Xotira – uyg‘onsa go‘zal

2021-10-15T12:18:24+05:0015 October, 2021|Umumiy yangiliklar|

YAXSHILIKDAN BOSHQASINI BILMAYDIGAN ODAM EDI

Vaqtni o‘tishiga qarang, Sa’dulla aka bu yorug‘ olamni tark etganiga ham bir yildan oshibdi. Hozir jisman oramizda bo‘lmasa-da, ruhan qalbimizda yashamoqda.
…2019 yili S.Hakimov uzoq yillik samarali mehnati, soha rivojiga qo‘shgan hissasi uchun “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi. Taqdirlash marosimidan ko‘tarinki kayfiyatda, qo‘lida guldastalar bilan ishxonamizga – Jurnalistlar uyushmasiga kirib keldi.Xodimlar xonasiga kirib,yana birin-ketin tabriklar yangradi, esdalikka suratga tushishdi, navbat kelib oldilariga kirganimda davlat mukofotini shaxsan Prezidentimiz qo‘lidan olganini faxrlanib, his-hayajonga to‘lib-toshib gapirib berdi. So‘zini davom etar ekan: “Ordenni qo‘lga olganimda birinchi bo‘lib ko‘z o‘ngimda dunyodan o‘tgan onam gavdalandi, u bu kunlarni ko‘rmadi”, dedi. Ko‘ngli bo‘shaganini, ko‘zidagi namni yashira olmadi.

Ha, ustoz ko‘ngil odami edi. Birga ishlagan paytimizda ham biror kishining qalbini og‘ritganini eslolmayman. Eshitmaganman ham, eshitmasligimga ishonaman. Yomonlik qilish qo‘lidan kelmasdi. Xizmat safari bilan viloyatlarda bo‘lganimda u kishini yaxshi taniydigan ko‘plab hamkasblar, ustozlardan ham shunday mazmunda iliq gaplar eshitaman.
Uyushmaga ishga kelgan (2018 yil) paytlarimda Prezidentning 2017 yil 10 avgustdagi “O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida bir qator ishlar amalga oshirilayotgan ekan. Qisqasi, navbat ushbu hujjatga binoan tasdiqlangan “yo‘l xaritasi”ning tegishli bandi ijrosiga – uyushma raisiga xizmat mashinasi xarid qilishga keldi.

Endi o‘ylab qarasam, o‘sha paytlari ancha qiziquvchan bo‘lgan ekanman. Sa’dulla akaning oldiga kirib: “U uyushma raisi “Kaptiva”da, bu nodavlat tashkilot rahbari allambalo mashinada yuribdi. Sizga“Malibu” olaylik, deganman. Shunda “Malibu” borgan joyga “Lasetti” ham boradi, uning xarajati katta, pulimiz qimmat mashinaga yetsa ham “Jentra” olamiz”, degandi.
Oradan bir muddat o‘tib, uyushma moddiy-texnik bazasini yangilash uchun mablag‘ ajratildi. Tashkilotimizga tegishli hamma xonalar, jumladan, rahbar kabineti uchun xarid qilinadigan yangi mebellar ro‘yxati tuzildi, kelishish uchun oldiga kirdik. Birma-bir ko‘rib chiqdi. Ro‘yxatdan o‘ziningxonasiga xarid qilinishi ko‘zda tutilgan (seyfdan boshqa) hamma narsani o‘chirdi. “Xonangizdagi kitob javoni, ish stol-stullari olinganiga ancha yil bo‘lgan, almashtiraylik pul berilgan payti, keyin bunday imkoniyat qachon bo‘ladi”, dedik. Ko‘nmadi.“Bularga nima qilibdi, bir joyi uchmagan, sinmagan, bunaqasini topish qiyin, sifati zo‘r, bular menga yoqadi”, dedi.Kabinetiga zamonaviy kompyuter olish bo‘yicha bergan taklifimiz ham shundayligicha qolib ketgan. O‘zi doim noutbukda ishlardi, xonasidagi 7-8 yillik televizor hamda rangi uchib bir holga kelgan gilamni yangilashga ruxsat bermasdi.

