Senda ijarada yashayman, Vatan

2021-09-23T17:37:11+05:0023 September, 2021|Umumiy yangiliklar|

Toshkent – orzular va talabalar shahri

O‘qishga kirding, mahalla-ko‘y havasda, ota-onang g‘ururlandi, tengdoshlaring hayratda. Yozning so‘nggi kunlarida ko‘ch-ko‘ronni ko‘tarib, poytaxti azimga kelasan. Keyin umr mundarijasini bezaydigan lahzalar, butun bir davr boshlanadi. Avvaldan aytib qo‘yay, nima bo‘lganda ham bunda yashab qolish qiyinchiligiyu mashaqqatlariga qaramay, Toshkentni sevaman. Ammo, mehribon Jahongir aka Ortiqxo‘jayev aytganlaridek, uni yanada mukammal va batartib ko‘rgim kelaveradi.

Toshkentga kelgan talaba uch qoidaga amal qilishi shart:

  1. Birdaniga bor-yo‘g‘idan ayrilib, chuv tushmasligi uchun real narxlar (ijara, taksi) haqida haqiqatga yaqinroq tasavvuri bo‘lishi kerak. 2. Hamma yo‘llar Amir Temur xiyoboni – skverga olib borishini tushunishi, adashmasligi kerak. 3. Ko‘chada qolish ehtimoliga qarshi doim zaxira varianti bo‘lishi kerak (hamqishloqlar, savdogarlar, mardikorchilikka kelgan tanishlar, parnikda ishlab yurgan jo‘ralari yoki uzo-o-oq bir qarindoshining uy manzili).

Achchiq, ammo vaqt sinovidan o‘tgan alamli haqiqatlar. Bu – necha yillardan beri o‘zgarishsiz qolayotgan, talabalar kashf etgan ko‘cha haqiqatlari!

Umuman, Toshkent nainki non, balki orzular va talabalar shahri hamdir. Qariyb 90 ta oliy o‘quv yurtlarida o‘qiydigan talabalar, minglab olimlar, ilm bor shu azim kentda. Toshkentni talabalar ko‘zi bilan ko‘rish – hayotni mikroskopdan ko‘rish, reallik bilan yuzlashishday gap.

Talabalar shaharchasi

Toshkentga kelgan talabaning ilk orzusi yotoqxonadan joy olish, vassalom. Talabalar uyidan turar joyli bo‘lish eng tinch va osuda hayot, nazorat, davlat qaramog‘ida yashash, ota-onang uchun xotirjamlik, ertakmonand muhit demakdir.

Ammo, qaniydi bularga erishish oson bo‘lsa?

Hamma zamonlarda yotoqxonalarga joylashishning maxsus talablari bo‘lgan: 1-kurs talabalariga ustuvorlik, avvalo, qizlar joylashishi kerak, kontraktni to‘lanmaganlarga joy nasiya, dastlabki olti oylik to‘lovlarni birdaniga amalga oshirish, kam ta’minlangan oila a’zosi bo‘lganlarga navbatsiz joy, asosiysi, komendantda yaxshi taassurot qoldirish, iloji bo‘lsa, tanish-bilish bo‘lish. Shu. So‘rab-surishtirdim, shu kunlarda ham bu “oltin qoidalar” beistisno yashab kelmoqda ekan.

Shunday qilib, turar joy uchun bo‘layotgan qirg‘inbarot kurashlardan chetga chiqding, ijarada turaman, nailoj deding. Toshkentning jin ko‘chalariga xush kelibsan, ana endi hayot boshlandi.

Jungli qonunlari bilan to‘qnashuv

Ha, ko‘z o‘ngimizda, shu kunlarda, sizu bizning Toshkentimizda jungli qonunlariga ko‘ra ishlaydigan manzil bor. Qiziq, uning rasmiy nomi qanday atalar ekan? Balki, “Toshkent ikkilamchi uylar oldi-sotdi qilish vaqtinchalik markazi”dir? Ehtimol, “Toshkentga kelgan musofirlarni sinovdan o‘tkazish bosh boshqarmasi”dir? Qaydam. Ammo, talaba uni qisqa qilib “Uy bozori”, deydi.

