Navoiyda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan jurnalistlar 37 nafarga yetdi

2021-10-15T15:29:24+05:0015 October, 2021|Hududlardan yangiliklar, Navoiy vil., Umumiy yangiliklar|

Kuni kecha Navoiy shahridagi “Yoshlar markazi”da 5-Navoiy Okrug saylov komissiyasining navbatdagi Matbuot anjumani o‘tkazildi. Anjumanda OSK a’zolari hamda viloyatdagi OAV vakillari ishtirok etishdi.
Matbuot anjumanida dastlab, OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazishning 14 oktyabr holati to‘g‘risida ma’lumot berildi. Xususan, viloyat bo‘yicha ularning umumiy soni 37 nafarga yetgan. Ushbu jurnalistlar 18 ta OAVning vakillari hisoblanadi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyasi kalendar rejasiga asosan 14 oktyabrdan boshlab muddatidan oldin ovoz berish boshlangani ham ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolar belgilangan tartibda jihozlash ishlari yakunlandi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayonida talabalarning faol ishtirokini ta’minlash, saylovga oid bilimlarini rivojlantirish hamda ularga vatanimiz ravnaqi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatini yetkazish maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tashabbusi bilan “Saylov – 2021: Kelajaging uchun ovoz ber!” shiori ostida “Targ‘ibot poyezdi” loyihasiga start berildi.
Ushbu “Targ‘ibot poyezdi” loyihasi doirasida navoiylik talabalar bilan ham saylov yangiliklari, unga kiritilgan o‘zgarishlar, saylov to‘g‘risida qabul qilingan kodeks bo‘yicha muloqot bo‘lib o‘tdi. Toshkent shahridan kelgan bir guruh professor-o‘qituvchilar boshchiligidagi iqtidorli talabalardan iborat targ‘ibot guruhi OTM talaba-yoshlariga saylov oldi bilimlarini oshirishga qaratilgan seminar hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etdi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi
Navoiy viloyati bo‘limi.