.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi tashabbusi bilan Navoiy davlat pedagogika instituti faollar zalida “She’riyatga oshno qalb” mavzusida Boboqand Umarov bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi.
Unda institutning O‘zbek filologiyasi fakulteti professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etdi. Dastlab, filologiya fanlari doktori Abduhamid Xolmurodov tadbirni boshlab berdi hamda fakultetda shoir va adiblar bilan uchrashuvlar o‘tkazish endilikda muntazam yo‘lga qo‘ylishini ta’kidlab o‘tdi. Shundan so‘ng institut prorektori Xurshid Qurbonov yig‘ilishni olib bordi va so‘z navbatini “Navoiyning Muhammad Yusufi” nomini olgan Boboqand Mirzoga berdi. Jurnalist va ijodkor o‘zi ham Navoiy davlat pedagogika institutida ta’lim olgani xususida to‘xtalar ekan, tadbir ishtirokchilari bo‘lgan ustozlari A.Xolmurodov, T.Xo‘jayev hamda B.Zaripovlarga minnatdorlik bildirdi. Shundan so‘ng, yosh pedagoglar Boboqand Mirzoning ijod namunalaridan bahramand bo‘lishdi.
Albatta, har bir ijodkor adabiyot maydonida o‘zini xokisor his qiladi va bu soddalik misralarga ham ko‘chadi. Shoirning goh g‘amgin va goh jo‘shqin nafasida yangragan quyidagi satrlar bunga misol:

“Men kerakli toshman adabiyotga,
Buyuk so‘z oldida men ham o‘lponman,
Buyuk so‘z oldida narzim ko‘p hali,
Kimningdir nazdida balki Cho‘lponman
Adabiyot, sendan qarzim ko‘p hali…”

Vatan mavzusi har bir qalamkash uchun ta’rifi tugamas so‘z ummonidir. Boboqand Mirzo navbatdagi she’rida ayni mavzuga to‘xtalarkan, bu satrlarda shoirning bolalik yillari o‘tgan — so‘lim Xatirchining betakror Oltinsoy qishlog‘i manzaralari ham aks etgandek….

“O‘zbekiston, halol nonim tuzimsan,
Ko‘z ochib ko‘rganim onamsan, Vatan!
Istiqlol, sen mening yorug‘ yuzimsan
O‘zing o‘n sakkkiz ming olamasan, Vatan…”

Ona allasi dunyoda tengi yo‘q qo‘shiq. Shoir alla eshitib ulg‘aygan millatni eng baxtli sanaydi. Uning mana bu she’ri shunga ishora:

“Bir qo‘lda beshik, birida dunyo,
Go‘yo tarozining tengdir pallasi,
Ko‘kdan tushgan malak, farishtami yo?
Eng chiroyli qo‘shiq — onam allasi…”
Ijod kechasi qizg‘in tus olib, adabiyot, vatan, ishq mavzularidagi she’rlar so‘zga oshno qalblarni rom etdi. Tadbirning savol-javoblar qismida bir guruh yoshlar ijod sehri borasida o‘zlari qiziqqan savollarga javoblar olishdi va ularning ham she’rlari tinglandi.


— Navoiy davlat pedagogika instituti faxriy professori Ravshan Rahmonov bir vaqtlar “bu yerda faqat pedagoglar emas, O‘zbekiston Xalq shoiri”, “O‘zbekiston Xalq yozuvchisi” unvoni oladiganlar ham yetishib chiqadi, deya ta’kidlagan edilar, — deydi tadbirda so‘z olgan, O‘zbek filologiyasi fakulteti dosenti Botir Zaripov. — O‘tgan uzoq yillik faoliyatimga e’tibor qaratadigan bo‘lsam, Boboqand Mirzo kabi mazkur fakultetdan nafaqat viloyatimiz, balki respublikamiz uchun ham taniqli jurnalistlar, bir qancha iste’dodli ijodkorlar yetishib chiqqaniga va ustozimizning aytgan fikrlari nechog‘li haqiqat ekanligini guvoh bo‘lib turibman. Ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisining har biri aslida ijodkor, desam xato bo‘lmaydi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi raisi O.Aslonov ham so‘zga chiqdi. Shundan so‘ng bir guruh yoshlar va tadbir ishtirokchilariga Boboqand Mirzoning “Ikkimiz ikki olam” she’riy to‘plami tuhfa etildi.
Qayd etish kerak, jurnalistikaning cho‘qqisi bo‘lgan publisistikaning kuchi, avvalo iste’dodda. Ijodiy jamoalarda ana shunday iste’dod sohiblari ko‘payar ekan, xalqimizga tuhfa etilayotgan jurnalistik materiallarning sifati ham, zalvori ham oshib boraveradi.

Ozod MUSTAFOYeV,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi

Navoiy viloyati bo‘limi mutaxassisi.