“UCHQUDUQ”NING SHARAFLI YO‘LI

2021-09-24T19:05:17+05:0024 September, 2021|Hududlardan yangiliklar, Navoiy vil., Umumiy yangiliklar|

Bugun shiddatkor, ijtimoiy tarmoqlar rivojlangan bir davrda matbuotning otaxon turi gazetalar ham o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani ado etish borasida yangi g‘oyalar, yangi yo‘nalishlarda media makonda munosib o‘rnini topishga harakat qilmoqda.
Eng muhimi, bugun ham gazetxonlar safi oldingilardan kam emas. Tahliliy va mulohazali material o‘qish ilinjidagi o‘quvchi albatta o‘zi yaxshi ko‘rgan va muxlisi bo‘lgan nashrni mutolaa qiladi.
“Uchquduq” gazetasi tuman nashri sifatila faoliyatini boshlaganiga bu yil 32 yil to‘ldi.
O‘tgan davrda gazeta tahririyati mashaqqatli va sharafli yo‘lni bosib o‘tdi. Bu yo‘lda yutuqlar bilan bir qatorda muammolarga ham duch kelindi. Eng muhimi, bugun “Uchquduq” gazetasi uchquduqliklarning sevimli nashriga aylanib ulgurdi.
Navoiy viloyati markazidan 320 kilometr uzoqlikdagi kent – Uchquduqda olib borilayotgan izchil islohotlar, qurilish va bunyodkorlik ishlari, olis ovullardagi hayot tarzi, odamlarning kayfiyati gazeta ijodiy guruhi diqqat markazida.
O‘zbek, rus va qozoq tilida har oyda 3 marotaba chop etilib kelinayotgan gazeta bugun zamonaviy dizaynda gazetxonlar qo‘liga yetib bormoqda.
Bugun mamlakatimizdagi ayrim tahririyatlar tiraji kamaygani hisobiga nashr etilmay turgan yoki juda kam nusxada chop etilayotgan bir paytda “Uchquduq” gazetasi 6000 nusxada gazetxonlarga taqdim etilayotgani ham tahririyat jamoasining mehnati va gazetaning tumanda o‘z o‘rniga ega ekanligidan dalolat beradi.
—Bugun tahririyatimizda 5 nafar xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Ijodiy jamoamiz bilan birgalikda gazeta sahifalarini rang-barang qilish, yangi va tahliliy materiallar bilan boyitish ustida tinimsiz izlanishdamiz, — deydi “Uchquduq” gazetasi muharriri, xalq deputatlari Uchquduq tumani Kengashi deputati Rayhon Qodirova. — Tumanimizda yangilikka qo‘l urilayotgan biror soha yo‘qki e’tiborimizdan chetda qolmaydi. Zamon shiddat bilan o‘zgarib borayotgan bugungi kun tahririyatlar oldiga ham muhim vazifalar qo‘ymoqda. Xususan, tezkorlik va shaffoflik, ochiqlik faoliyatimiz mezoniga aylangan. Shu bois, gazetamizning internetda elektron saytini hamda telegramm kanalini ham tashkil etib, ma’lumotlarni o‘quvchilarimizga tezkor yetkazishga harakat qilayapmiz.
Kuni kecha O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi vakillari Uchquduq tumanida, xususan “Uchquduq” gazetasi tahririyatida bo‘lib, jamoa bilan dildan suhbatlashdi. Ijodiy jamoaning muammolarini o‘rgandi, ularning yechimi bo‘yicha taklif va tavsiyalarini berdi. Ish jarayonlari ko‘zdan kechirdi.
Ta’kidlash joizki, gazetaning sifatli bo‘lishida moddiy texnik baza muhim o‘rin tutadi. Bugun “Uchquduq” gazetasining moddiy texnik bazasi ancha mustahkam. Zamonaviy kompyuterlar, fotoapparat hamda malakali kadrlar ish unumdorligini oshirmoqda.
Uyushma viloyat bo‘limi tomonidan tahririyat jamoasiga tashakkurnoma bildirildi.
Otabek ASLONOV,
O‘zJIU Navoiy viloyati bo‘limi raisi