Saylovoldi tashviqot bosqichida OAVlarning o‘rni muhokama qilindi

2021-10-04T11:35:07+05:004 October, 2021|Hududlardan yangiliklar, Umumiy yangiliklar, Xorazm vil.|

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Xorazm viloyat bo‘limi hamda 12-Xorazm okrug saylov komissiyasi huzuridagi matbuot markazi bilan hamkorlikda bo‘lib o‘tgan navbatdagi matbuot anjumanida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim o‘rin tutadigan saylov kampaniyasi jarayonlari qizg‘in pallaga kirganligi ta’kidlandi.

Okrug saylov komissiyasi raisi Bahrom Abdullayev viloyatda saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari xodimlariga ma’lumot berib o‘tdi. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi raisi, Okrug saylov komissiyasi matbuot markazi rahbari O‘tkir Matqurbonov respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillarining Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditasiyadan o‘tkazilgani to‘g‘risida axborot berdi.

Anjumanda viloyatdagi jami 553 ta saylov uchastkasida tayyorgarlik ishlari jadallashganligi, shahar va tumanlardagi markaziy va odamlar gavjum to‘planadigan ko‘chalarga saylovoldi tashviqoti materiallari, Prezidentlikka nomzodlar haqidagi bannerlar va plakatlar joylashtirilganligi, viloyat gazetalarida nomzodlarning saylovoldi dasturlari belgilangan tartibda, tenglik asosida matbuot va OAV larda berib borilayotganligi qayd etildi.

Matbuot anjumanida joylarda davom etayotgan saylovoldi tashviqoti va bu jarayonda jurnalistlarning faol ishtiroki muhim ahamiyat kasb etayotganligi aytib o‘tildi. Tadbir yakunida okrug saylov komissiyasi a’zolari tomonidan jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi
Xorazm viloyati bo‘limi