Jizzax teatri yuz yoshga to‘ldi

2021-01-19T08:40:21+05:0019 January, 2021|Jizzax vil.|

Bu yil Jizzax viloyat musiqali drama teatrining tashkil etilganligiga 100 yil to‘ldi. Tarixga nazar solar ekanmiz 1921-yil teatr dastlab Jizzax (xozirgi Sharof Rashidov) tumanidagi Moskva (hozirgi Hamroqul Nosirov) xo‘jaligi, A.Navoiy ko‘chasidagi Mamarahim xojining uyida teatr to‘garagi o‘z faoliyatini boshlagan. Ushbu to‘garak keyinchalik Jizzax viloyat musiqali drama teatrining tashkil topishiga asos bo‘lgan. Teatr to‘garagiga ‘’KO‘K KO‘YLAK’’ truppasi nomi berilgan. Keyinchalik “KO‘K KO‘YLAK’’ truppasi Samarqand viloyat kolxoz-sovxoz teatriga aylantirilgan. Samarqand viloyat kolxoz-sovxoz teatri Samarqand va Surxandaryo viloyat musiqali drama teatri ixtiyoriga o‘tkazilgan.

Sirdaryo viloyatining tashkil topishi munosabati bilan Jizzax shaxridagi Nuriddin xoji madrasasida faoliyat yurutib kelayotgan xalq teatri Sirdaryo viloyat musiqali drama teatriga aylantirilgan. Jizzax viloyatining tashkil topishi munosabati bilan esa Jizzax shahridagi Sirdaryo viloyat musiqali drama teatri Jizzax viloyat musiqali drama teatriga aylantirilib, teatrga Yunus Rajabiy nomi berilgan hamda 1979 yilda teatr yangi (hozirgi) binoga ko‘chib o‘tgan.

2017-yil teatrga Jizzax viloyat musiqali drama teatri maqomi berilgan. Shu yili mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan atoqli Davlat va siyosat arbobi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini yuqori saviyada nishonlash uchun teatrning asosiy binosi rekonstruksiya qilinib tamirlangan va eng zamonaviy jihozlar o‘rnatilgan. Hozirgi kunda teatrda 550 kishiga mo‘ljallangan tomosha zali mavjud.

Bugungi kunda teatrda ko‘plab ijodiy xodimlar mehnat qilayotgan bo‘lsa, shulardan besh nafari O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist unvoniga sazovor bo‘lgan ustoz san’atkorlar – Oliya Eshto‘xtarova, Jamila Dexqonova, Jo‘ra Isroilov, Abdusoli Normatov, Raisa Abdullaevalardir.

Teatrda mustaqilligimizning dastlabgi yillaridan to shu davrga qadar 150 ga yaqin turli janr va mavzulardagi sahna asarlari yaratilgan. Ayni paytda teatr repertuaridan 20 ga yaqin spektakllar o‘rin olgan. Bulardan G.G.Markesning ‘’Oshkora qotillik’’, S.Xamroyevning ‘’Bahodir’’, A.Oripovning ‘’Jannatga yo‘l’’, CH.Aytmatovning ‘’CHingizxonning oq buluti’’, A.CHexovning ‘’Ayiq’’, O.Salimovning ‘’Toshkentga sayoxat’’, N.Qobilning ‘’To‘da’’, M.Osimning ‘’To‘maris’’ N.Abbosxonning ‘’Avliyo‘’, X.To‘xtaboevning ‘’Sehirli qalpoqcha’’ va shu kabi ko‘plab spektakllar tomoshabinlar e’tiboriga xavola etib kelinmoqda. Teatr jamoai har yili Respublika miqyosida o‘tkazib kelinayotgan ko‘plab tanlovlarda ham muvaqqiyatli ishtirok etib kelmoqda.

Bu yil teatr tashil topganiga roppa-rosa 100 yil to‘ldi. Teatrning ijodiy jamoasi bu qutlug sanani munosib kutib olish, teatr repertuarini sermazmun sahna asarlari bilan boyitish borasida ijodiy izlanish olib bormoqda.

 

Mirjalol Shayzakov,

тeatr yosh aktyori,

Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Jizzax viloyat bo‘limi qoshidagi Yosh jurnalistlar maktabi tinglovchisi.