Uy bozori qurg‘urni topish ham mashaqqat. Har bir avlodning o‘z Toshkenti bo‘lgani kabi, o‘z uy bozori ham bor. Chunki, bu bozor hamisha pana-pastqam, ko‘zdan yiroq manzillarga badarg‘a qilinishi bilan mashhur.

Bu yerda na qonun bor va na qoida. Faqat ochko‘z nigohlar, harislik bilan seni yamlamay yutishga tayyor meshchanlarni ko‘rasan, xolos. Bu yerda nimadir noto‘g‘ri ekanligiga aqling yetadi, lekin, senda tanlov imkoniyati, rad etish varianti yo‘q – ijara uyning narxi 200 dollar, maklerga 100 dollar. Hech qanday qiyinchiliksiz, o‘zini urintirmay, o‘tirgan joyida qo‘shimcha qiymat yaratib, iqtisod qonuniyatlarining “duxiga o‘tirg‘izadigan brat”larim shu yerda.

Keyinchalik ularning qilib yurgan ishi xuddi firibgarlik, o‘g‘rilik ekanligini tushunasan, kulib eslaysan, lekin baribir mana shu to‘daga bir aldanish peshonada bor, iltimos kuyunmangiz (metrodagi yozuvlar esga tushdimi?).

Iltimos, suyanmangiz

Ha, metroda aynan shunday yozilgan. Lekin, talaba unga amal qilmaydi. Eshiklar yopilib, vagon joyidan siljishi bilan eshikka suyanib ijara uyiga yo‘l oladi.

Alqissa, qishloqning soddadil, ochiqko‘ngil bolasi uy bozoriga kirib, yana qaysidir oliygohga kirgan hamqishlog‘ini ko‘rib qoladi. Birgalashib uy axtaradilar, joy axtaradilar – hozircha karmon katta, hamma – orzu bandasi, yemoq-ichmoq ko‘chada. Lekin yurak g‘ash, bu ketishda dehqon otang bergan pul bir haftada sob bo‘ladi. So‘ngra, qachondir Toshkanda o‘qigan amakingdan yoki tog‘angdan eshitgan gaplar, xotirangga mahkam o‘rnashgan so‘zlar olis-olislardan jaranglaydi: “Shaharning qoq markazida Chorsu degich bozor bor. Eng katta mardikor bozor shu yerda, pul qolmasa, shunga borardim…”

Sen ham o‘shanga borasan, qo‘zim. Shanba va yakshanbaning bahridan o‘tasan – amakingga orzumanda bo‘lib Chorsuni gullatasan, tanish 28-avtobus yo‘ldan o‘tib qolsa, ters o‘girilib olasan. Kechqurun metroning “Tinchlik” bekatiga sudralib yetvolasan-u, “Iltimos, suyanmangiz”ga ma’nosiz qarab uyga qaytasan.

Yillarning salomin yillarga eltib

Oradan yillar o‘tadi.  O‘qishni tamomlab, Safar buvaga uchrashasan, tutila-tutila dardingni aytasan: “Shundoq-shundoq, ishga kirmoqchiman, jurnalist bo‘lsam, deyman”. 0,25 stavka bilan amallab ishga qabul qilinasan, tiyinlaringni xarjlab, yillarni o‘tkazib, bir kun qarz-havola qilib uy-joy olasan, peshonang yarqiraydi. Shirin-shirin farzandlar ko‘rasan, ammo negadir shu Toshkentni baribir yaxshi ko‘rasan. Sevging sababini izohlamay yaxshi ko‘raverasan.