S.Hakimov doimo uyushmamiz mablag‘ini tejar, behuda sarflanishining oldini olar, kamtar, oddiy vasamimiy, shu bilan birga, darajasi baland inson edi. Jahli chiqqanini ko‘rmaganman. Mayda-chuyda, fisqi-fasod gap-so‘zlarni tinglamasdi, tinglasa ham munosabat bildirmasdi. Baland ovozda emas, bosiqlik bilan gapirardi. Yuzidan nur taralardi. Bir ish boshlashdan oldin uning oqibati va oxirgi nuqtasini ko‘ra olardi. Saxovatpeshalik qilardi.

Sa’dulla aka faoliyati davomida mamlakatimiz jurnalistika sohasi rivojiga katta hissa qo‘shdi. Jumladan, O‘zbekiston jurnalistlarining Kasb etikasi kodeksi ishlab chiqilishi va qabul qilinishiga erishdi. Uyushmaga a’zolikni tikladi. A’zolar uchun yangi namunadagi guvohnoma, ko‘krak nishoni (ilgari bo‘lmagan) tayyorlanishiga bosh-qosh bo‘ldi. Muharrirligida yosh jurnalistlarning “Yosh yuraklar sadosi”, “Umid yog‘dusi” to‘plamlari nashr etildi.Ushbu to‘plamlarga mamlakatimiz bo‘yicha yuz nafardan ziyod iste’dodli yosh jurnalistning eng sara maqolalari kiritildi.

S.Hakimov oilasini, Vatanni sevardi. Farzandu nabiralariga, yurtimiz dashtu dalalari, bog‘u bo‘stonlariga bag‘ishlangan bar qancha asarlar yozgan. Kezi kelganda aytish joiz, ajoyib suhbatdosh va hazilkash inson Sa’dulla akaning she’rlarini o‘qisangiz, misralar ortida samimiy jilmayib turganini bemalol ilg‘ash mumkin edi yoki o‘zi bilan suhbatlashganda xuddi she’rlarini mutolaa qilayotganday bo‘lardingiz.

Ustoz bilan ellik yildan oshiq birga yashab, besh farzandni tarbiyalab voyaga yetkazgan Santalat Hakimovning aytishicha, Birinchi Prezidentimiz vafot etgan 2016 yil 2 sentyabr kuni ustoz Buyuk Britaniyadagi o‘g‘li Durbeknikida bo‘lgan. Voqeani eshitib, kelganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, ushbu mamlakatga ikki haftaga borgan bo‘lishiga qaramay, O‘zbekistonga qaytgan: “Xalqimiz boshiga shunday kun tushganda ko‘nglimga sayohat sig‘maydi”, degan ekan.
Turli tadbirlar bahona ustozning Qibraydagi uyiga bir necha marta borishga to‘g‘ri keldi, bu jarayon davom etmoqda. Turmush o‘rtog‘i, farzandlari, kuyov va kelinlari, nevaralarini taniyman. Ularda ustozga xos insoniylik fazilatlarini ko‘raman. To‘g‘risi, S.Hakimov oila a’zolarining samimiyligi, oddiyligi, odob-axloqi, ilmi, ahilligi, hamjihatligi, bir-biriga mehribonligiga havas qilaman. O‘g‘illari Oybek va Durbek bilan aka-ukadek bo‘lib ketdik.

Sa’dulla akadek insonlar kamdan-kam uchraydi. Shunday inson bilan qariyb uch yil birga ishlash baxti nasib etdi. Ustoz bilan bog‘liq ko‘plab voqealar xotiramda bir umrga muhrlandi. U kishidan hayotda asqatadigan juda ko‘p narsalarni o‘rgandim. “Hammaga yaxshilik qila olish kerak”, degan so‘zlari hamon qulog‘imga chalinadi. Ishda, ko‘cha-ko‘yda, xullas, qayerda bo‘lmayin, shu o‘gitga amal qilishga intilaman. Zero, yaxshilik baribir yaxshi-da.

Xolmurod SALIMOV,
O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy
uyushmasi raisi o‘rinbosari