“Oydin yo‘l” gazetasi oydin yo‘lda

2021-09-21T17:25:26+05:0021 September, 2021|Hududlardan yangiliklar, Sirdaryo vil., Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mana necha yildirki nodavlat bosma ommaviy axborot vositalarini ham qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Sirdaryo viloyati xotin-qizlarining “Oydin yo‘l” gazetasi 1997 yildan chop etila boshlagan. Gazeta viloyat xotin-qizlarining eng sevimli nashri bo‘lib, unda doimiy ravishda berib borilayotgan zamondosh opa-singillarning matonatli hayoti haqidagi maqolalar, ayollar huquqi va manfaatlari, ro‘zg‘or tutish sirlari, pazandachilik, tikuvchilik mahoratlariga oid bilim va foydali maslahatlar, she’r va hikoyalar o‘quvchilarni o‘ziga jalb qila olgan.

Bosma axborot vositalari boshiga tushgan murakkab vaziyat qiyinchiliklar,  “Oydin yo‘l” gazetasini ham chetlab o‘tmadi.

Bosh muharrir qishloqma-qishloq, mahallama-mahalla, tashkilotma-tashkilot yurib, gazeta muxlislarini, obunachilarini izladi. Faqat ixtiyoriy obuna, faol ayollarning qo‘llab-quvvatlashlari, viloyatdagi eng mohir jurnalistlarni jalb etgan holda gazetani sifatli va o‘qishli qilib chiqarish evaziga gazeta obunachilar sonini oshirishga erishdi ham. Viloyatning eng faol ayollari haqida yozgan maqolalarini jamlab, “Ayol baxti” nomli kitobini ham chop ettirdi.
Yaqinda “Xotin-qizlar huquq va manfaatlari –OAV nigohida” loyihasida g‘olib bo‘lgan tahririyatga Parlament komissiyasining 40 million so‘mlik granti taqdim etildi.

-Bu ishonch va rag‘bat bizni yanada unumli mehnat qilishga undaydi,- deydi “Oydin yo‘l” gazetasi bosh muharriri Dilorom Esonova. – Gazeta sonlarini o‘qishli, sifatli bo‘lishini ta’minlash barobarida mushtariylarimizga o‘z vaqtida yetib borishiga alohida e’tibor qaratamiz.
Shu tariqa, “Oydin yo‘l” gazetasining yana oydin yo‘lga chiqib olgani, muxlislarini hamda uning rivojiga tilakdosh bo‘lgan OAV xodimlarini shodlantiradi.

O‘zJIU Sirdaryo viloyati bo‘limi