Samarqand xalqaro terminali – Markaziy Osiyoda yagona bo‘ladi

2021-09-22T16:22:55+05:0022 September, 2021|Hududlardan yangiliklar, Samarqand vil., Umumiy yangiliklar|

Viloyat qurilish bosh boshqarmasi viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda Samarqand shahrida “ENTER Engineering Pte Ltd” kompaniyasi tomonidan bunyod etilayotgan yirik qurilishlar bo‘ylab jurnalist va blogerlar uchun press-tur tashkil etdi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab Samarqand xalqaro aeroportidagi qurilish jarayonlari bilan tanishdilar. Yil yakunigacha foydalanishga topshirilishi mo‘ljallangan mazkur inshoot “Air Marakand” kompaniyasi buyurtmasi asosida qurilayotgan Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan zamonaviy xalqaro terminal hisoblanadi. Bir yilda 2 million yo‘lovchiga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan aeroportda qurilish ishlari avjida.

Zamonaviy aeroport ishga tushsa, bir vaqtda 4 ta, bir kunda 50 ga yaqin reyslarga xizmat ko‘rsatish imkoniyati paydo bo‘ladi. Xalqaro aeroportda bir vaqtning o‘zida 1200 yo‘lovchiga 20 ta ro‘yxatdan o‘tkazish nuqtasi xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, 700 ta avtomashinaga mo‘ljallangan turargoh, yo‘lovchilarning kutish va kuzatish hududi, zamonaviy tamaddixonalar, yuk saqlash, dam olish xonalarini qurish ham ko‘zda tutilgan.

Press-tur ishtirokchilari Samarqand eshkak eshish kanali hududida joylashgan turizm markazida ham bo‘lib, bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lishdi.

– Ikki yuz gektar maydonda qurilayotgan markazda 8 ta ko‘p yulduzli mehmonxona, nufuzli anjumanlar o‘tkazishga mo‘ljallangan Kongress-xoll zali barpo etilmoqda, – deydi turizm markazi direktori O‘ktam Latipov. – Shuningdek, “Abadiy shahar” majmuasi, 10 ga yaqin ekokottejlar, oilaviy dam olish maskanlari, sport musobaqalari o‘tkaziladigan maydonlar qurilmoqda.

– Turizm markazini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida Cho‘ponotadagi 60 gektarlik maydonda quyosh batareyalari o‘rnatish rejalashtirilgan, – deydi loyiha rahbari Mo‘min Qodirov. – 2500 metr yer ostidan toza ichimlik suvi olish uchun suv inshootlari o‘rnatildi. Ikki kilometr uzunlikdagi eshkak eshish kanalining suvi quritilib, tubi chiqindilardan tozalandi. Tez kunlarda xorijdan yana 10 ming to‘pdan ziyod manzarali daraxt ko‘chatlari keltiriladi.

“Abadiy shahar” majmuasi – yurtimizda mavjud bo‘lgan 30 ga yaqin qadimiy obidalarning nusxalarini o‘zida jamlagan. Majmuaga kirish qismiga Tillokori madrasasining kichik nusxasi zeb berib turadi. Qadimgi Samarqand qog‘ozi ishlab chiqaruvchilar, milliy hunarmandchilik buyumlari ustalari va rassomlar uchun maxsus ustaxonalar quriladi. Yopiq bozorga kelgan mehmonlar esa qandolatpazlar, pishiriq tayyorlovchilar, choyxona va milliy taomlar oshxonalaridan bahramand bo‘lishadi.

Press-tur ishtirokchilarining kelgusi yilning mart oyidan mehmonlarni kutib olishni boshlaydigan Samarqand turizm markazi qurilishiga oid savollariga o‘zbekistonlik va xorijlik mutaxassislardan javob olindi.

Dilmurod TO‘XTAYEV