Aqling qaymoqlab, oq-qorani ajratgan paytingda, eski muammo qarshingdan chiqadi. Shoir aytganidek, sentabr tongi otdi, seni cheksiz quvonch bilan baxt uyg‘otdi – qishloqdan mehmonjonlar, talabajonlar armiyasi bir xonalik uyingni ishg‘ol etadi. Toshkentga talpinayotgan qorako‘zlarning taqdiri bilan qiziqasan, so‘ngra o‘sha, yo.., yo.., yo-yotoqxona muammosi bilan yuzlashasan. Sug‘ur kuni. Hech nima o‘zgarmagan. Dilgir pichirlaysan: “Sen o‘zgarmaysan, qonunlaring ehromlarday mustahkam, Toshkent…”

Hujjat nima deydi?

Ammo, sen o‘ziga ishongan jurnalistsan. Qonunchilikdan boxabarsan. Mavzu haqida bong urmoqchi bo‘lasan matbuotda. Koshki, nimadir o‘zgarar, degan umiddasan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, 2021 yil 1 maydan boshlab yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o‘ziga, shu jumladan, ota-onasi (qonuniy vakillari)ga tegishli bo‘lmagan uyda ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalarining 60 foiziga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi Davlat byudjeti hisobidan qoplab berilishi lozim. Zo‘r-ku!

Amaliyotda esa…

Davlat soliq qo‘mitasi axborot xizmatidan bu farmondagi imkoniyatdan nechta talaba foydalanganligi to‘g‘risida ma’lumotni so‘raysan. Ammo, bunday ma’lumot soliq organlarida bo‘lmas ekan. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga ham shu savol bilan yuzlanasan. Biroq, na aniq javob berish tugul, na qo‘l telefonlari, na ish telefonini umuman ko‘tarishmadi. Aytganday, bu ma’lumotni bilish uchun 10 kun davomida ular bilan bog‘lanishga urinasan. Lekin, foydasi bo‘lmaydi. Oxir-oqibat vazirning qabulxonasiga telefon qilasan va maqsadingni vazir yordamchisiga tushuntirasan ijikilab. Vazir yordamchisi axborot xizmatiga yo‘naltirdi, ular esa yana bedarak – “Iltimos, suyanmangiz”.

Unutolmasa, nima qilsin?

Oqshom. Talaba-jiyanboylar, qishloqdagi qo‘shnilar bilan suhbatlashasan. Hali shahar nuqsi urmagan mas’um nigohlar qarshisida o‘zingni aybdor his qilasan, yurak g‘ijimlaydi. Sekin gapga solasan, ulardan talabalikning ilk kunlari zavqini so‘raysan.

Keyin ular portlaydi, nedir alam va ajablanish tuyg‘usi bilan ko‘rgan-kechirganlarini aytib beradi. Vahki, yillarda farq bor, bu hikoyalarda farq yo‘q. O‘sha – seni qiynagan, yoshligingni – tilloga teng vaqtlaringni o‘g‘irlagan voqealar. Mahzun nostalgiya.

So‘ngra dasturxon ustida kimdir, masalan, senga havas qilib, jurnalistikaga o‘qishga kirgan hamqishloq talaba yigit norozi ohangda, sekin, go‘yo o‘ziga-o‘zi gapirgandek pichirlaydi:

– Bugun yuqori lavozimlarda o‘tirgan kazo-kazolar ham talaba bo‘lgan. Yuqori lavozimda o‘tirgan, ism-familiyasini aytishga ham cho‘chiydigan aksariyat rahbarlarning o‘zi ham viloyatlardan kelib o‘qigan. Biz bilan suhbatlarda ular ham huddi talabalardek, boshpana masalasida qiynalganini aytishadi. Vaholanki, o‘sha vaqtlarda ham muammo bo‘lgan ekan, yarim asrdan ortiq vaqt o‘tsa hamki nima sababdan bu muammoni ijobiy hal etishda biron jonbozlik ko‘rsatmagan? Bu ham yetmagandek, bugun ularning vakolati va imkoniyati bor bo‘la turib, hafsala qilmayapti? Men shunga tushuna olmayapman.

 

Toshtemir XUDOYQULOV,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.